Jamiyat | 22:47 / 29.01.2017
66240
4 daqiqa o‘qiladi

Tug‘uruqxona xizmatlariga norasmiy "stavkalar"ning qo‘yilishi qay darajada to‘g‘ri?

Toshkentda o‘tkazilgan  "2017-2021 yillarda O‘zbekiston Respublikasini rivojlantirishning besh yo‘nalishi bo‘yicha Harakatlar strategiyasi" loyihasiga bag‘ishlangan mediahaftalik o‘z yakuniga yetdi. Mediahaftalikning  to‘rtinchi mavzusi -  "Ijtimoiy sohani rivojlantirishning ustuvor yo‘nalishlari"ga bag‘ishlangan anjumanda Sog‘liqni saqlash sohasida kuzatilayotgan qator kamchiliklar ham muhokama qilindi. 

Shu o‘rinda Kun.uz nashri ham muhokamalarda ishtirok etib, Sog‘liqni saqlash vaziri o‘rinbosari Elmira Bositxonovaga tug‘uruqxonalardagi muammolarga oid savol bilan yuzlandi: 

"Yurtimizda har kuni yuzlab chaqaloqlar dunyoga keladi. Bizga ma'lumki, tug‘uruq jarayoni ikki yo‘l - tabiiy va jarrohlik (kesarcha kesish) usuli orqali amalga oshiriladi. Tug‘uruqxonalarda bo‘lganimizda, shunday voqealarga guvoh bo‘lamizki, ayrim shifokorlar tug‘uruq jarayoni uchun ma'lum bir miqdordagi mablag‘larni talab qilishadi. Qizig‘i shundaki, mazkur norasmiy "stavkalar" barcha tug‘uruqxonalarda bir-biridan farq qiladi... Tug‘uruqxonaga ayollar kutilmagan holatda tashrif buyuradi. Bolaning dunyoga qay yo‘l bilan kelishi onaning ahvoliga qarab ma'lum bo‘ladi. Biroq shunday oilalar borki, jarrohlik amaliyoti talab qilayotgan pulni to‘lashga mutlaqo qurbi yetmaydi. Shunday vaziyatlarda shifokorlarning bemorlardan qonunda belgilanmagan qiymatdagi pulni talab qilishi qanchalik to‘g‘ri? Shuningdek, hamshiralarning bir martalik shprits, qo‘lqop kabi tibbiy anjomlar uchun pul olishga haqi bormi?"

Sog‘liqni saqlash vaziri o‘rinbosari mazkur savolga quyidagicha javob berdi:

"Siz tug‘uruqxonalarimizda kuzatilayotgan og‘riqli masalani o‘rtaga tashladingiz. Bunday vaziyatlarga, albatta, salbiy munosabatdaman. Yuqorida ta'kidlangan holatlarga yo‘l qo‘yish kerak emas. Tug‘uruqxonalarda ma'naviy muhitni o‘zgartirish lozim, bugungi kunda Sog‘liqni saqlash vazirligining oldida turgan asosiy maqsad ham ana shundan iborat. So‘nggi vaqtlarda shifokorlarimizda shakllanib borayotgan "mening daromadim" tushunchasi o‘rniga "bemorlar manfaati"ni birinchi o‘ringa qo‘yish - oldimizda turgan eng katta vazifadir. Bu borada prezidentimiz 5 yanvar kuni o‘z qarorini belgiladi. Ya'ni asosiy mablag‘larni endi qurilishga emas, zarur tibbiy anjomlarga, kerakli dori-darmonlarga, shuningdek, tibbiyot xodimlarining malakasini oshirishga sarflaymiz". 

Shuningdek, Elmira Bositxonova yuqoridagi "poraxo‘rlik" holatidagi vaziyatlarni yuzaga kelishida jamiyatning o‘zi ham bir hisobda aybdor ekanligini alohida ta'kidladi:

"Ayrim hollarda odamlarning o‘zi pul berish holatlarini fikri, xatti-harakatlari orqali avj olishiga sabab bo‘lmoqda. Shunday ekan, bu holatga birgina Vazirlik emas, balki jamoat tashkilotlari, mahalla, insonlarning o‘zi birgalikda chek qo‘yishi lozim", - dedi Sog‘liqni saqlash vaziri o‘rinbosari.

Muhokamalar vaqtida Bositxonova oilaviy shifoxonalar va qishloq vrachlik punktlarida o‘smirlar ginekologi xonasi paydo bo‘lishini ma'lum qildi. 

"Bizda o‘smirlar ginekologiyasi yo‘qolib bormoqda. Ayrimlar uchun tibbiy konsultatsiyaga tashrif buyurish uyatli holat sanaladi yoki noqulaylik tug‘diradi. Shu tufayli, endilikda shifoxonalarda 18 yoshga to‘lmagan qizlar uchun alohida xonalar tashkil qilinishi haqida qaror qabul qilindi".

Mavzuga oid