O‘zbekiston | 07:58 / 19.03.2019
28581
7 daqiqa o‘qiladi

Tuman hokimliklari zaxirasidagi lalmi va yaylov yer uchastkalari bo‘yicha o‘zgarish yuz beradi

Foto: KUN.UZ

O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti “Chorvachilik tarmog‘ini yanada rivojlantirish va qo‘llab-quvvatlash chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi qarorni imzoladi. Hujjat matni O‘zA tomonidan keltirilgan.

Qaror bilan Qoraqalpog‘iston Respublikasi Vazirlar Kengashi, viloyatlar hokimliklari, O‘zbekiston Respublikasi Yer resurslari, geodeziya, kartografiya va davlat kadastri davlat qo‘mitasi hamda Qishloq xo‘jaligi vazirligining tuman hokimliklari zaxirasidagi lalmi va yaylov yer uchastkalarini chorvachilik fermer xo‘jaliklari va boshqa qishloq xo‘jaligi korxonalariga ozuqabop ekinlar yetishtirish, tomchilatib va yomg‘irlatib sug‘orish texnologiyasini joriy qilish majburiyatlari bilan ajratish to‘g‘risidagi takliflari ma'qullandi.

Ajratiladigan lalmi va yaylov yer uchastkalarida tomchilatib va yomg‘irlatib sug‘orish texnologiyasini joriy qilish uchun ozuqabop ekinlar yetishtiruvchilarni davlat tomonidan qo‘llab-quvvatlashning quyidagi tartibi o‘rnatiladi:

ozuqabop ekinlar yetishtiruvchilarga mazkur yer uchastkalarida sug‘orish tik quduqlarini burg‘ilashga har bir metr chuqurligi uchun 100 ming so‘mdan subsidiya beriladi.

Bunda subsidiya xarajatlari 2019 yilda O‘zbekiston fermer, dehqon xo‘jaliklari va tomorqa yer egalari kengashi huzuridagi Fermer, dehqon xo‘jaliklari va tomorqa yer egalarini qo‘llab-quvvatlash jamg‘armasiga O‘zbekiston Respublikasi Bandlik va mehnat munosabatlari vazirligi huzuridagi Jamoat ishlari jamg‘armasidan ajratiladigan mablag‘lar hisobidan, 2020 yildan boshlab esa O‘zbekiston Respublikasi Davlat budjeti va xalqaro moliya institutlari, xorijiy hukumat tashkilotlari va boshqa donorlarning kreditlari (qarzlari) va grantlari hisobidan qoplanadi;

O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi huzuridagi Tadbirkorlik faoliyatini rivojlantirishni qo‘llab-quvvatlash davlat jamg‘armasi mablag‘lari hisobidan ozuqabop ekinlar yetishtiruvchilarga tomchilatib va yomg‘irlatib sug‘orish tizimlarini qurish, rekonstruksiya qilish va ularning butlovchi qismlarini sotib olish uchun 5 yilgacha muddatga ajratiladigan kreditlarning valuta turidan qat'iy nazar bir gektarga ekvivalenti 20 million so‘mdan oshmaydigan qismi bo‘yicha foiz xarajatlari tijorat banklari tomonidan belgilangan foiz stavkasining 50 foizi miqdorida, biroq kredit stavkasining 10 foizlik punktidan oshmagan miqdorda qoplanadi.

Qoraqalpog‘iston Respublikasi Vazirlar Kengashi va viloyatlar hokimliklari O‘zbekiston Respublikasi Davlat geologiya va mineral resurslar qo‘mitasi bilan birgalikda bir oy muddatda ilovaga muvofiq ajratiladigan yer uchastkalarida yer osti suv chiqarish uchun sug‘orish tik quduqlari burg‘ilash joylarini aniqlab, ozuqabop ekinlar yetishtiruvchilarni xabardor qiladi.

Qoraqalpog‘iston Respublikasi Vazirlar Kengashi va viloyatlar hokimliklari ozuqabop ekinlar yetishtiruvchilar tomonidan lalmi va yaylov yerlar o‘zlashtirilgan taqdirda, ularga chorva mollarini saqlash (fermalar), shu jumladan, energiya manbalari uskunalarini o‘rnatish va ularni kelgusida ekspluatatsiya qilish hamda boshqa turdagi infratuzilma obektlarini qurish uchun yer uchastkalarini, istisno tariqasida, to‘g‘ridan-to‘g‘ri tuman hokimlarining qarorlari asosida ajratib berilishini ta'minlaydi.

Qoraqalpog‘iston Respublikasi Vazirlar Kengashi, viloyatlar va tumanlar hokimliklari O‘zbekiston Respublikasi prezidentining 2019 yil 7 martdagi “Hududlarda aholini tadbirkorlikka keng jalb qilish va oilaviy tadbirkorlikni rivojlantirishga doir qo‘shimcha chora-tadbirlar to‘g‘risida”gi PQ–4231–son qarori ijrosini tashkil etish jarayonida “Oilaviy tadbirkorlikni qo‘llab-quvvatlash markazlari”ning tavsiyasiga asosan:

chorvachilik bilan shug‘ullanish istagida bo‘lgan fuqarolarga ozuqabop ekinlar yetishtirish uchun har bir shartli bosh chorva mol uchun 0,5 gektardan tuman hokimliklari zaxirasidagi lalmi va yaylov yer uchastkalarini 2 yil muddatda haqiqiy daromad manbaiga aylantirish sharti bilan doimiy yoki uzoq muddatli ijaraga beradi;

mazkur fuqarolarga ushbu bandda ko‘rsatilgan tartibda ajratilgan yer uchastkalarida tomchilatib va yomg‘irlatib sug‘orish texnologiyasini joriy qilish hamda naslli chorva moli sotib olish uchun “Har bir oila – tadbirkor” dasturi doirasida imtiyozli kreditlar ajratilishida amaliy yordam ko‘rsatadi.

O‘zbekiston Respublikasi Qishloq xo‘jaligi vazirligi, Iqtisodiyot va sanoat vazirligi, Moliya vazirligi hamda Davlat veterinariya qo‘mitasining sun'iy urug‘lantirish bo‘yicha mavjud tizimni saqlagan holda Qishloq xo‘jaligi vazirligi tarkibidagi “OʻZNASLCHILIK” davlat korxonasi tomonidan eksperiment tariqasida 2019 yilda Qashqadaryo, Toshkent va Xorazm viloyatlaridagi barcha toifa xo‘jaliklarda naslchilik, shu jumladan, sun'iy urug‘lantirish va servis xizmatlari ko‘rsatishni tashkil etish to‘g‘risidagi takliflari ma'qullandi.

Toshkent viloyati hokimligi bir oy muddatda Qibray tumani, “Shalola” MFY hududidan Chorvachilik va parrandachilik ilmiy-tadqiqot institutiga ozuqabop ekinlarning superelita va elita urug‘larini yetishtirish uchun 30 gektar sug‘oriladigan yer ajratilishini ta'minlaydi.

Quyidagilar 2022 yil 1 yanvarga qadar:

ozuqabop ekinlar yetishtiruvchilar, shuningdek, tomchilatib va yomg‘irlatib sug‘orish tizimlari va ularning butlovchi qismlarini ishlab chiqaruvchilar tomonidan olib kiriladigan, tomchilatib va yomg‘irlatib sug‘orish texnologiyasini joriy etish uchun zarur bo‘lgan butlovchi qismlar va xomashyolar ro‘yxatga muvofiq bojxona to‘lovlarini to‘lashdan (qo‘shilgan qiymat solig‘i va bojxona rasmiylashtiruvi uchun yig‘imlardan tashqari) ozod etiladi;

asalarichilik sub'yektlari asalari oilalarini “vaqtincha olib chiqish” bojxona rejimida qo‘shni mamlakatlarga ko‘chirib chiqarishi natijasida yig‘ib olgan tabiiy asalni (TIF TN kodi 0409 00 000 0) respublika hududiga olib kirishda bojxona to‘lovlarini to‘lashdan (bojxona rasmiylashtiruvi uchun yig‘imlardan tashqari) ozod etiladi.

Bunda imtiyoz bitta asalari oilasi bo‘yicha olib kirilayotgan tabiiy asalning 50 kilogrammdan oshmagan qismiga nisbatan qo‘llaniladi.

Mavzuga oid