O‘zbekiston | 18:47 / 15.10.2025
5308
2 daqiqa o‘qiladi

Adliya vazirligi dorixonalarga majburiy to‘lov haqidagi hujjatni bekor qilishni talab qildi

Kun.uz surishtiruvi e’lon qilinishi ortidan, Adliya vazirligi GPP sertifikati uchun majburiy to‘lov belgilash haqidagi idoraviy hujjatni noqonuniy deb topib, uni bekor qilish va ijrodan chaqirib olish yuzasidan Farmatsevtika agentligiga taqdimnoma kiritdi. Buyruq tadbirkorlarning huquq va manfaatlariga daxldor bo‘lsa-da, u davlat ro‘yxatidan o‘tkazilmagan.

Foto: Kun.uz

O‘zbekistonda dorixonalar uchun joriy etilgan majburiy GPP sertifikati uchun to‘lovlarni ko‘zda tutuvchi hujjat bekor qilinishi mumkin. Kun.uz surishtiruvi e’lon qilingach, Adliya vazirligi bu borada Farmatsevtika tarmog‘ini rivojlantirish agentligiga taqdimnoma kiritdi.

Gap Farmatsevtika tarmog‘ini rivojlantirish agentligi direktorining 2024 yil 8 maydagi 35-sonli buyrug‘i haqida ketmoqda.

Kun.uz'ga berilgan hujjatga ko‘ra, vazirlik buyruqni o‘rganib chiqqanda unda fuqarolarning (tadbirkorlik sub’yektlarining) huquq va erkinliklari hamda qonuniy manfaatlariga daxl qiluvchi normalar mavjudligi, shuningdek, mazkur hujjat Adliya vazirligining davlat ro‘yxatidan o‘tkazilmagani aniqlangan.

“Normativ-huquqiy hujjatlar to‘g‘risida”gi qonunga muvofiq, normativ-huquqiy hujjat loyihalari Adliya vazirligi tomonidan huquqiy ekspertizadan o‘tkazilish hamda idoraviy normativ-huquqiy hujjatlar davlat ro‘yxatiga kiritilishi kerak. Umummajburiy tusga ega yuqoridagi 35-sonli buyruq ham shular qatoriga kiradi.

Shu bois, 13 oktyabr kuni adliya vazirining birinchi o‘rinbosari Mahmud Istamov imzolagan hujjat bilan, buyruqni bekor qilish va ijrodan chaqirib olish bo‘yicha Farmagentlikka taqdimnoma kiritilgan.

Ammo hujjatda GPP sertifikatini olib bo‘lgan tadbirkorlarning vaziyatiga oydinlik kiritilmagan. Ya’ni endi ularga to‘lagan summasi qaytarib beriladimi yoki yo‘q, noma’lum. Qolaversa, bu buyruq bekor qilinsa, keyingi kartina qanday bo‘lishi ham aniq emas. Bir guruh dorixona egalari Kun.uzʼga bundan xavotirda ekanliklarini aytishmoqda.

Eslatib o‘tamiz, GPP sertifikati bilan bog‘liq majburiy to‘lov miqdorining yuqoriligi dorixonachilar e’tiroziga sabab bo‘lmoqda. Bu boradagi vaziyat sharhi bilan Kun.uz surishtiruvida tanishishingiz mumkin.

Mavzuga oid