O‘zbekiston | 18:42 / 28.08.2020
61163
5 daqiqa o‘qiladi

Maktablar ochilishi qanday oqibatlarga olib kelishi mumkin?

Murakkab qarorlarni qabul qilishda doimo ustuvorliklar aniqlab olinadi. Ya'ni ayni shu tobda nima eng muhimligi belgilanadi. Duchor bo‘lib turganimiz – pandemiya kabi mas'uliyatli davr esa ustuvorliklarni to‘g‘ri belgilashni yana ham qattiqroq taqozo etadi.

Foto: Xalq ta'limi vazirligi axborot xizmati

15 sentyabrdan maktablarning ochilishi qanday oqibatlarga olib kelishi mumkinligi haqida biroz mantiqiy mulohaza qilamiz. Zero, to‘laqonli xulosa qilish holatning ilmiy tadqiqini, bu esa, o‘z navbatida, bir qancha spetsifik statistik ma'lumotlar tahlilini talab qiladi. Statistik ma'lumotlar esa hozirda birmuncha mavhum ko‘rinish kasb etib turibdi. To‘g‘rirog‘i, ko‘plab zarur va muhim ma'lumotlarning o‘zi yo‘q.

Xo‘sh, maktablar faoliyatini ayni damda tiklash qanday xavflar bilan yo‘g‘rilgan va bu ehtimoliy xavflarga peshvoz chiqish o‘zini oqlaydimi?

Yosh avlod uchun maktablarning ochilishi yaxshi, albatta: bolalar o‘zlari o‘rganib qolgan muhitga qaytadilar, bu ularning psixologik holatiga yaxshi ta'sir etadi, ta'lim jarayoni esa o‘zining mumtoz ko‘rinishini oladi. Biroq...

Shubha yo‘qki, hali jilovlanmagan pandemiya yashab qolishga urinadi. Zero, har qanday virusning kodida o‘zi asosan shu ma'lumot joylangan – «nasl»ni davom etish uchun yangi qo‘nim joy (bizning holatda bu inson organizmi) topish va joylashish.

Maktablarning ayni damda ochilishi pandemiyaning o‘sha – yashab qolish «maqsadiga» qo‘l kelishi mumkin. Chunki maktabning asosiy «qahramon»lari bo‘lmish bolalar kattalarga nisbatan masofa saqlash va boshqa ehtiyot choralariga amal qilishi qiyin bo‘lgan guruh.

Mas'ullar aytayotganidek, tajriba sifatida maktablarni ochish, natija salbiy bo‘lsa, yana yopishning qiymatini baholashga urinib ko‘ramiz.

1. Tajriba salbiy natija bergudek bo‘lsa, ya'ni faoliyati tiklangan maktablarda COVID-19 tarqala boshlasa, buni o‘z vaqtida qayd etishning o‘zi muammoli masalaga aylanadi. Zero, tibbiyot sohasida yuzaga kelib turgan vaziyatni ko‘plab o‘rinlarda «tartibsizlik» deb bemalol atashimiz mumkin – bunaqa holatda na ertangi kunni prognoz qilish, na vaziyatga operativ ravishda reaksiya ko‘rsatish mumkin. Qolaversa, mamlakatning turli hududlarida vaziyat turlicha, ba'zi joylardagi holatga esa aslo havas qilib bo‘lmaydi. Rivojlangan davlatlardan uzoq holatimiz.

2. Maktablar COVID-19ni tarqatuvchi obektlar safini to‘ldirishi virusni yuqtirgan bolalarning o‘z oilalariga qaytishini, tabiiyki, oila a'zolari bilan yaqin kontakt qilishini taqozo qiladi. Bu esa ayniqsa keksa kishilarni xavf ostiga qo‘yadi.

3. Oldinda qish mavsumi – o‘tkir respirator kasalliklar ko‘payishi uchun qulay, pandemik holatni yanada og‘irlashtirishi ehtimoli yuqori palla.

4. Yuqoridagi nuqtalarni hisobga oladigan bo‘lsak, tajriba salbiy natija bergudek bo‘lsa, vaziyatni avvalgi holiga qaytarish ko‘plab qiyinchiliklar bilan, gap o‘lim holatlariga olib borayotgan pandemiya haqida ketayotganini hisobga olsak, ko‘plab qurbonlar bilan bog‘liq bo‘lishi mumkin.

Karantin rejimini yumshatish qarori mamlakat iqtisodiyoti bilan, ya'ni uning tang ahvolga kelishini oldini olish bilan, masala mikromiqyosda olganda oilalarning iqtisodiy holati batamom kritik holatga kelib qolishini oldini olish bilan bog‘liq. Buni hammamiz tushunib turibmiz va karantin rejimi yengillashtirilishini yoqlaymiz. Biroq maktablar faoliyatini tiklash masalasida bunday kuchli sabablar, fikrimizcha, mavjud emas.

Joylarda pandemik holat shundoq ham yaxshi emas. COVID-19 va atipik pnevmoniyani o‘zida jamlamagan rasmiy statistika esa ko‘plab savollarni tug‘dirib, asl pandemik holatni aks etmayotgani oydinlashib qoldi. Shunday holatda, maktablar faliyatini tiklash masalasida yetti emas, yetmish marta o‘ylab, holat yomonlashmasligi uchun barcha choralarni ko‘rib, keyin qaror qabul qilinishi kerak. Zero, masala insonlar hayoti bilan bog‘liq.

Shokir Sharipov

Mavzuga oid