Qoʻshimcha funksionallar
-
Tungi ko‘rinish
Odamlarning kundalik ishi tushadigan joylarda «korrupsiyaviy tuynuklar» yo‘qolmagani qayd etildi
Prezident Shavkat Mirziyoyev 29 iyul kuni maishiy korrupsiyaga qarshi kurashish va uning oldini olish chora-tadbirlari bo‘yicha taqdimot bilan tanishdi.
Taqdimotda qayd qilinishicha, 5 mart kuni Korrupsiyaga qarshi kurashish milliy kengashi yig‘ilishida bu illatga barham berish vazifasi qo‘yilgan edi. Shu maqsadda, prezidentning 21 apreldagi farmoni bilan, Bosh prokuraturada korrupsiya omillarini tahlil qilish bo‘limi tashkil qilindi.
Prokuratura tizimidagi Huquqni muhofaza qilish akademiyasi va ilmiy-tadqiqot markazida 200 dan ortiq mutaxassis ilm va tahlil bilan shug‘ullanayapti. Umuman, huquq-tartibot idoralarida 100 mingdan ziyod xodim korrupsiyaning oldini olish bo‘yicha ishlayapti.
Ta’kidlanishicha, ko‘p hollarda bu illatning sabablari chetda qolib, oqibati bilan kurashilayapti. Korrupsiyaga yo‘l qo‘ymaydigan preventiv choralar hali yetarli emas. Har kuni odamlarning ishi tushadigan hokimlik, kadastr, bank va soliq idoralarida byurokratiya, «korrupsiyaviy tuynuklar» to‘liq yo‘qolgani yo‘q.

Taqdimotda shu boradagi qo‘shimcha chora-tadbirlar muhokama qilindi. O‘zbekistonda 43 ta nazorat idorasi bor. Hamma vazirliklarda komplayens nazorat bo‘limlari tashkil etilgan. Avvalo, ularning samaradorligini oshirish vazifasi qo‘yildi. Vazirlik va idoralar huzuridagi inspeksiyalarning bu boradagi faoliyatiga ham tanqidiy munosabat bildirildi.
Prezident korrupsiyaning faqat kamaygani emas, qanchasining oldi olinganiga qarab davlat idoralari faoliyatini baholash kerakligini ta’kidladi.
Ta’kidlanishicha, yer ajratish bo‘yicha shaffof tizim joriy qilingan bo‘lsa-da, joylarda bu borada noqonuniy xatti-harakatlar haligacha uchrab turibdi. Shu bois kadastr, «O‘zbekkosmos», qurilish va boshqa tegishli tashkilotlar ma’lumotlarini tahlil qilib, bunday holatlarga butunlay chek qo‘yish shartligi ko‘rsatib o‘tildi.

Prokuratura tizimini to‘liq raqamlashtirish va barcha sohalar ustidan «raqamli nazorat» o‘rnatish zarurligi ta’kidlandi.
Korrupsiyaga qarshi kurashish milliy kengashi yig‘ilishida parlamentning mas’ul qo‘mitalariga mahallagacha tushib, korrupsion holatlarning kelib chiqish sabablarini o‘rganish, davlat xaridlarida to‘g‘ridan-to‘g‘ri shartnomalarni kamaytirish, yoshlar o‘rtasida korrupsiyaga murosasizlik muhitini shakllantirish kabi dolzarb masalalarda tavsiyalar berilgan edi. Taqdimotda bunga mas’ullar bajarilgan ishlar to‘g‘risida axborot berdi.
Mavzuga oid
18:14 / 30.11.2025
Netanyahu Isroil prezidentidan korrupsiya ishi bo‘yicha afv so‘radi
20:41 / 28.11.2025
Ukraina prezidenti ofisi rahbari Andrey Yermak korrupsiya mojarosi ortidan iste’foga chiqdi
22:12 / 27.11.2025
Rossiyada korrupsionerlarning qarindoshlaridan yagona uyini musodara qilishga ruxsat berildi
20:27 / 26.11.2025