O‘zbekiston | 12:46 / 03.11.2016
37099
2 daqiqa o‘qiladi

O‘zbekiston va Rossiya mehnat migratsiyasi masalalarini muhokama qiladi

O‘zbekiston Mehnat vazirligi delegatsiyasi Rossiyaga tashrif buyurdi. Tashrifdan maqsad ikki mamlakatning mehnat migratsiyasi sohasidagi hamkorligini yanada yuqori va sifatli darajaga olib chiqish hisoblanadi. Bu haqda Mehnat vazirligining Tashqi mehnat migratsiyasi masalalari agentligi axborot xizmati «Kun.uz»ga xabar berdi.

Tashrif Vazirlar Mahkamasining 2017 yilga mo‘ljallangan aholi bandligi dasturi to‘g‘risidagi qaroriga muvofiq tarzda Tashqi mehnat migratsiyasi agentligining Rossiya ish beruvchilari bilan bevosita aloqalarini o‘rnatish va olib borilayotgan ishlarni faollashtirish maqsadida uyushtirildi.

«Hamkorlikning yuqori va sifatli darajasi fuqarolarimizni Tashqi mehnat masalalari agentligi tarmog‘i bo‘yicha Rossiya Federatsiyasi hududida tsivilizatsion tarzda ishga joylashtirish kabi masalalarni hal etishni ko‘zda tutadi», — deyiladi xabarda.

Agentlik bilan hamkorlikda ishga joylashish O‘zbekiston fuqarolarining Rossiya hududidagi huquq va manfaatlari himoya qilinishi, ijtimoiy-maishiy sharoitlar yaratilishini ta'minlaydi va kafolatlaydi. Mustahkam choralar qatorida mehnat migrantlari yuzaga kelgan masalalar bo‘yicha zudlik bilan javob olishi mumkin bo‘lgan aloqa kanallarini tashkil etish ham rejalashtirilgan.

O‘zbekistonlik mehnat migrantlari Rossiyada ko‘p duch keladigan muammolardan biri Rossiya Federatsiyasi hududlarida ma'muriy organlar bilan to‘g‘ridan-to‘g‘ri aloqalarni o‘rnatish hisoblanadi. Tashrif chog‘ida Moskva, Sankt-Peterburg, Krasnoyarsk, Kemerovo va Astraxan kabi shaharlarda Rossiya ish beruvchilari bilan ishchi muzokaralarni olib borish belgilangan.

Mavzuga oid