O‘zbekiston | 10:50 / 27.02.2026
7160
10 daqiqa o‘qiladi

«Atigi o‘nta minimalka» haqida maqtangan qoidabuzar ham uzr so‘radi

Tanishlari tufayli 15 sutkaga qamalmasdan, «kichik miqdordagi jarima» bilan qutulib ketganini aytib maqtangan Asadbek Jumayev Uzbelas Performance nomli tyuning kompaniyasi ishchisi bo‘lib, intervyuda shunchaki piar qilganini tan olgan.

Foto: Videodan kadr

O‘zbekiston Ichki ishlar vazirligi 25 fevral kuni kechqurun Toshkentda BMW M4 (raqami 010210OC) avtomobili yo‘l-patrul xizmati xodimini urib ketgani yuzasidan reportaj e’lon qildi

Rulda haydovchilik guvohnomasiga ega bo‘lmagan 16 yoshli Doniyor bo‘lgan. 

IIBB reportajida Doniyorning tanishi, Uzbelas Performance avtoservisi xodimi Jumayev Asadbek Anvar o‘g‘li haqida ham so‘z boradi. U yanvar oyida ikkita BMW mashinasi YPX xodimlarining buyrug‘iga bo‘ysunmasdan ketib qolgan voqeaning ishtirokchisi bo‘lib, avvalroq bu qilmishi uchun «kichkina jarima» bilan qutulib ketganini aytib maqtangan edi.

«Noto‘g‘ri ish qilganmiz. Intervyu qo‘ygan odamning montajini tekshiribgina qo‘yishimiz kerak edi. Lekin shu narsa o‘tib ketib qoldi. BMW X5 va X7 avtomobillari vaziyatiga kelsak, men o‘sha momentning videosini qo‘yganman: mana shu mashinalar bizning tyuning atelemizdan chiqib, shaharda bo‘ysunmaslik va “izdevatelstvo” qilgandan keyin, shu narsani targ‘ib qilgan holda videoni o‘zimning ijtimoiy tarmoqlarimga joylaganman va menga 201-1-modda bo‘yicha 60 ta minimalka yozib berishgan. Intervyuda “bizga bor-yo‘g‘i 10 ta minimalka qilib berishgan” deganim – bor-yo‘g‘i maqtanchoqlik va piar orqasidan kelib chiqib aytilgan.

Intervyudan olingan so‘zlar kontekstdan yulib olingani uchun bu narsa targ‘ibga o‘xshab chiqdi oxirida. Biz bu narsani umuman targ‘ib uchun qilmagandik. O‘sha narsaga yengil qaraganimiz uchun hozir shu narsaning aziyatini chekyapmiz. Har qanday noto‘g‘ri xabar tarqatganlik uchun o‘zining jazosi bor ekan. O‘sha GAI xodimining o‘rnida bizning otalarimiz bo‘lishi mumkin edi. Hammadan uzr so‘raymiz», – degan Jumayev.

Ichki ishlar vazirligi reportajida «jamiyat xavfsizligiga tahdid soluvchi har qanday axborotni tarqatganlik uchun jazo muqarrar» ekani aytilgan. Aynan qanaqa jazo berilgani ochiqlanmagan.

Ma’lumot uchun, MJtKning 202-2-moddasiga asosan, jamoat tartibiga yoki xavfsizligiga tahdid soluvchi yolg‘on axborotni tarqatish – BHMning 50 baravaridan 100 baravarigacha jarimaga sabab bo‘ladi.

MJtKning 201-1-moddasiga asosan esa, qonunchilik hujjatlarini bajarmaslikka yoki buzishga omma oldida da’vat qilish – BHMning 60 baravaridan 80 baravarigacha jarima bilan jazolanadi.

Yanvardagi voqea

2026 yil yanvar oyi boshida Toshkent shahri Shahrisabz ko‘chasida ikkita BMW avtomobili YPX xodimlarining to‘xtash ishorasiga bo‘ysunmasdan harakatlangani aks etgan video tarqalgan edi. Ikkala mashinada ham davlat raqam belgisi bo‘lmagan, ikkala mashinaga ham qo‘shimcha jihozlar o‘rnatilgan. Ulardan biri tezlikda o‘tib ketgan, ikkinchisi esa sekinlashib, so‘ngra xodimlarga bo‘ysunmay harakatni davom ettirgan.

O‘shanda Yo‘l harakati xavfsizligi xizmati Kun.uz'ga bergan izohida BMW'lardan biri topilib, jarimaga maydonchasiga joylashtirilgani, ikkinchi avtomobil esa qidiruvda ekanini ma’lum qilgandi.

O‘sha voqea ishtirokchilaridan biri – Uzbelas Performance avtoservisi xodimi Asadbek Jumayev bo‘lgan. U bloger Malik Muhamedovga bergan intervyusida o‘sha qoidabuzarligiga izoh berib, bunday qilmish uchun boshqa odam 15 sutkaga qamalishi mumkinligi, u esa «kichkina jarima» – 10 BHM (4 mln 120 ming so‘m) bilan qutulib ketganini aytib maqtangandi.

Jamoatchilik reaksiyasi

25 fevral kungi YTHdan keyin bu intervyudan parcha internetda keng tarqaldi va jamoatchilik faollari bunday qoidabuzarliklarga nisbatan jim qarab turmaslikka chaqira boshladi.

Xususan, AQShning Harvard universiteti professori, iqtisodchi Botir Qobilov davlat bunday va istalgan turdagi jinoyatchilarni televizorga olib chiqib, uzr so‘ratish amaliyotlaridan butunlay voz kechish kerakligi haqida yozdi:

Davlat bunday va istalgan turdagi jinoyatchilarni televizorga olib chiqib, uzr so‘ratish, uyaltirish, xalqimdan, qo‘shnimdan kechirim so‘rayman deyish amaliyotlaridan butunlay voz kechish kerak. Qoida buzsam, odam o‘ldirsam, qizlarni zo‘rlashga harakat qilsam yoki 15 sutkada dam olib chiqaman, yoki arzimagan choychaqa to‘lab, yoki amakimni tanishi orqali qilmishimdan pushaymon yedim deb qutulib qolar ekanman deb, o‘ylashga imkoniyat ham berish kerak emas.

Qonunning ishlashi, jazoning qonun doirasida mutlaqo muqarrarligini bular tanasida, ongida, ko‘zida va qulog‘i bilan bilishi kerak. Qonun-qoidani buzdimi – qonunda yozilgan jazo. Yozilmagan bo‘lsa, demak, qonun takomillashishi kerak. Bekorga Oliy Majlis, parlament degan joy bor emas-ku.

Ayollarga jinsiy tajovuz qilsa-da, “lekin zo‘rlamadim-ku” deb 3-4 kun o‘tirib chiqsa; ko‘chada o‘yin qilib tez yurib inspektorlarni, maktab bolalarini urib ketsa, avtomobilni qurol sifatida ishlatib insonlar hayotini xavf ostiga qo‘ysa va keyin hech narsa bo‘lmagandek kichkina shtraf bilan qutulib qolsa unda biz oynaga boqib nimalar qilyapmiz o‘zi deb savol berishimiz kerak.

Jurnalist Muhrim A’zamxo‘jayev ham holat yuzasidan telegram-kanalida seriyali postlar yozib qoldirdi:

Davlatimiz o‘libdi – bitta ochiq-oydin qoidabuzar jamoatchilik oldiga bemalol chiqib, uyalmay, tortinmay, “mening 100 ta tanishim borligi uchun yengilroq jazo oldim”, deb qo‘rqmay, bexijolat aytib turgan bo‘lsa.

Qilgan ishimdan faxrlanaman, deb turibdi-ye, tavba. Bir mamlakatda bir odam ko‘plab qoidalarni qo‘pol ravishda buzib, shundan keyin ham tavbasiga tayanmay, qilgan ishimdan faxrlanaman, deb tursa... davlat o‘libdi. Qonun yo‘q, bo‘lsa ham ishlamaydigan davlat – o‘libdi.

Bu davlat lekin Alisher Navoiyning haykaliga gapirganni, Amir Temurning haykaliga savol berganlarni qamaydi. Kimningdir klipi yoqmasa, qonun yo‘li bilan “zapret” qiladi, yillab. Qonun yo‘li bilan senzura ham qiladi. Lekin moshinaparast ashaddiyga kelganda, shundoq ham yumshoq qonunlarini to‘liq ishlata olmaydi. Uyatsizlar!

Milliy ekologiya va iqlim o‘zgarishi qo‘mitasi raisi maslahatchisi Rasul Kusherbayev qonun hamma uchun teng bo‘lmasa, tanish-bilish omil bo‘lsa, adolatga ishonch yemirilishini bildirdi.

Agar qoidabuzar ochiqchasiga “mening 100 ta tanishim bor, shuning uchun yengilroq jazo oldim” deb bemalol aytayotgan bo‘lsa — bu oddiy holat emas! Qonunni qo‘pol ravishda buzgan inson afsuslanish o‘rniga, qilgan ishidan faxrlanayotgani — jamiyatda jazo muqarrarligiga ishonch susayganini anglatadi. Qonun hamma uchun teng bo‘lmasa, “tanish-bilish” omil bo‘lsa, adolatga ishonch yemiriladi. Eng xavflisi — qoidabuzarlik namuna sifatida ko‘rila boshlaydi. Adolat — shunchaki so‘z emas. U amal qilgandagina qiymatli.

Bosh prokuratura matbuot xizmati rahbari Hayot Shamsutdinov esa o‘zining telegram-kanalida so‘nggi vaqtlarda Toshkent shahrida ayrim avto va mototransport vositalarini belgilangan tezlikdan sezilarli darajada oshirgan holda boshqarayotgani yoki o‘zaro poyga uyushtirishayotgani holatlariga guvoh bo‘layotgani haqida yozdi:

Bu kabi holatlar yuqori darajada shovqin keltirib chiqarishga hamda yo‘l harakati ishtirokchilari xavfsizligiga tahdid solishga sabab bo‘lmoqda. Bunday harakatlar tungi vaqtda jamoat tartibi va fuqarolar osoyishtaligini buzadi, shuningdek, insonlar hayoti va sog‘lig‘i uchun real xavf tug‘diradi.

Tegishli xizmatlar tomonidan mazkur huquqbuzarliklarni oldini olish, aniqlash va bartaraf etish bo‘yicha zarur choralar ko‘rilmoqda. Fuqarolarni qonunchilik talablariga, yo‘l harakati qoidalariga qat’iy rioya qilishga hamda aholi osoyishtaligini hurmat qilishga chaqiramiz.

Bunday huquqbuzarlik holatlari yuzasidan belgilangan tartibda vakolatli organlarga xabar berishingizni so‘raymiz.

Bu voqealar fonida Adliya vazirligi noqonuniy poygalarni tashkil etganlik va unda ishtirok etganlik uchun ma’muriy va jinoiy javobgarlik choralarini nazarda tutuvchi qonun loyihasi ishlab chiqilgani haqida xabar berdi. Mazkur qonun loyihasi joriy yilning 17 fevral kuni manfaatdor vazirlik va idoralarga kelishishga chiqarilgan bo‘lib, belgilangan tartibda kelishilganidan so‘ng, jamoatchilik muhokamasiga qo‘yiladi.

Азиз Қаршиев
Tayyorlagan Азиз Қаршиев
Kun.uz yangiliklarini Google News'da kuzating
+ Obuna bo'lish

Mavzuga oid