O‘zbekiston | 15:40 / 03.09.2025
13751
3 daqiqa o‘qiladi

Tanqiddan so‘ng: TIV o‘zbek muhojirini haqoratlagan rus millatchisiga chora ko‘rishni so‘radi

O‘zbekiston Tashqi ishlar vazirligi Moskvada ishlayotgan o‘zbek muhojirini “ruslarning quli” deb atagan rossiyalikni aniqlash va unga nisbatan chora ko‘rishni so‘rab, nota yubordi. Ayni paytda vazirlik bu millatchini “nomaqbul shaxs” deb e’lon qilib, uning O‘zbekistonga kirishini taqiqlashga shoshilmayapti.

Videodan kadr

O‘zbekiston Tashqi ishlar vazirligi Rossiya TIVga nota yuborib, muhokamalarga sabab bo‘lgan videodagi shaxsni topish va chora ko‘rishni so‘radi. Bu haqda vazirlik matbuot kotibi Ahror Burhonov ma’lum qildi.

Avgust oyida internetda rossiyalik erkak o‘zbekistonlik muhojirni “sen qulsan, ruslarning qulisan” deya haqoratlagani aks etgan video tarqalgan edi. O‘shanda TIV bu holatni tilga olmagan holda, O‘zbekiston fuqarolari dunyoning istalgan nuqtasida davlat himoyasida ekanini aytib bayonot berish bilan cheklangan edi.

Kun.uz 31 avgust kuni e’lon qilgan hafta dayjestida rossiyalik millatchining haqorati javobsiz qolganiga e’tibor qaratdi. Materialda TIV bu shaxsning jazolanishi uchun harakat qilmayotgani, o‘tgan yili qabul qilingan qonunni qo‘llagan holda uning O‘zbekistonga kirishiga taqiq joriy etmayotgani aytilgandi.

“Agar teskarisi bo‘lganida, ya’ni biror bir Rossiya fuqarosi Toshkentda xuddi shunaqa haqoratga uchraganida, Moskvadan qanaqa reaksiya bo‘lishini ko‘pchilik yaxshi tasavvur qiladi”, – deya yozgandi Kun.uz.

Shundan keyin, 2 sentabr kuni TIV matbuot xizmati rahbari Ahror Burhonov vazirlikning avgust oyidagi faoliyati yuzasidan bergan axboroti so‘ngida bu masalaga ham to‘xtalib o‘tdi.

“Tashqi ishlar vazirligi ijtimoiy tarmoqlar va ommaviy axborot vositalarida tarqalayotgan ma’lumotlarni muntazam ravishda kuzatib boradi hamda aniqlangan holatlar yuzasidan tegishli choralar ko‘rish maqsadida xorijiy mamlakatlarning vakolatli idoralari bilan yaqin hamkorlik qiladi.

Xususan, avgust oyida keng muhokamalarga sabab bo‘lgan holat yuzasidan ham surishtiruv ishlari olib borilmoqda. Shu munosabat bilan Rossiya Tashqi ishlar vazirligiga mazkur videodagi shaxsni aniqlash va unga nisbatan qonuniy choralar ko‘rish maqsadida rasmiy nota yuborildi.

Hurmatli vatandoshlar, sizlarga yana bir eslatib o‘tamiz: O‘zbekiston fuqarolari dunyoning qaysi nuqtasida bo‘lishidan qat’i nazar, davlatimiz himoyasida hisoblanadi. Agar huquq va erkinliklaringiz, qonuniy manfaatlaringiz yoki sha’ningiz xorijda buzilsa, darhol o‘sha mamlakatning vakolatli huquqni muhofaza qiluvchi organlariga, shuningdek, O‘zbekistonning diplomatik vakolatxonalari yoki konsullik muassasalariga murojaat qilishingizni so‘raymiz”, – deyiladi TIV bayonotida.

Mavzuga oid