O‘zbekiston | 02:21 / 28.02.2018
7998
6 daqiqa o‘qiladi

O‘zbekiston ilk marta BMTning Inson huquqlari bo‘yicha kengashiga a'zo bo‘lmoqchi

Foto: Adliya vazirligi

2018 yil 26 fevral kuni Jyenevada Inson huquqlari umumjahon deklaratsiyasi qabul qilinganining 70 yilligini nishonlash doirasida tashkil etilgan BMTning Inson huquqlari bo‘yicha kengashi 37-sessiyasi ish boshladi.

Inson huquqlarini ta'minlash va himoya qilishning dolzarb masalalari muhokama qilinayotgan sessiyaning oliy darajadagi Segmentida 180 dan ziyod mamlakatdan 3 mingdan ortiq vakil, jumladan, davlat va hukumat, vazirliklar, shuningdek, qator xalqaro tashkilotlar rahbarlari ishtirok etmoqda.

Yig‘ilishning ochilish marosimida BMT Bosh kotibi Antoniu Guterrish, Inson huquqlari bo‘yicha Oliy komissar Zeyd Raad al Husayn va BMT Bosh Assambleyasi 72-sessiyasi raisi Miroslav Laychak so‘zga chiqishib, butun dunyoda inson huquqlariga rioya qilish va ushbu sohada hamkorlikni rivojlantirish zarurligini qayd etishdi.

Adliya vazirligi Axborot xizmatining ma'lum qilishicha, ushbu tadbirda O‘zbekiston nomidan Adliya vaziri Ruslanbek Davletov, Inson huquqlari bo‘yicha milliy markaz direktori Akmal Saidov, Tashqi ishlar vazirligi va mamlakatimizning Jyenevadagi doimiy vakolatxonasi xodimlari ishtirok etmoqda.

Oliy darajadagi Segmentda ishtirok etar ekan, Adliya vaziri R.Davletov tadbir ishtirokchilarini O‘zbekistonda fuqarolarning asosiy huquq va erkinliklarini ta'minlash bo‘yicha amalga oshirilayotgan islohotlar, O‘zbekistonning ushbu sohada BMT bilan hamkorligining joriy holati va istiqbollari, shuningdek, 2017-2021 yillarga mo‘ljallangan Harakatlar strategiyasining amalga oshirilishi bilan tanishtirdi. Xususan, xalqaro auditoriyaga O‘zbekistonning xalq bilan muloqotni rivojlantirish, mamlakatimizning turli burchaklarida faoliyat yurituvchi Xalq qabulxonalari orqali ularning shikoyat va murojaatlarini ko‘rib chiqish, shuningdek, joylarda dolzarb ijtimoiy-iqtisodiy muammolarni kompleks ravishda hal etish bo‘yicha o‘ziga xos tajribasi yetkazildi.

Foto: Adliya vazirligi 

Jinoyatchilikka qarshi kurashishning butunlay yangicha, eng avvalo, jinoyatchilikning oldini olish va uni erta aniqlashga yo‘naltirilgan tizimini joriy etish masalasi alohida ta'kidlandi. Sud-huquq sohasi va jinoyatni fosh etish tizimidagi islohotlar, xususan, Sudyalar oliy kengashining ta'sis etilgani, yangi iqtisodiy va ma'muriy sudlarning tuzilgani, yurtimizda ilk bor joriy etilgan fuqarolarni afv etish, jinoyatchilikda noqonuniy dalil turlarini qabul qilish, ayniqsa jismoniy kuch ishlatish va boshqa zo‘ravonlik turlarini qo‘llashga yo‘l qo‘ymaslik bo‘yicha talablarning amalga oshirilishiga doir dastlabki natijalar taqdim etildi.

Iqtisodiyotni keng ko‘lamli liberallashtirish va davlatimizning yangicha bo‘lgan ochiq moliyaviy, savdo, soliq va investitsiyaviy siyosatini joriy etish masalasi ishtirokchilar e'tiborini jalb etdi.

Shuningdek, mamlakatimizda inson huquqlari himoyasini ta'minlash sifatini yanada yaxshilash, O‘zbekistonning sohaga oid xalqaro hamkorligini faollashtirish borasida olib borilayotgan izchil ishlar, xalqaro tashkilotlarning respublikamizda amalga oshirilayotgan islohotlarga bergan ijobiy bahosini hisobga olgan holda, yuksak darajali Segment yig‘ilishi doirasida O‘zbekiston 2021-2023-yillar mobaynida Inson huquqlari bo‘yicha kengash a'zosi sifatida saylanish istagini ilk bor bildirdi.  

O‘zbekiston delegatsiyasi tomonidan taqdim etilgan ma'lumotlar, jumladan, 2018 yilning noyabr oyida Samarqandda bo‘lib o‘tadigan Inson huquqlari bo‘yicha Osiyo forumi yuksak darajali Segment uchrashuvi ishtirokchilarida katta qiziqish uyg‘otdi.

Foto: Adliya vazirligi 

Ma'lumot o‘rnida: 2006 yil 15 martda BMTning Inson huquqlari bo‘yicha kengashi tashkil etilgan.

BMTning Inson huquqlari bo‘yicha kengashi aksariyat ko‘pchilik ovozi bilan yashirin ovoz berish yo‘li orqali 3 yil muddatga saylanadigan 47 davlatdan tashkil topgan.

Kengash BMT Bosh Assambleyasi organi mavqeida Jyeneva shahrida joylashgan. BMTning Inson huquqlari bo‘yicha Oliy Komissar boshqarmasi kotibiyati sifatida xizmat qiladi.

BMTning Inson huquqlari bo‘yicha kengashi shaxsiy, siyosiy, iqtisodiy, ijtimoiy va madaniy huquqlar hamda rivojlanishga bo‘lgan huquqlarga teng e'tibor qaratadi.

Kengash inson huquqlari bilan bog‘liq masalalarni muhokama etish forumi sifatida faoliyat yuritadi. Inson huquqlari sohasidagi majburiyatlarning bajarilishi bo‘yicha davlatlarga muloqot asosida yordam ko‘rsatish, texnik ko‘mak taqdim etish - Kengash faoliyatining asosiy yo‘nalishlarini tashkil etadi. BMTning Inson huquqlari bo‘yicha kengashi BMT Bosh Assambleyasiga inson huquqlari sohasidagi xalqaro huquqni yanada rivojlantirishga oid tavsiyalarni kiritadi.

BMTning Inson huquqlari bo‘yicha kengashi a'zoligi BMT ga a'zo bo‘lgan barcha davlatlar uchun ochiqdir. Shuningdek, Bosh Assambleya Inson huquqlari bo‘yicha kengash a'zoligiga nomzodlarni tanlashda “ularning inson huquqlari himoyasi ishiga qo‘shgan hissasi hamda bu boradagi ko‘ngilli majburiyatlari va va'dalarini qabul qilishiga e'tibor qaratishi” lozim.

Yuksak darajali Cegment

BMT Inson huquqlari bo‘yicha kengashining mart oyidagi sessiyasi Jyenevadagi muhim siyosiy tadbir hisoblanadi. Unda inson huquqlari himoyasiga doir bugungi kundagi masalalar, bu borada xalqaro hamkorlikni rivojlantirish, BMT mexanizmlari va tartiblarini mustahkamlash masalalari muhokama  etiladi.

Segmentning yillik majlislarida turli davlat va hukumat rahbarlari, tashqi ishlar va adliya  vazirlari hamda xalqaro va mintaqaviy tashkilotlar rahbarlari ishtirok etadi.

Mavzuga oid