O‘zbekiston | 15:21 / 11.12.2025
549
2 daqiqa o‘qiladi

Navoiy va Chirchiqda daromad deklaratsiyasi bo‘yicha pilot loyiha yo‘lga qo‘yiladi

2026 yil 1 martdan boshlab Navoiy va Chirchiq shaharlarida ro‘yxatdan o‘tgan jismoniy shaxslar uchun jami yillik daromadlari to‘g‘risida deklaratsiya taqdim etish amaliyoti tajriba-sinov tariqasida yo‘lga qo‘yiladi. Deklaratsiyalarni maxsus elektron platforma orqali yuborish mumkin bo‘ladi, loyiha doirasida qo‘shimcha soliq hisoblanmaydi va sanksiyalar qo‘llanmaydi.

Milliy soliq ma’muriyati ma’lumotlariga ko‘ra, fuqarolar yillik daromad deklaratsiyasini maxsus elektron platforma orqali taqdim etadi. Platforma eng sodda va tushunarli interfeysga ega bo‘lib, fuqaro va soliq organlari o‘rtasida o‘zaro hamkorlikni qulay tashkil etishga qaratilgan.

Tizim xarajatlarni Soliq mobil ilovasi orqali avtomatik tarzda hisobga olish imkonini beradi. Agar ma’lumotlar yetarli bo‘lmasa, fuqarolar jarayon ustidan nazoratni saqlagan holda qo‘shimcha ma’lumotlarni qo‘lda kiritishlari mumkin bo‘ladi.

Tajriba-sinov doirasida ilk bor soliq bazasi fuqarolarning daromad va xarajatlari haqidagi raqamli ma’lumotlarga tayangan holda shakllantiriladi. Loyiha faqat mexanizmni sinovdan o‘tkazishga qaratilgani, bu bosqichda qo‘shimcha soliqlar hisoblanmasligi va hech qanday jazo choralari qo‘llanmasligi qayd etilgan.

Shuningdek, 2026 yil 1 aprelga qadar hududlar va sektorlar kesimida alohida ko‘rsatkichlarni o‘z ichiga olgan yashirin iqtisodiyotni hisoblashning yangilangan metodologiyasi joriy etilishi rejalashtirilgan.

Mavzuga oid