Qoʻshimcha funksionallar
-
Tungi ko‘rinish
Turkiyada bemalol yashab-ishlash haqidagi qaror faqat turklarga taalluqli
Erdo‘g‘an turk millatiga mansub xorij fuqarolariga Turkiyada katta erkinliklar beruvchi qaror imzoladi. Lekin bu ijtimoiy tarmoqlarda turkiy xalqlar uchun deya noto‘g‘ri talqin qilinmoqda. Kun.uz'ning aniqlik kiritishicha, bu hujjat turklardan boshqa turkiy millatlarga mamlakatda emin-erkin yashash va mehnat qilish huquqini bermaydi.
Foto: Kun.uz
Prezident Rajab Toyyib Erdo‘g‘an Turkiya Vazirlar mahkamasi 1982 yilda qabul qilgan qarorga o‘zgartirish kiritdi. U imzolagan hujjat – “Turk millatiga mansub xorijiy fuqarolarning Turkiyada kasb va hunarlarini erkin amalga oshirishlari, davlat va xususiy sektorda mehnat faoliyatlarini olib borishlari to‘g‘risida”gi qarorni qisman yangilaydi. Ya’ni turkiy tashkilotga a’zo davlatlar fuqarolari bundan bu yog‘iga Turkiya hududida xat-hujjatsiz, xuddi turk fuqarolari singari ishlash, o‘qishlari mumkin, degan xabarlar noto‘g‘ri.
Qarorga muvofiq, dastlab xorijiy fuqarolar turk millatiga mansubligi identifikatsiya qilinadi va bu Prezident qarori bilan tasdiqlanadi. Bunda xorijiy fuqarolar quyidagi shartlarning barchasiga mos kelishi kerak:
- Ichki ishlar vazirligi tomonidan berilgan vaqtincha yashash guvohnomasiga ega bo‘lishi;
- Turkiyaning vakolatli sertifikatlarining mavjudligi, idoralaridan olingan kasbiy malaka;
- Xorijiy mamlakatning maktab yoki universitetlaridan berilgan diplomlarning nostrifikatsiya qilinganligi;
- Xorijiy fuqaroning kasbiy faoliyati Turkiya xavfsizligiga tahdid solmasligi;
- Kasaba uyushmalarida ro‘yxatdan o‘tish majburiy bo‘lsa, a’zoligini tasdiqlovchi hujjatga ega bo‘lishi;
- Xorijiy mamlakat hududida olingan hunarmandlik, ustalik va boshqa kasbiy malaka sertifikatlarining davlat tashkilotlari tomonidan tasdiqlangan bo‘lishi;
- Turk millatiga mansubligini Prezident tomonidan tasdiqlangan bo‘lishi; -Fuqaroligi bo‘lgan mamlakatda o‘ziga bog‘liq bo‘lmagan sabablarga ko‘ra, kasbini, hunarini yoki ishini bajara olmaslik, shuningdek, boshqa sabablarga ko‘ra Turkiyada yashash majburiyatida qolish (masalan, yashab turgan mamlakatida zulm ko‘rgan bo‘lishi);
- Fuqaroligi bo‘lgan mamlakatda etnik va madaniy ozchilikni tashkil qilish (masalan, Bolgariyada yashaydigan turklar).
O‘zbekistonning Turkiyadagi elchixonasining ma’lum qilishicha, mazkur qaror Turkiy davlatlar tashkilotiga a’zo mamlakatlar, shu jumladan O‘zbekiston fuqarolariga Turkiya hududida erkin mehnat faoliyatini amalga oshirish huquqini bermaydi. O‘zbekiston fuqarolarining Turkiyada vaqtinchalik mehnat faoliyatlarini amalga oshirishlari amaldagi qonunchilik asosida tartibga solinadi.
Ijtimoiy tarmoqlarda tarqalgan xabarlar esa noto‘g‘ri talqin ortidan kelib chiqqan.
Mavzuga oid
14:45 / 05.12.2025
Samarqand elektr tarmoqlari Turkiya kompaniyasiga operatsion boshqaruvga beriladi
17:36 / 01.12.2025
Qozog‘iston va Turkiya dengiz dronlari hujumi bo‘yicha Kiyevga norozilik bildirdi
11:08 / 01.12.2025
Kurdiston ishchi partiyasi Turkiya bilan yarashish uchun ikki shart qo‘ydi
08:30 / 29.11.2025