O‘zbekiston | 23:48 / 30.09.2020
13904
2 daqiqa o‘qiladi

«Meni kadrlar masalasi qiynaydi» – prezident islohotlarni amalga oshirish uchun yangi avlod kadrlari kerakligi haqida gapirdi

Prezident Shavkat Mirziyoyev o‘qituvchilar va murabbiylar kuni munosabati bilan o‘tkazilgan tadbirda kadrlar tayyorlash masalasi dolzarbligi haqida to‘xtalib o‘tdi.

«Barchamiz yaxshi bilamizki, insonning ongi va dunyoqarashi, fikri o‘zgarmasa, jamiyat o‘zgarmaydi. Jamiyat o‘zgarmagan joyda hech qanday ijobiy natija ham, taraqqiyot ham bo‘lmaydi. Odamlarning ong-u tafakkurini o‘zgartiruvchi kuch esa, hech shubhasiz, avvalo, o‘qituvchi-murabbiylar, oliygoh domlalari, ilm-fan arboblari, madaniyat va san'at, adabiyot namoyandalaridir.

Bugun biz yashayotgan jamiyatga yangi fikr, yangi g‘oya, eng muhimi, islohotlarni amalga oshirishga qodir bo‘lgan yangi avlod kadrlari kerak. Har kuni seni nima qiynaydi, deb so‘rashsa, hech ikkilanmasdan kadrlar qiynaydi, kadrlar zaxirasi qiynaydi, deb javob beraman. Kadrlarni 25 yil avaylab-e'zozlab, «siz» deb parvarish qilmaganimiz uchun hozir u kadrlar bizda yo‘q», dedi davlat rahbari.

Shavkat Mirziyoyev xalqning mardona mehnati, o‘qituvchi va murabbiylarning jonbozligi tufayli ta'lim sohasini tubdan modernizatsiya qilish bo‘yicha ko‘p ish qilingani, lekin bular – katta maqsad yo‘lida tashlangan dastlabki qadamlar ekanini ta'kidladi.

«Biz ma'rifat borasida «iligi to‘q» xalqmiz. Ilm-fanga intilish bizning qonimizda, bugungi til bilan aytganda, genimizda bor. Uchinchi Renessans poydevorini yaratish – besh-o‘n yilda bo‘ladigan ish emas. Buning uchun, avvalo, yuzlab, minglab iste'dodli kadrlar, fidoyi shaxslar kerak», dedi prezident nutqida.

Shuningdek, prezident Fanlar akademiyasi, Oliy va o‘rta maxsus ta'lim vazirligi, Innovatsion rivojlanish vazirligiga bir oy muddatda O‘zbekistonda ilm-fan sohalarini 2030 yilgacha rivojlantirish konsepsiyasi loyihasini ishlab chiqish topshirig‘ini berdi.

Mavzuga oid