20:41 / 13.01.2017
41532

O‘zbekistonda yangi Qurolli Kuchlar akademiyasi tashkil etiladi, unga talabalar litsey va kollejlardan tanlab olinadi

O‘zbekiston Respublikasi prezidenti Shavkat Mirziyoyev O‘zbekiston Respublikasi Qurolli Kuchlari tashkil etilganining 25 yilligi munosabati bilan Vatan himoyachilariga bayram tabrigi yo‘lladi. Tabrik matni O‘zA tomonidan taqdim etilgan.

Prezident o‘z tabriklaridan keyin O‘zbekiston Respublikasi Mudofaa doktrinasini qayta ishlab chiqish zarurati haqida gapirgan.

Prezident mutlaqo yangi Qurolli Kuchlar akademiyasini tashkil etish bu yo‘nalishdagi birinchi qadam bo‘lishi darkorligini ma'lum qilgan. Bildirilishicha, Ushbu o‘quv maskani Toshkent oliy umumqo‘shin qo‘mondonlik bilim yurtining shonli harbiy an'analarini va hozirgi mavjud akademiya hamda mamlakatimizdagi yetakchi ilmiy-ta'lim muassasalarida to‘plangan faoliyat tajribasini o‘ziga qamrab oladi.

Harbiy bilim yurtida haqiqatan ham ta'lim olishga munosib, yuksak aql-zakovat va yetakchilik qobiliyatiga ega bo‘lgan yoshlarni aniqlash uchun ularni o‘qishga tanlab olishda talab oshiriladi.

Shu maqsadda mamlakatning har bir mintaqasida ikki-uchtadan kollej va litseyni belgilab qo‘yish kerak. Ana shu kollej va litseylar o‘zlarining asosiy vazifalari bilan birga, oliy harbiy o‘quv yurtlariga kiradigan yoshlarni chuqur tayyorlash bilan ham shug‘ullanadi.

"Jahonda va mintaqada vaziyatning rivojlanish dinamikasini hisobga oladigan bo‘lsak, vujudga keladigan xavf-xatar va tahdidlarga munosib zarba berish zarurati, shuningdek, bizning ustuvor vazifa va imkoniyatlarimiz O‘zbekiston Respublikasi Mudofaa doktrinasini qayta ishlab chiqishni talab etadi", degan prezident. 

Prezident davom etadi.

"Faqat ana shunday tizimli yondashuv biz uchun milliy xavfsizlikni ta'minlash sohasida yagona, muvofiqlashtirilgan va izchil strategiyani ishlab chiqish, mavjud resurs va mablag‘larni ustuvor maqsadlarga yo‘naltirish, ularni behuda sarflamaslik, ikkinchi darajali vazifalarga chalg‘ib ketmaslik imkonini beradi. 

Ikkinchidan, Qurolli Kuchlar qurilishining tashkiliy tizimini yanada takomillashtirish lozim. Harbiy qurilish sohasida to‘plangan tajribani hisobga olgan holda, har qaysi harbiy okrugning tarkibiy tuzilishi va vazifalarini aniqlash darkor. Bu borada ulardan aynan qaysi vazifalarni hal etish uchun foydalanish kerakligi, qo‘shinlarning qo‘llanish va shuningdek, operatsiyalarni o‘tkazish yo‘nalishlari bo‘yicha o‘ziga xos xususiyatlariga alohida e'tibor qaratish zarur. Shu bilan birga, bizning “havo qalqonimiz” – Havo hujumidan mudofaa va Harbiy havo kuchlari qo‘shinlarini optimallashtirish vazifasi ham katta e'tibor va resurslarni safarbar etishni talab qiladi. 

Qisqa muddatda ularning tashkiliy tuzilishi va boshqaruv tizimini takomillashtirish, shuningdek, ularni zamonaviy texnika va qurol-yarog‘ bilan ta'minlash bo‘yicha kompleks tadbirlarni amalga oshirish lozim. 

Uchinchidan, qo‘shinlarni tayyorlash borasidagi tadbirlarni rejalashtirishga oid yangicha yondashuvni ishlab chiqish muhim ahamiyatga egadir. Bu tadbirlar avvalambor harbiy bo‘linmalarga yuklangan vazifalarga, ularning tayyorgarlik va ta'minlanish darajasiga mos bo‘lishi zarur. 

Biz uchun bu boradagi yakuniy mezon – amaliy natija, ya'ni, butun e'tiborni Qurolli Kuchlarning jangovar qobiliyati va tayyorgarligini real oshirishga, ularning yuqori darajadagi uyushqoqligi va samarali hamkorligiga qaratishdan iborat. 

To‘rtinchidan, barcha bo‘g‘indagi professional harbiy kadrlar tayyorlash tizimini takomillashtirish bizning e'tiborimiz markazida bo‘lib qolishi zarur. 

Shu nuqtai nazardan qaraganda, mutlaqo yangi Qurolli Kuchlar akademiyasini tashkil etish bu yo‘nalishdagi birinchi qadam bo‘lishi darkor. Ushbu o‘quv maskani Toshkent oliy umumqo‘shin qo‘mondonlik bilim yurtining shonli harbiy an'analarini va hozirgi mavjud akademiya hamda mamlakatimizdagi yetakchi ilmiy-ta'lim muassasalarida to‘plangan faoliyat tajribasini o‘ziga qamrab olishi kerak. 

Ishonchim komil, bu akademiya harbiy ta'limning yagona tizimida haqiqatan ham asosiy o‘rinni egallaydi, tom ma'noda harbiy ilm-fan markaziga aylanadi. Akademiyada leytenantlar tayyorlash, faoliyat ko‘rsatayotgan ofitserlar malakasini oshirish va shuningdek, armiyamiz boshqaruv tarkibidagi qo‘mondonlik kadrlarini maxsus tayyorgarlikdan o‘tkazish davom ettiriladi.

Bu vazifani amalga oshirishda biz ta'lim jarayoniga eng yangi usul va texnologiyalarni joriy etishimiz, o‘quv auditoriyalarini zamonaviy trenajyorlar, o‘quv va laboratoriya asbob-uskunalari va kompyuter texnikasi bilan jihozlashimiz lozim. 

Akademiya tinglovchilarining umumiy madaniyatini oshirish, ularning dam olishi va sport bilan shug‘ullanishi uchun barcha qulay sharoitlarni yaratishimiz darkor. 

Bu jarayonda harbiy bilim yurtida haqiqatan ham ta'lim olishga munosib, yuksak aql-zakovat va yetakchilik qobiliyatiga ega bo‘lgan yoshlarni aniqlash uchun ularni o‘qishga tanlab olishda talabni oshirish lozim. Shu maqsadda mamlakatimizning har bir mintaqasida ikki-uchtadan kollej va litseyni belgilab qo‘yish kerak. Ana shu kollej va litseylar o‘zlarining asosiy vazifalari bilan birga, oliy harbiy o‘quv yurtlariga kiradigan yoshlarni chuqur tayyorlash bilan ham shug‘ullanadi. 

Bundan tashqari, barcha oliy harbiy ta'lim muassasalari professor-o‘qituvchilari tarkibini tayyorlash, jumladan, ularning xorijdagi yetakchi oliy ta'lim muassasalarida malaka oshirish imkoniyatlaridan keng foydalanish maqsadga muvofiqdir.

Prezident Vatan himoyachilariga bayram tabrigida O‘zbekiston hech qanday harbiy-siyosiy bloklarga qo‘shilmasligini ta'kidladi

Top