O‘zbekiston | 10:00 / 15.02.2025
4089
3 daqiqa o‘qiladi

Toshkentda ko‘p qavatli uy-joylarga investitsiyalarning daromadliligi sekinlashdi

Makroiqtisodiy va hududiy tadqiqotlar instituti mutaxassislari tomonidan Toshkent shahrida ko‘p qavatli uy-joylarga investitsiyalarning daromadliligi o‘rganildi. 

Foto: Kun.uz

Ta’kidlanishicha, uy-joyga investitsiya qilish – faqat ko‘chmas mulkka egalik qilish emas, balki uzoq muddatli moliyaviy barqarorlik va daromad olishning ishonchli manbalaridan bo‘lib kelgan

Ushbu investitsiyaning asosiy mohiyati mulkning 2 xil daromad manbai orqali foyda keltirishida namoyon bo‘ladi: 

  • ijaraga berishdan olinadigan daromad; 
  • vaqt o‘tishi bilan mulk qiymatining o‘zgarishi orqali keladigan kapital foyda (zarar). 

Ushbu ikki manba birgalikda nafaqat daromad keltiradi, balki investorga bozordagi o‘zgarishlarga moslashish imkonini ham beradi.

Toshkent shahrida uy-joyga investitsiyalarning daromadliligi tushib bormoqda

2025 yilning yanvar oyida poytaxtda ko‘p qavatli uy-joylarga investitsiyalarning daromadliligi 2024 yilning fevral oyidagi o‘rtacha 32,4 foizdan 7,6 foizgacha sekinlashdi.

Mazkur davrda ko‘p qavatli uy-joyga investitsiyalarning daromadliligi joylashgan hududi va xonalari soniga ko‘ra bir-biridan sezilarli darajada farqlanadi:

  • 1 xonali: Mirobod – -1,7 foiz (2024 yil fevral – 53 foiz), Bektemir – 54,3 foiz (46,8 foiz);
  • 2 xonali: Uchtepa – 2,6 foiz (27 foiz), Yakkasaroy – 15,1 foiz (24,2 foiz);
  • 3 xonali: Bektemir – -5,5 foiz (33,7 foiz), Yakkasaroy – 10,4 foiz (22,8 foiz);
  • 4 xonali: Bektemir – -7,3 foiz (37,9 foiz), Chilonzor – 16,5 foiz (19,8 foiz).

2024 yil fevral oyida uy-joy va ijara narxlarining nisbatan ko‘tarilishi (tushishi) hisobiga olinishi mumkin bo‘lgan foyda Yakkasaroy, Bektemir va Chilonzor tumanlarida mos ravishda o‘rtacha 16,1 foizni, 26,9 foizni va 15,4 foizni tashkil etgan bo‘lsa, 2025 yil yanvar oyida ushbu ko‘rsatkichlar 3 foiz, 2,8 foiz va 0,3 foizgacha pasaydi. 

Toshkent shahrida uy-joylar narxining o‘sishdan deyarli to‘xtashi va biroz arzonlashishi natijasida yanvar oyida uy-joylar narxi o‘zgarishidan olinadigan o‘rtacha daromad Shayxontohur (35,8 foizdan -0,8 foizga) va Yunusobod (30,4 foizdan -3,4 foizga) tumanlarida sezilarli darajada pasaygani kuzatildi.

2025 yilning yanvar oyida uy-joylar ijarasidan olinadigan yillik o‘rtacha daromad Mirobod tumanida 10 foizni (2024 yil fevral oyida – 10,4 foiz), Mirzo Ulug‘bek tumanida 9,9 foizni (10,6 foiz), Shayxontohur tumanida 9,8 foizni (11,6 foiz) tashkil etdi. Ushbu ko‘rsatkich ijara narxlari nisbatan arzonroq bo‘lgan tumanlar – Olmazorda 8,9 foizni (9,4 foiz), Uchtepada 8,9 foizni (8,6 foiz) va Sergelida 8,9 foizni (8,4 foiz) tashkil qildi.

Daromadlilik darajasi bo‘yicha investitsion jozibadorligi yuqori hisoblangan 1 va 2 xonali xonadonlardan daromad olish imkoniyatlari ham tushib bormoqda. 2024 yilning fevral oyida 1 va 2 xonali xonadonlarga yo‘naltirilgan investitsiyalarning daromadliligi mos ravishda 35,6 foizni va 30,8 foizni tashkil etgan bo‘lsa, joriy yil yanvar oyida ushbu ko‘rsatkich 14,3 foiz va 7,5 foizgacha tushdi. Mazkur davrda 3 va 4 xonali xonadonlar uchun daromadlilik ko‘rsatkichi sezilarli darajada pasaydi (mos ravishda 5,5 foiz (2024 yil fevralida 33 foiz) va 2,9 foiz (30,3 foiz).

Отабек Матназаров
Tayyorlagan Отабек Матназаров

Mavzuga oid