Qoʻshimcha funksionallar
-
Tungi ko‘rinish
NYT Germaniyadagi «urush ofisi» haqida surishtiruv e’lon qildi
Donald Tramp AQSh prezidentligiga qaytganidan keyin Ukraina urushda qiyin ahvolga tushib qoldi. Kiyev muzokaralarda foydalanishni maqsad qilgan Kursk oblastidan chekinmoqda, Donbassda ham ruslar sekin bo‘lsa-da odimlayapti. Ukraina Bayden davrida Amerikadan juda katta yordam olardi. Frontdagi Ukrainaning barcha yutuqlari aynan demokrat prezident davriga to‘g‘ri keldi. New York Times maxsus surishtiruv o‘tkazib, AQSh Ukrainaning qaysi operatsiyalarida ishtirok etganiga aniqlik kiritdi.
Gazeta jurnalisti Adam Entus bu surishtiruvni o‘tkazish chog‘ida 300 dan ortiq turli davlatlardagi mulozimlar bilan muloqot qilgan. Xususan, Ukraina, AQSh, Britaniya, Germaniya, Belgiya, Boltiqbo‘yi davlatlari va Turkiyadagi siyosatchilar, razvedkachilar bilan.
Germaniyadagi shtab
Jurnalist Germaniyadagi Visbaden boshqaruv punktida amerikalik harbiylar ukrainlar bilan birga urush rejasini ishlab chiqib, nishonlarni tanlashda ularga yordam bergani haqida yozgan. U yerdagi amerikaliklar va ukrainlarning ilk uchrashuvi 2022 yil bahorida o‘tkaziladi. Kiyev nomidan general-leytenant Mixail Zabrodskiy, Amerikadan 18-havo desant korpusi qo‘mondoni general Kristofer Donaxyu boradi.
NYT jurnalisti bilana gaplashgan yevropalik razvedka rahbarlaridan biri AQSh Ukrainadagi urushga bunchalik jiddiy kirishganidan hayron qolganini aytgan.
2022 yil martda Rossiyaning Kiyev yo‘nalishidagi yurishi to‘xtab qoladi va ruslar Ukraina sharqiga qo‘shin tashlashga zo‘r beradi. Amerikalik harbiylar koalitsiya strategiyani o‘zgartirmasa, ukrainlar urushni boy beradi degan qarorga kelib, Kiyevga M777 gaubitsalarini berishga ahd qilishadi.
Amerika Ukrainaga faol tarzda razvedka ma’lumotlari bera boshlaydi, biroq Bayden Rossiya harbiy rahbariyatining manzillari haqida razvedka ma’lumotlarini ukrainlarga berishni taqiqlaydi. Xususan, shtab boshlig‘i Gerasimov joylashuvi haqida ma’lumotlarni. Ukrainalik general Zabrodskiy amerikalik hamkorlaridan Rossiya nishonlari bo‘yicha razvedka ma’lumotlarni qayerdan olishayotganini so‘raydi. «Biz qanday aniqlaganimizga qiziqmay zarba beravering, natija sizni quvontiradi. Bunday bo‘lmasa, ayting, biz yanada aniqroq ma’lumot beramiz», deydi amerikalik general Donaxyu.
M777 gaubitsalari qanchalik samarali bo‘lmasin, u maksimum 24 km olisdagi nishonni ura olardi. Shunda Olmoniya shtabidagi amerikalik generallar Bayden ma’muriyatiga Ukrainaga HIMARS yuborishni maslahat beradi. Bayden uzoq vaqt bu Putinni provokatsiya qiladi deb rozi bo‘lmaydi, biroq oxir-oqibat ukrainlar HIMARS oladi. Faqat bir shart bilan: har bir nishon amerikaliklar tomonidan tekshirilishi kerak edi.
«Moskva»ning yo‘q qilinishi
Ukrainaning frontdagi ilk yirik muvaffaqiyati Germaniyadagi uchrashuvdan avvalroq sodir bo‘lgandi. Esingizda bo‘lsa, urush boshlanganidan ikki oy o‘tib, Ukraina Rossiya Qora dengiz floti flagmani «Moskva» kreyserini yo‘q qilgandi. NYT jurnalisti bilan suhbat chog‘ida amerikalik yuqori martabali harbiy amerikalik va ukrain dengizchi ofitserlarining oddiy razvedka ma’lumotlari almashuv doirasidagi suhbatini eslaydi. Ular gaplashib turganda amerikaliklar radarida nimadir ko‘rinadi. «O, bu Moskva» deydi ular. «Ey Xudo, katta rahmat, xayr», deb gapni qisqa qiladi Ukraina tomoni. Ko‘p o‘tmay kreyserga zarba berib yo‘q qilinadi.
Ukrainlar kreyserga zarba berish haqida amerikaliklarni hatto ogohlantirishmaydi, bu esa Vashingtondagilarni g‘azablantiradi, ular shokka tushadi. Birinchidan, amerikaliklar Ukrainada buncha uzoq masofadagi kemani uradigan raketa yo‘q deb o‘ylashadi. Bundan tashqari, Bayden ma’muriyati Ukraina ulardan so‘ramay Rossiya uchun juda ramziy bo‘lgan kreyserga zarba berishini kutmagandi. Bu Amerika va Ukraina harbiylari o‘rtasidagi munosabatlarni yomonlashtiradi. «Ruslar bilan biz urushyapmiz, siz emas. Nega biz sizni eshitishimiz kerak?» deydi keskin suhbatlardan birida general Sirskiy.
Yadro qurolini qo‘llash rejasi
Urush boshlanganiga uch oy bo‘lgach Rossiya Kiyevni shturm bilan tezda ololmasligini tushunib, «dushmanni sekin bo‘g‘ish» strategiyasiga o‘tadi. O‘shanda Zalujniy Zaporijjyadan Melitopol yo‘nalishiga hujum qilish kerak deb hisoblaydi. General shu orqali Qrimdan keladigan yordamni uzib qo‘yishni ko‘zlaydi. Biroq amerikaliklar bu reja noreal deb o‘ylashadi.
Keyin amerikalik va ukrain harbiylari ikki bosqichli hujum rejasini ishlab chiqishadi. Birinchi rejaga ko‘ra Xersonni qaytarish va Dneprning g‘arbiy sohilini egallash kerak edi. Rejada 4 sentabrda Xarkivda ruslarni chalg‘itish operatsiyasini boshlash qayd etiladi. Ya’ni Xersondagi rus kuchlariga ikki hafta davomida artilleriya zarbalari yo‘llab, ularni kuchsizlantirish maqsad qilinadi.
Biroq Zelenskiy Xerson birinchi nishon bo‘lishini aytadi. Oxir-oqibat reja chippakka chiqadi. Rossiya Xersonga yordam kuchlari yuboradi. Oqibatda endi Xarkivda ruslar kuchsizlanadi. Shunda Zalujniy Xarkiv yo‘nalishida hujumga o‘tish kerak deb hisoblaydi. Bu vaqtda HIMARS daryolardagi ko‘priklarni yo‘q qilayotgani sabab ruslar Dnepr sohilida ta’minot bilan bog‘liq muammoga uchraydi.
Kuzga borib Bayden Ukrainaga flot uchun dronlar yuborishni taqiqlaydi. Biroq MRB Sevastopol portiga zarbada ukrainlarni yashirincha yordam beradi. Shunda AQSh razvedkasi ruslar yadro zarbasi haqida o‘ylay boshlagani borasida ma’lumot oladi. O‘shangacha AQSh ruslarning yadro zarbasi berishi ehtimolini 5-10 foiz atrofida deb baholardi. General Surovikinning suhbati amerikalik razvedkachilar tomonidan yozib olingach, bu ehtimol 50 foizgacha oshadi.
Ruslar Xersonni tashlab chiqqan o‘sha vaqtda amerikalik harbiylar ruslarga hal qiluvchi zarba berish uchun qulay imkon paydo bo‘lganini aytishadi. Biroq yadro zarbasi xavfi oshganidan xavotirga tushgan Bayden harbiylarga Dnepr bo‘ylab odimlayotgan ukrainlarni sekinlashtirolmaymizmi, deb asabiy holatda savol beradi. Shu tariqa Ukraina Dneprning narigi tomoniga o‘tmaydi, hujum to‘xtab qoladi.
2023 yil boshida Ukraina yangi hujum haqida o‘ylayotgandi. Zalujniy yana Melitopol yo‘nalishida hujumni taklif qiladi, biroq amerikaliklar yana bu reja amalga oshishiga ishonishmaydi. Bu vaqtda Germaniyadagi shtabda amerikaliklar vakili o‘zgargandi. Yangi yil kechasi ukrainaliklar o‘zlari aniqlagan koordinatsiya bo‘yicha Ukrainaning Makeyevka shahridagi uchilishida joylashgan rossiyalik harbiylar lageriga HIMARS bilan zarba yo‘llaydi. Zarba natijasida 400 nafargacha rossiyalik harbiy halok bo‘lgani aytiladi. O‘sha zarbadan keyin generanl Zabrodskiyning eslashicha, Germaniyadagi shtabda ukrain harbiylariga ko‘proq erkinlik berishadi.
Qarshi hujum rejasida bosh qo‘mondon Zalujniy va quruqlik qo‘shinlari qo‘mondoni Sirskiy o‘rtasida kelishmovchilik yuzaga keladi. Sirskiy Baxmut yo‘nalishida hujum qilish kerak deydi, Zalujniy Melitopol yo‘nalishida. Bundan tashqari Ukraina qurol-yarog‘ kam deb qarshi hujumni kech boshlaydi. Vaholanki amerikaliklar qurol yetarli deb hisoblayotgandi.
Qarshi hujum bo‘yicha Kiyevda maxfiy yig‘ilish o‘tkazib, u haqda amerikaliklarga ma’lumot ham berishmaydi. Lekin amerikaliklar ukrainlarning harakatlaridan hujum reja bo‘yicha ketmayotganini tushunishadi. Polshada o‘tgan favqulodda uchrashuvda Zalujniy Ukraina uchta yo‘nalishda hujumga o‘tganini tasdiqlaydi. Amerikalik mulozimlar Ukraina Baxmut yo‘nalishida juda katta kuchni besamar ishlatgan deb hisoblaydi. O‘sha vaqtda Prigojin Moskvaga yurish boshlagani ham Ukrainaga yordam bermaydi, chunki rahbariyat fikri bir yerdan chiqmayotgandi.
Ukraina qarshi hujumining muvaffaqiyatsiz chiqqani AQSh va Ukraina munosabatlariga ta’sir qilmay qo‘ymaydi. Do‘stona aloqalar saqlab qolinadi, lekin urush boshidagi ishonch yo‘qolib bo‘lgandi.
Kursk operatsiyasi
2024 yil boshiga kelib Bayden ma’muriyati Ukrainani saqlab qolish maqsadida ko‘plab o‘zi belgilab bergan qizil chiziqlarni bosishga majbur bo‘ladi. Masalan, Ukrainaga olis masofaga uradigan raketalar bilan Rossiya ichkarisiga zarba berish masalasida. General Zalujniy o‘rnini general Sirskiy egallashi amerikaliklarni biroz tinchlantiradi. Chunki Zalujniy odatda mustaqil harakat qiladigan, taxmin qilish qiyin bo‘lgan qo‘mondon edi. Rossiya Belgoroddan Xarkiv yo‘nalishida hujumga o‘tganda Bayden ma’muriyati ATACMS bilan Rossiya ichkarisiga zarbaga ruxsat beradi.
O‘sha vaqtda Amerikada negadir Ukraina Rossiya ichkarisiga kirishga urinayotgandek tuyuladi, lekin razvedka bu borada hech qanday ma’lumot ololmaydi. Har ehtimolga qarshi Ukraina bosh razvedkachisi Kirilo Budanovga agar Rossiya ichkarisiga kirmoqchi bo‘lishsa, bu uchun amerika qurollaridan foydalanish taqiqlanganini eslatishadi. NYT jurnalisti bilan suhbatlashgan amerikalik mulozimlar ular Ukraina rejalaridan ko‘ra ko‘proq Rossiyaning rejalaridan boxabar bo‘lishganini aytib hazil qilishgan.
Kursk yo‘nalishida hujum amerikaliklar uchun katta syurpriz bo‘ladi. Bu o‘zaro kelishuvning buzilishi edi, axir Kiyev hujum uchun Amerika texnikalaridan foydalanadi. Pentagon mulozimlarining eslashicha, Ukraina Kurskka kirganda AQSh juda qiyin holatda qoladi.
Qrim ko‘prigiga hujum
Urush vaqtida Rossiyaning ramziga aylangan obekt Qrim ko‘prigi hisoblanadi. Germaniyadagi shtabning amerikalik yangi vakili Aguto ukrainalik hamkasblari bilan Qrimdagi zarba berish mumkin bo‘lgan nishonlarni saralarkan avvalo Qrim ko‘prigiga zarba berib bo‘lmasligi, bu Amerika uchun qizil chiziq ekanini aytadi. Hatto Bayden amerikalik harbiylarga Qrim ko‘prigi bilan bog‘liq har qanday operatsiyada yordam berishni taqiqlaydi.
Ukraina ko‘prikka ATACMS bilan zarba berishni taklif qiladi, lekin amerikaliklar rozi bo‘lmaydi. Shunday bo‘lsa-da ukrainlar ko‘prikka ATACMS bilan zarba berishadi. Lekin bu zarba faqat ko‘prikdagi yo‘l qismini zararlaydi xolos.
Tushunmovchilik
AQSh va Ukraina harbiylari Germaniyadagi shtabda uch yil davomida hamkorlik qiladi. Bu vaqt davomida ularning munosabati borgan sari sovuqlashadi. NYT bilan suhbatlashgan amerikalik mulozimlar ukrainlar ularni eshitmagani, o‘z rejalarini yashirganini aytadi. Ukraina harbiylari esa amerikaliklar ularni cheklayapti deb o‘ylardi.
Ukrainadagi chaqiruv yoshi bo‘yicha ham tomonlar ko‘p tortishgan. Masalan, Pentagon sobiq rahbari Lloyd Ostin Kiyevga tashrifini eslarkan, derazadan qaraganda 20 yosh atrofidagi yigitlar ko‘chada bemalol yurganiga e’tibor qaratgan. General Ostinning fikricha, urushayotgan davlatda bunday yigitlar ko‘chada emas, jang maydonida bo‘lishi kerak.
Bayden Tramp saylovda g‘olib bo‘lgach, o‘zi uchun oxirgi qizil chiziqni bosib o‘tdi. Ukrainaga Amerika va Britaniyada ishlab chiqarilgan raketalar bilan Rossiya ichkarisiga zarba yo‘llashga ruxsat berdi. Keyin general Donaxyuni Germaniyadagi shtab rahbarligiga qaytardi. Unga Pokrovsk yo‘nalishida ruslar bosqinini to‘xtatishga yordamlashish topshirildi.
Yanvarda Donaxyu Kiyevda Sirskiy bilan uchrashdi, u yerdan chiqib Ramshtayn aviabazasiga borib, oxirgi marta Pentagon rahbari Lloyd Ostin hamrohligida ukrainalik harbiylar bilan uchrashdi. Ostin AQSh va Ukraina harbiylari munosabatlari me’mori deb qaraladi. Odatda juda xotirjam bo‘lgan Ostin amerikalik va ukrainalik harbiylar bilan oxirgi marta uchrasharkan ko‘z yoshlarini tiya olmay faqat shunday deydi: «Vidolashish o‘rniga rahmat demoqchiman. Hammaga omad, qat’iyatlik va mardlik tilayman. Xonimlar va janoblar, kurashishda davom eting».
O‘tkir Jalolxonov tayyorladi.
Tasvirchi va montaj ustasi – Faxriddin Hotamov.