Qoʻshimcha funksionallar
-
Tungi ko‘rinish
2026 yilda yangi konlar hisobiga gaz qazib olishdagi pasayishni barqarorlashtirish rejalashtirilmoqda - Mirzamahmudov
Energetika vaziri Jo‘rabek Mirzamahmudov sohadagi vaziyat tabiiy resurslarning «tabiiy kamayib borishi» sababli hanuz «murakkabligicha» qolayotganini, 2026 yilda yangi konlarni o‘zlashtirish orqali gaz qazib chiqarish hajmi keskin pasayishi tendensiyasini barqarorlashtirishga erishish reja qilinganini aytdi.
Foto: Oliy Majlis Qonunchilik palatasi
2026 yilda O‘zbekiston yangi konlarni ishga tushirish hisobiga qazib olish hajmining keskin kamayish tendensiyasini barqarorlashtirishni rejalashtirmoqda. Bu haqda 11 dekabr kuni Qonunchilik palatasi yig‘ilishida Energetika vaziri Jo‘rabek Mirzamahmudov ma’lum qildi.
Uning ta’kidlashicha, sohadagi vaziyat tabiiy resurslarning «tabiiy kamayib borishi» sababli hanuz «murakkabligicha» qolmoqda.
«Albatta, eng dolzarb mavzularimizdan biri bu uglevodorodlarni qazib chiqarish. Bu bo‘yicha aytib o‘tish kerakki, olib borilayotgan ishlarga qaramasdan, yildan yilga haqiqatda 85 foiz konlarimizning resursi tugaganligini inobatga olib, ulardagi qazib chiqarish tempi, bosimi juda keskin tushib ketyapti», dedi Mirzamahmudov.
Uning so‘zlariga ko‘ra, prezident topshirig‘iga asosan, istiqbolli hududlarga geologiya qidiruvi uchun qo‘shimcha kuchlar va qo‘shimcha mablag‘lar ajratilgan.
«Buning natijasida, Qoraqalpog‘istonning Ustyurt hududida, Mo‘ynoq tumani hududida yangi kon ochildi. Va eng quvonarlisi, ushbu konni hozirgi kunda tizimga ulab, ikkita qudug‘i ulanishi natijasida [sutkasiga] qo‘shimcha 3 million kub metr gaz qazib chiqarish imkoniyati paydo bo‘ldi», dedi vazir.
Ta’kidlanishicha, yil yakunigacha yana yettita quduqni burg‘ulash rejalashtirilmoqda, hozir quvurlarni olib kelib, ulashga tayyorgarlik olib borilmoqda. Ozarboyjonning SOCAR kompaniyasi bilan geologiya-qidiruv ishlari boshlangan, «O‘zbekneftgaz» o‘z loyihalarini davom ettirmoqda.
«Umid qilamizki, keyingi yili yangi konlar hisobidan gaz qazib chiqarish keskin pasayishi tendensiyasini barqarorlashtirishga erishamiz», dedi vazir.
Mavzuga oid
09:00
2026 yilgi rejalar, yangi gaz koni va budjetning yopiq muhokamasi - hafta dayjesti
20:14 / 25.12.2025
Dekabr oyi boshidan beri propan 10 foizga qimmatlashdi
10:03 / 25.12.2025
Toshkentda avtobuslarga gaz quyish shoxobchalari 33 tadan 11 tagacha qisqartirildi
07:35 / 25.12.2025