Qoʻshimcha funksionallar
-
Tungi ko‘rinish
O‘zbekiston Trampning Tinchlik kengashiga ta’sischi davlat sifatida qo‘shiladi
Prezident Shavkat Mirziyoyev O‘zbekiston bu taklifga roziligini bildirib, javob maktubini yo‘llagan.
Foto: Prezident matbuot xizmati
AQSh prezidenti Donald Tramp O‘zbekistonni ham G‘azo sektori bo‘yicha xalqaro Tinchlik kengashidan doimiy o‘rin olishga taklif etdi.
Prezident matbuot xizmati xabariga ko‘ra, Shavkat Mirziyoyev nomiga AQSh prezidenti Donald Trampdan «Yaqin Sharqda tinchlikni mustahkamlash va mojarolarni hal etish bo‘yicha xalqaro tashabbusga qo‘shilish» haqida rasmiy taklif kelib tushgan.
Maktubda qayd etilishicha, ushbu tashabbus 2025 yil 29 sentabrda e’lon qilingan va jahon yetakchilari tomonidan qo‘llab-quvvatlangan, shuningdek, BMT Xavfsizlik Kengashining 2025 yil 17 noyabrdagi 2803-sonli rezolyutsiyasi bilan ma’qullangan G‘azodagi mojaroni tugatish bo‘yicha kompleks rejaga asoslanadi.
Tashabbusning asosiy maqsadi uzoq muddatli tinchlik, barqarorlik va xavfsizlikni shakllantirish uchun mas’uliyatni o‘z zimmasiga olishga tayyor bo‘lgan davlatlarni birlashtirishga qaratilgan yangi xalqaro tuzilma – Tinchlik kengashini tuzishdan iborat.
O‘zbekiston Respublikasiga Tinchlik kengashiga ta’sischi davlat sifatida qo‘shilish taklif etilgan.
Davlat rahbari amerikalik hamkasbiga javob maktubini yo‘llab, unda O‘zbekiston Tinchlik kengashiga ta’sischi davlat sifatida qo‘shilishga tayyorligini bildirdi.
Prezident o‘z maktubida ushbu tashabbusga Yaqin Sharqdagi ko‘p yillik nizolarni hal etish, keng mintaqada tinchlik va barqarorlikni ta’minlash yo‘lidagi muhim qadam sifatida qaralayotganini ta’kidladi.
G‘azo sektorida o‘t ochish to‘xtatilganidan keyin hududni boshqarish uchun xalqaro organ tashkil etish rejalashtirilgandi. Oq uy allaqachon AQSh davlat kotibi Marko Rubio, Yaqin Sharq bo‘yicha maxsus vakil Stiv Uitkoff, AQSh prezidentining kuyovi Jared Kushner hamda Buyuk Britaniyaning sobiq bosh vaziri Toni Bler Tinchlik kengashi tarkibidan o‘rin olishini e’lon qilgan.
Biroq, Bloomberg tanishib chiqqan nizom loyihasiga ko‘ra, Tinchlik kengashi ancha kengroq funksiyalarga ega bo‘lishi nazarda tutilgan. Hujjatda u «barqarorlikka ko‘maklashish, ishonchli va qonuniy boshqaruvni tiklash hamda mojarolar ta’sir ko‘rsatgan yoki tahdid ostida bo‘lgan hududlarda mustahkam tinchlikni ta’minlashga intilayotgan xalqaro tashkilot» deb ta’riflangan. Kengashga Trampning o‘zi raislik qiladi va qarorlar u tomonidan tasdiqlanishi kerak bo‘ladi.
Mavzuga oid
17:09 / 25.01.2026
Minneapolisda federal agentlar yana bir kishini otib qo‘ydi
23:57 / 24.01.2026
Tramp Kanadaga 100 foizlik boj kiritish bilan tahdid qildi
15:42 / 24.01.2026
Tramp: AQSh harbiy kemalari Eron tomon yo‘l olmoqda
13:07 / 24.01.2026