Jahon | 11:16 / 20.10.2016
20364
3 daqiqa o‘qiladi

Filippinning so‘kong‘ich prezidenti yana Obamani haqoratladi va AQSh bilan "xayrlashdi"

Foto: AFP

Filippin uchun AQSh bilan "xayrlashish" vaqti keldi, deb aytdi "7 ming orol davlati" prezidenti Rodrigo Duterte Xitoyga tashrifi vaqtida.

"Sizning mening davlatimda bo‘lishingiz faqat siz uchungina foydali bo‘lgan, shuning uchun siz bilan xayrlashish vaqti keldi, aziz do‘stlarim", deb aytgan Duterte Vashingtonga murojaatida. Bu haqda GMA News yangiliklar portali xabar bermoqda. 

Duterte Xitoy raisi Si Tszinpin taklifi bilan 18-21 oktabr kunlari Xitoyda davlat tashrifi bilan bo‘lmoqda. Bu Dutertening prezident bo‘lgandan va Filippinning Xitoyga Janubiy Xitoy dengizidagi hududiy bahsi sababli Gaaga xalqaro sudida chiqarilgan hukmdan keyin ikki davlat o‘rtasida munosabatlarning keskinlashishidan keyingi Xitoyga birinchi xorijiy safari bo‘ldi.

"Men boshqa AQShga bormayman – u yerda men yana haqoratlarga uchrayman", deb aytdi Duterte Xitoyda yashovchi filippinliklar oldida so‘zlagan nutqida.

Uning fikricha, G‘arb uzoq vaqt Filippinga nima qilishni, qanday tashqi siyosat yurgazish kerakligini uqdirib kelgan. "Bizni Xitoydan uzoqlashtirgan narsa biz sababli bo‘lmagan: men yangi yo‘nalishga asos solaman", deb ta'kidlab o‘tdi Duterte.

Shu bilan birga Duterte Xitoydagi boshqa bir nutqida yangi harbiy ittifoqlar tuzish va eskilaridan chiqishni rejalashtirmayotganini aytgan. Filippin bir necha o‘nlab yillar AQSh mustamlakasi bo‘lib kelgan va hanuzgacha uni AQSh bilan bir necha harbiy kelishuvlar bog‘lab turadi.

"Hech qanday yangi harbiy ittifoqlar bo‘lmaydi. Mavjudlari bilan esa aloqa uzilmaydi. Men faqatgina dunyo shundoq ham qaynayotganda, ixtiloflar alangasiga yoqilg‘i sepmaslik kerakligini aytmoqdaman", deb aytdi Duterte unga hamrohlik qilgan filippinlik jurnalistlarga.

Bundan tashqari, Duterte AQSh prezidenti Barak Obamani yana haqoratlab, uni "yaramas" deb atadi. 

Duterte Obamani bir necha marta haqoratlagan, Obama esa bunga Duterteni "turfa yigit" deb atagancha javob bergan.

Mavzuga oid