O‘zbekiston | 21:10 / 28.03.2017
26734
9 daqiqa o‘qiladi

Prezident qarori asosida O‘zbekistondagi barcha dehqon bozorlari zamonaviy majmualarga aylantiriladi

Foto: UzNews

O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyevning «2017-2019 yillar davrida dehqon bozorlarini rekonstruksiya qilish va ularning hududida zamonaviy savdo majmualari qurish dasturini tasdiqlash to‘g‘risida»gi qarori e'lon qilindi. Hujjat matni O‘zA tomonidan keltirilgan.

Davlatimiz mustaqilligi davrida dehqon bozorlarining moddiy-texnika bazasini mustahkamlash, xaridorlar va sotuvchilar uchun qulay shart-sharoitlar yaratish, respublikaning yirik sanoat shaharlari va qishloq tumanlari markazlarida faoliyat ko‘rsatayotgan bozorlar hududlarini obodonlashtirish borasida muhim ishlar amalga oshirildi. 

Keyingi 5 yilda Toshkent shahrida va hududlarda 17ta dehqon bozori mukammal rekonstruksiya qilindi. Xususan, Toshkent shahridagi "Oloy" va "Mirobod" bozorlari to‘liq buzib tashlandi va ularning o‘rnida an'anaviy sharq bezagi elementlaridan foydalanilgan yangi zamonaviy dehqon bozorlari barpo etildi. 

Bundan tashqari, ayrim shaharlarda, viloyatlar va yirik tuman markazlarida ham dehqon bozorlarini buzib tashlash, qayta qurish va rekonstruksiya qilish ishlari amalga oshirildi, ularning o‘rnida barcha zarur muhandislik-kommunikatsiya infratuzilmasiga hamda sotuvchilar va xaridorlar uchun qulayliklarga ega bo‘lgan zamonaviy obod bozor majmualari barpo etildi. 

Shu bilan bir qatorda, olib borilgan ishlarga qaramasdan, aksariyat dehqon bozorlarida xavfsizlik choralari, xususan, bino va inshootlarda yong‘in xavfsizligi talablari, sanitariya qoidalari, normalari va gigiyena normativlari to‘liq inobatga olinmaganligi, shuningdek, avtomobil to‘xtash joylarining yetishmasligi kabi holatlar sotuvchi va xaridorlar uchun bir qator noqulayliklar tug‘dirmoqda. 

Hozirgi vaqtda faoliyat ko‘rsatayotgan 328 ta dehqon bozorini har tomonlama tanqidiy tahlil qilish: 

- bozorlarning 70 foizidan ortig‘ining (231) moddiy-texnika bazasi savdoni tashkil etishning zamonaviy talablariga (muhandislik-kommunikatsiya tarmoqlari, savdo rastalari, obodonlashtirish, avtomobillar to‘xtash joylari va boshqalar) javob bermasligini; 

- tumanlardagi qishloq aholi punktlarida joylashgan bozorlarning 20 foizidan ortig‘i (59) haftada faqat bir kun va zarar ko‘rib ishlashini; 

- bozorlarning 90 foizidan ortig‘i (301) zamonaviy qurilish normalari talablari va savdo xizmati ko‘rsatish shartlari hisobga olingan holda mukammal ta'mirlashni talab etishini; 

- respublika qishloq tumanlari aholisi amalda bozorlarda zamonaviy to‘lov tizimlaridan (plastik kartochkalardan) foydalanib qishloq xo‘jaligi mahsulotlari va kundalik ehtiyoj tovarlarini sotib olish imkoniyatiga ega emasligini, aholiga savdo xizmatlari ko‘rsatish darajasi ham zamonaviy talablarga javob bermasligini ko‘rsatdi. 

Dehqon bozorlarining asosiy qismi katta hududlarni egallaydi, ko‘pincha aholi uchun iste'mol tovarlarining eng zarur turlari sotuvda bo‘lmaydi. 

Ushbu barcha omillar dehqon bozorlarini rekonstruksiya qilish va ularni yanada rivojlantirish strategiyasini tubdan qayta ko‘rib chiqish zarurligini ko‘rsatmoqda. 

Dehqon bozorlarining me'moriy qiyofasini yaxshilash va zamonaviy savdo-bozor infratuzilmasini shakllantirish maqsadida O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining “2017-2019 yillar davrida dehqon bozorlarini rekonstruksiya qilish va ularning hududida zamonaviy savdo majmualari qurish dasturini tasdiqlash to‘g‘risida”gi qarori qabul qilindi. 

Dehqon bozorlarini rekonstruksiya qilishni davom ettirish konsepsiyasining asosiy yo‘nalishlari etib quyidagilar belgilandi: 

- bozorlar sonini va ular egallab turgan maydonlarni maqbullashtirish; 

- bozorlar hududida mijozlarga sifatli servis xizmati ko‘rsatishni tashkil etgan holda oziq-ovqat va iste'mol tovarlari bilan savdo qilishga mo‘ljallangan zamonaviy savdo majmualari qurish; 

- qishloq xo‘jaligi mahsulotlari sotiladigan bozorlarni rekonstruksiya qilish, sendvich-panellardan keng foydalanilgan holda yengil konstruksiyali yig‘ib-teriladigan savdo pavilonlari barpo etishni va zarur muhandislik kommunikatsiyalari bilan ta'minlashni nazarda tutuvchi qulay shart-sharoitlar yaratish. 

Qaror bilan dehqon bozorlarini rekonstruksiya qilish dasturi tasdiqlandi, unda quyidagilar nazarda tutilgan: 

birinchi – dehqon bozorlari hududida zamonaviy savdoning barcha talablariga javob beradigan 3 qavatli gipermarketlar (9), 2 qavatli supermarketlar (28), 1 qavatli supermarketlar (126) va minimarketlar (79), shuningdek, ularga tutash hududlarda avtomobillarga mo‘ljallangan avtoturargohlar barpo etish; 

ikkinchi – sendvich-panellardan keng foydalangan holda yengil konstruksiyali yig‘ib-teriladigan qishloq xo‘jaligi mahsulotlari sotishga ixtisoslashgan savdo pavilonlari qurish; 

uchinchi – 59 ta samarasiz va zarar ko‘rib ishlayotgan dehqon bozorlarini optimallashtirish, keyinchalik ularning hududida zamonaviy savdo va oziq-ovqat obektlari qurish. 

Alohida ta'kidlab o‘tish joizki, quyidagilar loyihalarni moliyalashtirish manbalari hisoblanadi: 

respublikaning qishloq tumanlaridagi dehqon bozorlari hududida tashkil etiladigan savdo majmualari qurilishi, ular hududini obodonlashtirish va avtoturargohlar tashkil qilishga – “O‘zmilliybank” mablag‘lari; 

yirik shaharlardagi dehqon bozorlari hududida tashkil etiladigan savdo majmualari qurilishi, ular hududini obodonlashtirish va avtoturargohlar tashkil qilishga – birinchi navbatda tadbirkorlar mablag‘lari hisobiga, shu jumladan, tijorat banklarining kamida 5 yil muddatga beriladigan, O‘zbekiston Respublikasi Markaziy bankining qayta moliyalashtirish stavkasidan oshirilmaydigan stavka bo‘yicha kredit mablag‘lari; 

respublikaning shahar va tumanlarida faoliyat ko‘rsatayotgan dehqon bozorlari hududida quriladigan savdo majmualarining yonida tashkil etiladigan sendvich-panellardan keng foydalaniladigan yengil konstruksiyali savdo pavilonlarini tashkil etishda – “O‘zmilliybank” mablag‘lari. 

Dastlabki hisob-kitoblarga ko‘ra, Dasturni amalga oshirishga jami 746 milliard so‘m, shundan 631,5 milliard so‘m “O‘zmilliybank” mablag‘lari va 81,5 milliard so‘m tadbirkorlik sub'yektlarining o‘z mablag‘lari hamda tijorat banklarining imtiyozli kredit resurslari jalb etiladi. 

Eng muhimi, respublikaning qishloq tumanlarida faoliyat ko‘rsatib turgan dehqon bozorlari hududida tashkil etiladigan 3 ta 3 qavatli gipermarket, 21 ta 2 qavatli va 116 ta 1 qavatli supermarket hamda 63 ta minimarket qurilishi “O‘zmilliybank” tomonidan amalga oshirilib, keyinchalik mahalliy hokimliklar bilan birgalikda, joylardagi moliyaviy barqaror tadbirkorlarga xususiy mulk sifatida sotilishi ko‘zda tutilgan. 

Bundan tashqari, respublika shaharlarida quriladigan 6 ta zamonaviy gipermarket, 17 ta supermarket hamda 16 ta minimarket qurilishi Qoraqalpog‘iston Respublikasi Vazirlar Kengashi, viloyatlar va shaharlar hokimliklari tomonidan tavsiya etilgan moliyaviy barqaror bo‘lgan mahalliy tadbirkorlarning o‘z mablag‘lari hisobidan amalga oshirilishi belgilangan. 

Dehqon bozorlari hududida quriladigan 531 ta zamonaviy va ixcham yengil temir konstruksiyalardan foydalangan holda yig‘ib-teriladigan savdo rastalarining qurilishini moliyalashtirish, shuningdek, “O‘zmilliybank” mablag‘lari hisobidan amalga oshiriladi. 

2017 yilning 1 aprelidan boshlab respublika hududlarida 50 ta va undan ortiq savdo o‘rinlari mavjud bo‘lgan barcha dehqon bozorlarida davlat soliq xizmati organlarining xodimlari tomonidan yig‘imning to‘liqligini har kuni tekshirgan holda faqat bank tizimi orqali bir martalik yig‘imlar undirilishining avtomatlashtirilgan tarzda hisobga olinishi majburiy tartibda joriy etiladi. 

Bundan tashqari, 2017 yilning 1 aprelidan boshlab dehqon bozorlariga tegishli hududda joylashgan avtoto‘xtash joylari mazkur bozorlar ixtiyoriga o‘tkaziladi. Avtoto‘xtash joylaridan tushadigan pul tushumlari hisobidan bozorlar va savdo komplekslarning daromadlari oshadi, bu esa bir vaqtning o‘zida bozorlar daromadlaridan davlat byudjyetiga ajratmalar ortishini ta'minlaydi. 

Dasturning amalga oshirilishi dehqon bozorlarining soni va hududi maqbullashtirilishini, ularning maydonlaridan va infratuzilma obektlaridan samarali foydalanilishini, qishloq xo‘jaligi mahsulotlari bilan savdo qilish sohasida yagona davlat siyosati amalga oshirilishini, xaridorlar uchun qulay savdo muhiti yaratilishini, savdoni hisob-kitob terminallari orqali tashkil etish hisobiga naqd pul mablag‘lari aylanmasi qisqarishini, shuningdek, respublikada 2020 yilda dehqon bozorlari to‘liq rekonstruksiya qilinishini ta'minlaydi.

Mavzuga oid