O‘zbekiston | 13:29 / 24.09.2020
18976
3 daqiqa o‘qiladi

Namangandagi Hyundai zavodi qurilishi shu yil oktabr oyi oxirida boshlanadigan bo‘ldi

Namangan shahrida Koreya Respublikasi Savdo, sanoat va energetika vazirligi huzuridagi Koreys-O‘zbek assotsiatsiyasi raisining birinchi o‘rinbosari Kim Chang Keon va viloyat hokimi Xayrullo Bozorov o‘rtasida uchrashuv bo‘lib o‘tdi.

Uchrashuv davomida «Namangan» erkin iqtisodiy zonasida «Hyundai» tijorat avtomobillarini ishlab chiqaradigan zavod qurilishi bo‘yicha loyihani amalga oshirishning keyingi amaliy bosqichlari bo‘yicha kelishuvlarga erishildi, deb xabar bermoqda viloyat hokimligi axborot xizmati.

Xabar qilinishicha, uchrashuvda «Hyundai Motors» Janubiy Koreya kompaniyasining investitsion loyihaning texnik parametrlarini hal etishiga qarab, loyihani amalga oshirishni 2020 yil oktabr oyining oxirigacha boshlash mo‘ljallanayotgani ta'kidlangan.

Shuningdek, obekt qurilishi bo‘yicha rejalar bilan tanishish maqsadida «Namangan» erkin iqtisodiy zonasidagi avtomobil zavodi uchun ajratilgan hududga tashrif amalga oshirilgan.

Namanganda Janubiy Koreyaning «Hyundai Motors» kompaniyasi bilan birgalikda zavod barpo etilishi haqida so‘nggi ikki yildan buyon gapirilmoqda.

2018 yil 17 noyabrda To‘raqo‘rg‘on tumanida «Hyundai» tijorat avtomobillari ishlab chiqarish yangi zavodini qurilish loyihasi boshlanishiga bag‘ishlangan «Tamal toshi qo‘yish» marosimi bo‘lib o‘tgan edi.

Koreya Respublikasining «Hyundai Motor», «Evergreen Motors» va «Posco-Daewoo corporation» kompaniyalari hamkorligida qurilishi rejalashtirilgan bu zavod, 2019 yilning sentyabrida ilk mahsulotlarini chiqarishni boshlashi ma'lum qilingan edi.

Zavodda dastlab yiliga 400ta kichik yuk mashinalari, mikroavtobuslar hamda avtobuslar ishlab chiqarilishi, bosqichma-bosqich bu ko‘rsatkich 2500taga yetkazilishi, mahalliylashtirish dasturi asosida 50 foiz ehtiyot qismlarni shu yerning o‘zida ishlab chiqarish ko‘zda tutilgani, dastlabki bosqichda 150ta yangi ishchi o‘rni yaratilishi, zavod to‘la ishga tushganda mingdan ziyod ish o‘rni yaratilishi e'lon qilingan edi.

2019 yil 19 aprel kuni Namangan viloyatining To‘raqo‘rg‘on tumanida “Hyundai Motor Uz Namangan” qo‘shma korxonasi zavodi qurilishi boshlanishiga bag‘ishlab vaqt kapsulasi qo‘yish marosimi bo‘lib o‘tgan edi.

2019 yilning oktabr oyi so‘ngida Namangandagi Hyundai zavodi qurilishini jadallashtirish bo‘yicha qo‘shimcha investitsion shartnoma imzolangan, Hyundai tijorat avtomobillari ishlab chiqarish zavodidan ilk mahsulotning chiqishi 2020 yilning birinchi yarim yilligida amalga oshishi belgilab olingani ma'lum qilingan edi.

Mavzuga oid