O‘zbekiston | 10:40 / 18.11.2018
33660
3 daqiqa o‘qiladi

Namanganda Hyundai avtozavodiga tamal toshi qo‘yildi. Zavod 2019 yil sentabrida ishga tushadi

17 noyabr kuni Namangan viloyati hokimligida «Hyundai» tijorat avtomobillari ishlab chiqarish loyihasini amalga oshirish bo‘yicha investitsion shartnomani imzolash marosimi bo‘lib o‘tdi.

Shartnomani O‘zbekiston Respublikasi tomonidan Namangan viloyati hokimi Xayrullo Bozorov, O‘zbekiston Respublikasi Investitsiyalar bo‘yicha Davlat qo‘mitasi raisining birinchi o‘rinbosari Laziz Qudratov, Koreya Respublikasi tomonidan «Hyundai Motor» ijrochi vitse-prezidenti Li In Cheol, «Posco-Daewoo corporation» kompaniyasi vitse-prezidenti Li Sang Xun, «Evergreen Motors» kompaniyasi prezidenti Kim Chang Keon imzolashdi.

Kunning ikkinchi yarmida To‘raqo‘rg‘on tumanida «Hyundai» tijorat avtomobillari ishlab chiqarish yangi zavodini qurilish loyihasi boshlanishiga bag‘ishlangan «Tamal toshi qo‘yish» marosimi bo‘lib o‘tdi.

Tadbirda Namangan viloyati hokimi Xayrullo Bozorov, Koreya Respublikasining O‘zbekistondagi favqulodda va muxtor elchisi Kvon Yon U, «Hyundai Motor» ijrochi vitse-prezidenti Li In Cheol, «Posco-Daewoo corporation» kompaniyasi vitse-prezidenti Li Sang Xun, «Evergreen Motors» kompaniyasi prezidenti Kim Chang Keon, O‘zbekiston Respublikasi Tashqi savdo vazirining o‘rinbosari Sohib Saifnazarov, O‘zbekiston Respublikasi prezidenti adminstratsiyasi mas'ul xodimi Bekzod Yusupov va boshqa rasmiy idora vakillari, xalqaro va mahalliy ommaviy axborot vositalari jurnalistlari ishtirok etishdi.

Tamal toshi qo‘yish marosimida koreyalik ishbilarmonlarning kengaytirilgan guruhi hamda Malayziya, Indoneziya, Xitoy Xalq Respublikasi va Tailand Respublikasidan investorlar ham qatnashishgan.

«O‘zbekiston prezidenti Shavkat Mirziyoyevning 2017 yil 22-25 noyabr kunlari Koreya Respublikasiga amalga oshirgan davlat tashriflari, mustaqillikning ilk kunlaridan beri yuqori darajada davom etib kelgan hamkorligimizda yangi sahifa ochdi. Tashrif doirasida bo‘lib o‘tgan biznes-forumda Shavkat Mirziyoyevning koreyalik ishbilarmonlarga murojaatlari, hamkorlarimizni O‘zbekiston bozoriga yanada katta odimlar bilan kirib kelishlariga ishonch berdi», deyiladi viloyat hokimligi tomonidan «Kun.uz»ga berilgan ma'lumotda.

Koreya Respublikasining «Hyundai Motor», «Evergreen Motors» va «Posco-Daewoo corporation» kompaniyalari hamkorligida qurilishi rejalashtirilgan bu zavod, 2019 yilning sentabrida ilk mahsulotlarini chiqarishga boshlaydi. Dastlab yiliga 400ta kichik yuk mashinalari, mikroavtobuslar hamda avtobuslar ishlab chiqariladi. Bosqichma-bosqich bu ko‘rsatkich 2500taga yetkaziladi. Mahalliylashtirish dasturi asosida 50 foiz ehtiyot qismlarni shu yerning o‘zida ishlab chiqarish ko‘zda tutilgan. Dastlabki bosqichda 150ta yangi ishchi o‘rni yaratiladi. Zavod to‘la ishga tushganda, mingdan ziyod ish o‘rni paydo bo‘ladi.

Mavzuga oid