Jamiyat | 12:38 / 24.12.2024
3429
7 daqiqa o‘qiladi

Davlat xizmatlari sohasidagi so‘nggi yangiliklar va yengilliklar ma’lum qilindi

Davlat xizmatlari sohasidagi yangiliklar, o‘zgarishlar bevosita aholi va davlat o‘rtasidagi munosabatlarga ta’sir qiladi.

Foto: Kun.uz

Mamlakatimizda davlat xizmatlarini ko‘rsatishda byurokratizm, sansalorlik va boshqa ma’muriy to‘siqlarni bartaraf etish, eskirgan va zamon talablariga mos kelmaydigan tartib-taomillarni tubdan qisqartirishga qaratilgan tizimli ishlar amalga oshirilmoqda.

Sohadagi so‘nggi o‘zgarishlar haqida adliya vaziri o‘rinbosari Xudoyor Meliyev kun.uz muxbiriga gapirib berdi.

Aholiga davlat xizmatlarini qulay va oson shakllarda ko‘rsatish ko‘lamini oshirish va fuqarolarning idorama-idora sarson bo‘lib yurishining oldini olish maqsadida Vazirlar Mahkamasining «O‘zbekiston Respublikasi hukumatining ayrim qarorlariga o‘zgartirishlar va qo‘shimchalar kiritish to‘g‘risida» 2024 yil 18 dekabrdagi 847-sonli qarori qabul qilindi. Mazkur qaror bilan 5 turdagi davlat xizmatlari proaktiv tarzda ko‘rsatish yo‘lga qo‘yilmoqda.

Proaktiv davlat xizmati deyilganda jismoniy va yuridik shaxslarning murojaatlarisiz vakolatli organlar tashabbusi bilan ko‘rsatiladigan davlat xizmatlari tushuniladi. Ushbu qaror bilan:

  • elektr energiyasini hisobga olish uskunalarini davriy qiyoslashdan o‘tkazish;
  • tabiiy gazni hisobga olish uskunalarini davriy qiyoslashdan o‘tkazish;
  • ichimlik suvini hisobga olish uskunalarini davriy qiyoslashdan o‘tkazish;
  • issiq suvni hisobga olish uskunalarini davriy qiyoslashdan o‘tkazish;
  • xususiy bandlik agentliklarini Xususiy bandlik agentliklarining reyestriga kiritish xizmatlarini proaktiv tarzda ko‘rsatilishi belgilandi.

Misol tariqasida, ichimlik suvini hisobga olish uskunalarini davriy qiyoslashdan (jismoniy shaxslar uchun – 8 yil, yuridik shaxslar uchun – 4 yil) o‘tkazish endilikda iste’molchilarning murojaatisiz amalga oshiriladi.

Bunda, ta’minotchi korxonaning mas’ul xodimi hisobga olish uskunasining davriy qiyoslov muddatiga 3 oy qolganda proaktiv shaklda hisobga olish uskunasi mulkdorining ishtirokida hisobga olish uskunasini yechib oladi va 2 nusxada dalolatnoma tuzadi.

Shundan so‘ng, hisobga olish uskunasi ta’minotchi korxona tomonidan dalolatnoma bilan birga metrologiya xizmatiga topshiriladi va 3 ish kuni ichida metrologiya xizmati tomonidan qiyoslashdan o‘tkaziladi.

Hisobga olish uskunasi qiyoslashdan o‘tkazilgandan so‘ng, ta’minotchi korxona tomonidan 3 ish kuni ichida hisobga olish uskunasi fuqaroning ishtirokida o‘rnatilib, 3 nusxada dalolatnoma tuzilgan holda tamg‘alanadi.

Davlat xizmati ko‘rsatilganligi uchun yig‘im jismoniy va yuridik shaxslarning shaxsiy hisobvarag‘idan avtomat ravishda yechib olinadi.

6 turdagi davlat xizmatlari kompozit tarzda ko‘rsatish yo‘lga qo‘yilmoqda:

  • ko‘chmas mulkka bo‘lgan huquqni davlat ro‘yxatidan o‘tkazish va ushbu manzilga doimiy yashash joyi bo‘yicha ro‘yxatga qo‘yish;
  • ko‘chmas mulk ijara yoki tekin foydalanish shartnomalarini davlat soliq xizmati organlarida hisobga qo‘yish va ushbu manzilga vaqtincha turgan joyi bo‘yicha ro‘yxatga qo‘yish;
  • davlatga tegishli bino yoki inshootni bir yildan kam bo‘lmagan muddatga ijaraga berish va ko‘chmas mulkka bo‘lgan huquqni davlat ro‘yxatidan o‘tkazish;
  • E-auksion elektron savdo platformasida ko‘chmas mulk obektlarini sotish va ko‘chmas mulkka bo‘lgan huquqlarni davlat ro‘yxatidan o‘tkazish;
  • tibbiy faoliyat uchun litsenziya bilan birga rentgen uskunasidan foydalanish uchun ruxsatnoma olish;
  • xavfli yuklarni tashish uchun sig‘imlarning yaroqliligi to‘g‘risida xulosa bilan birga yadroviy va radioaktiv materiallar, radiatsiya manbalari, radioaktiv chiqindilar va qurilmalarni tashish shartlari va usullarining sanitariya qoidalariga muvofiqligi to‘g‘risida xulosa olish.

Kompozit davlat xizmati bu jismoniy va yuridik shaxslarning bitta murojaati asosida vakolatli organlar tomonidan ko‘rsatiladigan ikki va undan ortiq davlat xizmatlari majmuasidir.

Ushbu qaror bilan o‘zgarishlarga asosan, misol uchun, arizachilar ko‘chmas mulkka bo‘lgan huquqni davlat ro‘yxatidan o‘tkazish (Davlat kadastrlari palatasi) bilan bir vaqtning o‘zida xohishiga ko‘ra ushbu manzilga doimiy yashash joyi bo‘yicha ro‘yxatga qo‘yish (Ichki ishlar vazirligi) uchun murojaat yo‘llashi mumkin.

Bunda, Davlat kadastrlari palatasi tomonidan ko‘chmas mulkka bo‘lgan huquq davlat ro‘yxatidan o‘tkazilganda Ichki ishlar vazirligi tomonidan arizachi ushbu manzilga doimiy yashash joyi bo‘yicha ro‘yxatga qo‘yiladi.

Hozirgi vaqtga qadar mazkur jarayonlar vakolatli organlar tomonidan alohida murojaatlar asosida amalga oshirilgan.

Mazkur qaror bilan belgilangan davlat xizmatlarini proaktiv va kompozit shaklda ko‘rsatilishi 2 oy muddatda yo‘lga qo‘yiladi.

Vazirlar Mahkamasining 2022 yil 21 fevraldagi 86-son qaroriga o‘zgartirish va qo‘shimchalar kiritish orqali quyidagi 2 turdagi ruxsat etish xususiyatiga ega davlat xizmatlari ko‘rsatish pasportlari tasdiqlandi:

  • maxsus kiritiladigan biologik aktiv moddalar, yangi kimyoviy moddalar, oziq-ovqat qo‘shimchalari, biologik vositalar va materiallar polimer va plastik massalar, parfyumeriya-kosmetika mahsulotini olib kirish xamda ishlab chiqarish uchun ruxsatnoma;
  • madaniy boyliklarni O‘zbekiston Respublikasidan olib chiqish yoki vaqtincha olib chiqish huquqini beruvchi sertifikat olish.

Vazirlar Mahkamasining 2022 yil 25 fevraldagi 88-son qaroriga quyidagi 3 turdagi faoliyat turlarini xabardor etishni nazarda tutuvchi davlat xizmatlarini ko‘rsatish pasportlari tasdiqlandi:

  • bojxona brokeri faoliyati;
  • xalqaro kur’yerlik jo‘natmalarini yetkazib berish bo‘yicha faoliyati;
  • nodavlat arxivlarni tashkil etish bo‘yicha faoliyat.

Shu munosabat bilan, Vazirlar Mahkamasining 2012 yil 5 apreldagi

101-son qarori bilan tasdiqlangan Arxivlarni tashkil etish, qayta tashkil etish va tugatish tartibi to‘g‘risidagi nizomda (3-ilova) belgilangan nodavlat arxivlar faoliyatini tashkil etishga doir ortiqcha tartiblar bekor qilindi.

Yaqinda tashkil etilgan matbuot anjumanida adliya vaziri o‘rinbosari 2018 yil 1 yanvarda faoliyat boshlagan paytda DXMlar tomonidan dastlab 37 turdagi xizmat ko‘rsatilgan bo‘lsa, hozirda 403 turdagi xizmatlar ko‘rsatilayotganligini, har kuni o‘rtacha 100 mingga yaqin fuqarolarimiz Davlat xizmatlari markazlariga tashrif buyurib, xizmatlardan foydalanayotganligini ta’kidlagan edi.

Xususan, fuqarolarning shaxsan o‘zi kelgan holda 2023 yil davomida 9,3 mln.dan ortiq davlat xizmatlari ko‘rsatilgan bo‘lsa, 2024 yilning o‘tgan davrida bu ko‘rsatkich 10,5 mln.dan ortiqni tashkil etdi.

Mavzuga oid