Jamiyat | 09:11 / 27.05.2017
48162
4 daqiqa o‘qiladi

Xitoydan izlagan dastgohlarini Andijondan topgan tadbirkorlar taassuroti

Joriy yilning fevral oyida saytimiz orqali Andijon viloyat, Bo‘z tumanidagi mini-zavod va dastgohlar ishlab chiqaruvchi korxona faoliyati haqida maqola e'lon qilingan edi.

Bu maqola yurtimizning barcha viloyatlarida yashovchi ko‘plab tadbirkorlarni qiziqtirib qo‘ygani tahririyat va muallifga qilingan ko‘plab murojaatlarda aks etdi.

O‘sha maqola chiqqan payt  UZMOLREKI - BO’ZFARM tomonidan tayyorlangan uskunalar yordamida respublikamizning turli hududlarida joylashgan 223 ta mini-zavodda 2 million nafardan ziyod kishi ish olib borayotgan bo‘lsa, o‘tgan to‘rt oy davomida yuqoridagi raqamlar soni bir qanchaga ortdi.

Korxonada qizilmiya o‘simligi tomirini qayta ishlovchi texnologiya yig‘ilibdi. Yangi uskunalar bilan tanishish uchun UZMOLREKI - BO’ZFARMga borganimizda, qizilmiya texnologiyasidan tashqari, Qashqadaryo va toshkentlik tadbirkorlar uchun saryog‘ hamda ho‘jalik sovuni ishlab chiqaruvchi dastgohlarda sinov ishlari olib borilayotganiga guvoh bo‘ldik. Faqat chet elda terilishi mumkin, deb o‘ylaganimiz - zamonaviy yelim ishlab chiqaruvchi mini-zavod ham tayyor ekan. Bizni, ayniqsa, “Popkorn” o‘zbekchasiga aytganda - bodroq pishiradigan mini-uskuna qiziqtirib qo‘ydi. Arzon va kichik biznes uchun har tomonlama qulay agregatga xaridorlar juda ko‘p.

Korxonaga dastgoh buyurtma berish uchun Navoiy viloyatidan kelgan tadbirkor Nishonaxon Narzullayevaning esa taassurotlari bir jahon. Tadbirkorning qo‘lida Kun.uz sayti orqali fevral oyida e'lon qilingan maqolaning printerda chiqarib olingan nusxasi bor ekan.

– Korxona haqida internetda o‘qigach, qiziqib topib keldik, - deydi tadbirkor. - Navoiyda kasb-hunar kolleji bitiruvchilari uchun ishlab chiqarish maydoni tashkil etmoqchiman. Xitoy va Rossiyada safarda bo‘lib, o‘zimiz uchun kerakli dastgohlar izlab, hech qoniqmagan edim. Mana, izlagan uskunalarni shu yerda ko‘rib turibman. Tozalash vositalari, popkorn, maktab o‘quv qurollari ishlab chiqaruvchi mini-dastgohlarga shartnoma tuzib, kollej bitiruvchilarini bosqichma-bosqich ish bilan ta'minlamoqchimiz. Maqsadim, shu yilning o‘zida 20 nafar yoshni ishlik qilish”, deydi Nishonaxon opa.

Tadbirkori ko‘p yurt farovon bo‘lishi bor gap. Korxona rahbari Ibrohimjon Saidoxunov hududi yonidan o‘tgan katta yo‘l yoqasida mikroiqlimli gulzor tashkil etib, turli chiroqlar o‘rnatibdi. Ishchilar bilan birgalikda yaratilgan bog‘ ham atrofga ko‘rkamlik baxsh etib turibdi.

Korxona keyingi haftada tadbirkorlik bilan shug‘ullanish istagida bo‘lgan kasb-hunar kolleji bitiruvchilari uchun ko‘rgazmali mahorat darsi o‘tkazmoqchi. Ushbu tadbir ko‘plab yoshlarimizning kelajagida ijobiy burilish yasashiga esa shubhamiz yo‘q.              

     

Kun.uz muxbiri Elmurod Ermatov, Andijon

Kun.uz yangiliklarini Google News'da kuzating
+ Obuna bo'lish

Mavzuga oid