00:20 / 19.07.2017
6582

O‘zbekistonning sayyohlik hududlarida bepul WI-FI sinovdan o‘tkaziladi

2017 yil 18 iyul kuni "O‘zbektelekom" AK bosh idorasida jurnalistlar uchun matbuot anjumani tashkil etildi. Tadbir davomida ochiq muloqot tashkil etilib, OAV tomonidan berilgan savollarga kompaniya rahbariyati javob berdi. 

Anjumanda "O‘zbektelekom"ning istiqboldagi rejalari, amalga oshiriladigan yangi loyihalar haqida ma'lumotlar berildi.  Kompaniya o‘z ish tuzilmasini tubdan yangilagani va bu esa kelajakda mijozlar uchun eng yaxshi xizmatni taqdim etishga yordam berishi alohida qayd etildi. Shu o‘rinda  "O‘zbektelekom" AK bosh direktori Shuhrat Qodirov bepul WI-FI hududlarini tashkil etish bo‘yicha ham qator ishlar olib borilayotganini ma'lum qildi. 

"So‘nggi vaqtlarda shahardagi ayrim bog‘ va dam olish maskanlarida ham pulli, ham bepul WI-FI  xizmatidan foydalanish mumkin. Shu haftada biz yangi loyihani sinovdan o‘tkazishni rejalashtirganmiz. Bu qanday loyiha va kim bilan hamkorlikda amalga oshirilishini hozircha e'lon qila olmaymiz. Maqsad - O‘zbekistonning ko‘plab insonlar tashrif buyuruvchi sayyohlik hududlaridagi 200dan ortiq nuqtalariga bepul WI-FI yetkazib berishdir", deya qayd etdi Shuhrat Qodirov.

Avvalroq “O‘zbektelekom” tomonidan metropolitenda internet va telefon xizmatining yo‘lga qo‘yilishi ma'lum qilingan edi.

Mavzuga oid
Top