O‘zbekiston | 20:04 / 21.12.2024
8276
6 daqiqa o‘qiladi

G‘oyib bo‘lgan mashinalar ishi: asosiy figurant Abdulla Abdurasulovning sheriklari qamaldi, uning o‘zini tergovchi qo‘yib yuborgan

50 nafarga yaqin kishini chuv tushirib, ularning turli rusumdagi mashinalarini bojxona chegara posti orqali Qozog‘istonga olib chiqib ketgan Abdulla Abdurasulovning ikki jinoiy sherigiga sud hukmi o‘qildi. Chegara orqali chiqarib yuborilgan avtomobillar taqdiri ochiq qolgan. Uning o‘zi esa hamon ochiqda. Kun.uz aniqlashicha Abdurasulov ushlangan. Ammo negadir Chirchiq shahar IIB tergovchisi uni qo‘yib yuborgan.

Odamlarning mashinasini bo‘lib to‘lash sharti bilan olib, Qozog‘istonga o‘tkazib sotib yuborish bo‘yicha jinoiy sxema tuzgan Abdulla Abdurasulov haqida ikki qismli katta surishtiruvni tomosha qilgan bo‘lsangiz kerak

Yirik uyushgan guruhning asosiy figuranti bo‘lgan va ayni paytda ochiqda qolayotgan Abdulla Abdurasulovning sheriklariga sud hukmi o‘qildi. Kun.uz sud hujjati bilan tanishdi.

Sud hukmida keltirilishicha, 1988 yilda tug‘ilgan Anvar Mingishev hamda 1992 yilda tug‘ilgan Baurjan Hakimbayev Abdulla Abdurasulovning jinoiy sheriklari bo‘lgan. Jinoiy guruh aldov yo‘li bilan odamlardan “vykup”ga mashina sotib olgan. So‘ngra ushbu mashinalarni chegara postlari orqali Qozog‘istonga o‘tkazib, u yerdagi jinoiy sheriklari orqali qalbaki hujjatlar yordamida Qozog‘iston fuqarolariga sotib yuborishni maqsad qilgan.

Jinoiy guruhga Abdulla Abdurasulov rahbarlik qilgan. U Anvar Mingishev hamda Baurjan Hakimbayevga bajarishlari lozim bo‘lgan vazifalarini taqsimlab bergan.

Jumladan, Abdulla Abdurasulov qo‘lga kiritilgan mashinalarni Qozog‘istonga olib o‘tib, jinoiy guruhning u yerdagi boshqa a’zolari bilan qalbaki hujjatlar tayyorlash orqali davlat ro‘yxatidan o‘tkazish hamda sotib yuborishni tashkil qilgan.

Anvar Mingishev hamda Baurjan Hakimbayev esa O‘zbekistonda sotilishi to‘g‘risida e’lon berilgan mashinalarning egalari bilan suhbatlashib, transport vositasini bo‘lib to‘lash sharti asosida sotib olish bo‘yicha kelishuvga erishgan. So‘ngra mashinalarning egalari bilan ko‘rishib, boshlang‘ich to‘lov bergan holda oylik to‘lovlarni o‘z vaqtida to‘lab borishga ishontirgan. Boshqarish huquqini beruvchi ishonchnoma rasmiylashtirib olganlaridan so‘ng esa mashinalarni o‘zga shaxslarga sotish yoki garovga berish vakolati yo‘qligini bila turib, Qozog‘istonga olib o‘tishni ta’minlagan.

Dastlabki tergovda jinoiy guruh jami 36 ta mashinani shu yo‘l orqali qozog‘istonlik shaxslarga sotib yuborgani hamda pullarni mashinalar egalariga to‘lab bermasdan, sarflab yuborgani aniqlangan.

Xususan, Anvar Mingishev hamda Baurjan Hakimbayev 6 ta mashinani (Cobalt, Monza) shu tartibda Qozog‘istonga o‘tkazib yuborgan. Mashinalarning Qozog‘istonga olib chiqib ketilgani Toshkent viloyati Bojxona boshqarmasi ma’lumotlari bilan tasdiqlangan.

Sudda Anvar Mingishev hamda Baurjan Hakimbayev ayblariga qisman iqrorlik bildirgan. Ularning aybi jabrlanuvchilarning ko‘rsatmalari bilan to‘liq tasdiqlangan.

Sud hukmi bilan Anvar Mingishev Jinoyat kodeksining 168-moddasi (Firibgarlik) 4-qismi “a, v” bandlari, 227-moddasi (Hujjatlar, shtamplar, muhrlar, blankalarni, avtomototransport vositalarining va ular tirkamalarining (yarim tirkamalarining) davlat raqam belgilarini egallash, nobud qilish, ularga shikast yetkazish yoki ularni yashirish) 1-qismi va 228-moddasi (Hujjatlar, shtamplar, muhrlar, blankalar tayyorlash, ularni qalbakilashtirish, sotish yoki ulardan foydalanish) 2-qismi “a, b” bandlarida nazarda tutilgan jinoyatni sodir qilishda aybli deb topilgan. Unga 8 yil 2 oy muddatga ozodlikdan mahrum qilish jazosi tayinlangan.

Baurjan Hakimbayev esa Jinoyat kodeksining 168-moddasi 4-qismi “a, v” bandlari, 227-moddasi 1-qismi, 228-moddasi 2-qismi “a, b” bandlari hamda 243-moddasi (Jinoiy faoliyatdan olingan daromadlarni legallashtirish) bilan aybli deb topilib, 9 yil ozodlikdan mahrum qilingan.

Shuningdek, Anvar Mingishev va Baurjan Hakimbayevdan solidar tartibda jabrlanuvchilar foydasiga jami 1 mlrd so‘mdan ortiq mablag‘ undirilishi belgilangan. Baurjan Hakimbayev nomidagi Malibu mashinasi xatlangan.

Jinoiy guruhga rahbarlik qilgan Abdulla Abdurasulov hamon qidiruvda. Oldinroq huquqni muhofaza qiluvchi organlar xodimlari tomonidan ushlangan Abdurasulov negadir qo‘yib yuborilgan. Buni Kun.uz muxbiri bilan suhbatlashgan Baurjan Hakimbayevning turmush o‘rtog‘i ham tasdiqladi.

Kun.uz Abdulla Abdurasulov tomonidan Qozog‘istonga olib chiqib ketilgan mashinalar borasida ikki qismli surishtiruv e’lon qilgandi. U mashinalarni onlayn ishonchnoma bilan bojxona chegara postidan olib o‘tib ketish holatini “Tomojniydagilar “soqqa”sini bersangiz o‘tkazib yuboraveradi, sizning ishonchnomangizga qarab o‘tirmaydi”, deya izohlagan.

Mavzuga oid