O‘zbekiston | 19:45 / 15.02.2024
18768
3 daqiqa o‘qiladi

Shavkat Mirziyoyev Marhamat tumaniga bordi

Foto: Prezident matbuot xizmati

Prezident Shavkat Mirziyoyev Andijon viloyati Marhamat tumanidagi shaxmat maktabi va kutubxonada bo‘ldi. 

«Yurtimiz oldindan salohiyatli shaxmat maktabiga ega. Bugun ham bolalar o‘rtasida «aql gimnastikasi»ga qiziqish katta. Ularning bu ishtiyoqini qo‘llab-quvvatlash va rivojlantirish maqsadida Marhamat tumanida ham majmua bunyod etildi. Erkin Vohidov nomidagi ushbu maktabda o‘quvchilar darsdan bo‘sh vaqtlarida aql mashqidan saboq oladi. Ularning mahoratni oshirish uchun tajribali murabbiylar jalb qilingan. O‘quv-mashg‘ulot xonalari va musobaqa zali mavjud. Kompyuterlashgan ilg‘or dasturlar yoshlarga manzur bo‘lmoqda. 

Davlatimiz rahbari bu yerda saboq olayotgan o‘g‘il-qizlarning intilishlarini qo‘llab-quvvatlab, ezgu tilaklar bildirdi. Bu muassasani boshqa shaxmat maktablari bilan bog‘lab, tajriba almashib borish muhimligini ta’kidladi», deyiladi prezident matbuot xizmati xabarida.

Ushbu maktabga tutash Yoshlar kutubxonasi ham qurilgan. U keng va shinam, bir vaqtda 150 dan ortiq kitobxon mutolaa qilishi mumkin. Kutubxona 30 ming nusxadan ziyod adabiyotga ega, qator axborot markazlari tarmog‘iga ulangan. Shular bois yoshlarning sevimli maskaniga, intellektual o‘yinlar, ijodiy uchrashuvlar, kitob taqdimotlari o‘tkaziladigan qaynoq dargohga aylangan.

Prezident shu yerda andijonlik yoshlar bilan muloqot qildi. 

«Biz iqtisodiyotimizni rivojlantirib, aholi jon boshiga daromadlarni oshirish, ish joylarini ko‘paytirishga harakat qilayapmiz. Andijonda ham katta rejalarimiz bor. Bunda avvalo sizlarga tayanamiz. Har bir bilimli yosh - vatan himoyachisi», - dedi Shavkat Mirziyoyev.

Ta’lim tizimidagi yangiliklar, yosh avlodga yaratilayotgan sharoitlar, ilmiy-ijtimoiy loyihalar haqida so‘z bordi. Prezident yoshlar bilan yangi tashabbuslar yuzasidan fikrlashdi. Shuningdek, ularning takliflarini qo‘llab-quvvatlab, mutasaddilarga ko‘rsatmalar berdi.

Mavzuga oid