Iqtisodiyot | 20:24 / 08.08.2025
14264
3 daqiqa o‘qiladi

Dehqonobod kaliy zavodi yopiq tarzda xususiylashtirildi

Qarzlar hisobidan, 128 mln dollarga qurilgan Dehqonobod kaliy zavodi xususiy qo‘llarga o‘tgani ma’lum bo‘ldi. Zavod xalqaro bozorda ommaviy savdolarga chiqarilishi belgilangan edi, amalda esa ochiq savdo bo‘lgani yo‘q. Xaridor – 9 oy oldin ro‘yxatdan o‘tgan, ustav fondi 19,6 mln so‘mni tashkil etuvchi “Asian Chemical Group” MChJ.

Foto: Dehqonobod kaliy zavodi

“Dehqonobod kaliy zavodi” AJ ustav kapitalidagi aksiyalar bo‘yicha mulk huquqi va aksiyalarning 100 foizi ulushi “Asian Chemical Group” MChJga o‘tgan. Bu haqda korporativ axborotlar portalida ochiqlangan 2025 yil 8 avgustdagi yig‘ilish bayonnomasida keltirib o‘tilgan. Bunga “KorpInfo” Telegram-kanali e’tibor qaratdi.

“Davlat ishtirokidagi yirik korxonalarni transformatsiya qilish va xususiylashtirish jarayonlarini jadallashtirish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi prezident qarorida zavoddagi davlat ulushi pofessional konsultantlarni jalb qilgan holda, 2025 yilning oxirigacha xalqaro bozorda ommaviy savdolarga chiqarilishi ko‘zda tutilgandi.

Amalda esa bunday bo‘lgani yo‘q. Davlat aktivlarini boshqarish agentligi bu borada rasmiy ma’lumot bermadi.

Ma’lumot uchun, Dehqonobod kaliy zavodi – O‘zbekiston kimyo sanoatidagi eng yirik zavodlardan biri, xususiylashtirishdan oldin aksiyalari “O‘zkimyosanoat” AJga tegishli edi. Zavod qurilishi 128,2 mln dollarga tushgan, bu mablag‘lar – Tiklanish va taraqqiyot jamg‘armasi (61,7 mln dollar), Xitoy Eksimbanki (41,7 mln dollar) va Kimyo sanoati korxonalarini rivojlantirish va qo‘llab-quvvatlash jamg‘armasi (24,8 mln) kreditlari bo‘lgan.

2025 yilning 1 iyul holatiga ko‘ra, kombinatning o‘z kapitali 2,9 trillion so‘mni tashkil etadi .

Asian Chemical Group haqida

Xaridor – “Asian Chemical Group” MChJ 2024 yilning noyabr oyida ro‘yxatga olingan. Faoliyat turi – azotli birikmalar ishlab chiqarish. Ustav fondi – 19,6 mln so‘m.

Kompaniyaning qariyb 51 foiz ulushi OV Industrial Investmens L.L.C-FZ'ga, qolgan 49 foizi “New Industrial Technologies” MChJga tegishli. Rahbari sifatida Valiullin Ilgiz Azatovich ko‘rsatilgan.

New Industrial Technologies 2022 yilda O‘zbekistondagi eng yirik to‘lov operatorlaridan biri Uzpaynet'ning 100 foiz ulushdoriga aylangan edi. 2025 yil yanvarida Paynet kompaniyasi Humo to‘lov tizimining ustav kapitalidagi 100 foiz davlat ulushini 65 mln dollarga xarid qildi.

“New Industrial Technologies” MChJ 2019 yil aprel oyida davlat ro‘yxatidan o‘tgan bo‘lib, 1,1 trln so‘m ustav kapitaliga ega. Kompaniyaning 100 foiz ulushi Abdurahmonov Mustafo O‘rozboyevichga tegishli.

BAAda ro‘yxatdan o‘tgan OV Industrial Investmens L.L.C-FZ haqida esa ochiq manbalardan ma’lumot topilmadi.

Mavzuga oid