Qoʻshimcha funksionallar
-
Tungi ko‘rinish
Hukumatni tanqid qilish havoda “negativ zarralar” miqdorini oshiradi - Alisher Qodirov
Deputat Alisher Qodirov havo sifati bilan bog‘liq ekologik inqiroz fonida hukumatni himoya qilishga bel bog‘ladi. U havo ifloslanishini hukumat bilan bog‘layotgan odamlarni qo‘shtirnoq ichida “ekspert” deb atab, O‘zgidromet rahbarining tabiiy omillar haqidagi bayonotini olqishladi.
Foto: "Milliy tiklanish" partiyasi axborot xizmati
Oliy Majlis deputati, “Milliy tiklanish” partiyasi raisi Alisher Qodirov Toshkentda bir necha kundan beri davom etayotgan havoning o‘ta xavfli darajadagi ifloslanishi fonida hukumatni himoya qilib chiqdi.
22 noyabr kuni O‘zgidromet direktori Sherzod Habibullayev bayonot bilan chiqib, Toshkentda iflos havo uzoq vaqt saqlanib qolayotgani – tabiiy va mavsumiy omillar bilan bog‘liqligini aytgandi.
Alisher Qodirov bu bayonotni olqishlar ekan, uni “havoda zararli zarralarni hukumat bilan bog‘layotgan “ekspertlar uchun yaxshi, lekin uch kunga kechikkan javob” deb atadi.
“Mutasaddilar, odamlarni chalg‘itadigan taxminlarni tarqalib ketishiga yo‘l qo‘ymasliklari zarur!” – deb yozdi deputat 22 noyabr kuni o‘z Telegram-kanalida.
“Dunyoda biron hukumat tabiatga buyruq berolmagan, berolmaydi ham. O‘zbek xalqi doimo Xudodan qo‘rqib, bandasiga andisha bilan, Vataniga maskun hayotini yashagan, yashayapti va yashaydi. Qudrat tafakkur, tartib va ahilligimizda.
Unutmang, bizning bezovtaligimiz kimlarningdir xotirjam bo‘lishi uchun juda kerak bo‘lib turibdi…” – dedi Qodirov.
Siyosatchi 23 noyabr kungi postida manba keltirmagan holda “ekolog ekspertlarning tadqiqot va xulosalari” haqida yozdi. Uning da’vo qilishicha, bu xulosalarga asosan, “qurilish, transport va sanoatning Toshkent havosidagi ta’sir darajasi 8-10 foizdan oshmaydi”, shu sababli “safarbarlik bilan bo‘layotgan barcha ish va qarorlar shu foizga ta’sir qiladi xolos”.
“Hukumatni istagancha tanqid qilaylik, odamlarni rozi qilish uchun shamol, yomg‘ir, yoki havo massasini sotib olib bo‘lmaydi, aksincha, havoda zararli zarralar bilan negativ zarralar miqdori ham ortadi…
Shuni aytmoqchi edim xolos…” – dedi deputat.
Ekologiya vazirligi boshqacha ma’lumot bergan
Alisher Qodirov keltirgan raqamlar hozirgacha rasman e’lon qilingan raqamlardan jiddiy farq qiladi.

2024 yil may oyida Ekologiya vazirligi Jahon banki bilan hamkorlikda Toshkent shahridagi havo sifatini baholash ishlarining dastlabki natijalarini ma’lum qilgandi. Unga ko‘ra, poytaxtda RM2.5 zarralarining manbalari quyidagicha: tabiiy chang – 36 foiz; issiqlik ta’minoti – 28 foiz; transport vositalari – 16 foiz; sanoat korxonalari – 13 foiz; shahar changi – 6 foiz; chiqindilar – 1 foiz.
“Dorisi o‘ylab topilgan kasal bilan og‘rish”
Iqtisodchi-jurnalist Bahodir Abdullayev deputatning hukumatni oqlashiga munosabat bildirib, yuz berayotgan jarayonlarni dorisi o‘ylab topilgan kasal bilan og‘rishga o‘xshatdi.
“Iqtisodiyotda ko‘p jarayonlarni bozorning o‘zi tartibga soladi. Lekin shunday jarayonlar borki, ularni faqat bozorga qo‘yib berish iqtisodiy qiymat yo‘qotilishiga, resurslar samarasiz sarflanishiga olib keladi. Ana shunday jarayonlarga nisbatan market failure atamasi ishlatiladi.
Davlatning muhim vazifalaridan biri – ayni shu kabi bozorning o‘zi resurslarni samarali taqsimlay olmaydigan jarayonlarga aralashib, buni to‘g‘rilash hisoblanadi.
Market failure sabablari turlicha bo‘lishi mumkin. Masalan, ijtimoiy ne’matlar yaratilishida bozor samarali ishlamasligi mumkin. Chunki ijtimoiy ne’matlardan faqat u uchun pul to‘laganlar foydalanishi imkonsiz, ikkinchi tomondan esa bir insonning bu ne’matdan foydalanishi boshqa insonning bu ne’matdan foydalanishini cheklamaydi.
Yana bir sabab tashqi ta’sirlar hisoblanadi. Tashqi ta’sir deganda tranzaksiyaning unda ishtirok etmayotgan tomonga ta’siri tushuniladi. Masalan, qaysidir zavod ekologiyani ifloslantirib mahsulot ishlab chiqarmoqda. Siz bu zavodning egasi ham, uning mahsulotlari xaridori ham bo‘lmasligingiz mumkin, lekin havo ifloslanishi sizning hayotingizga ta’sir qiladi.
Mana shu kabi vaziyatlarda jamiyat qiymat yo‘qotishining (umr qisqarishi, moliyaviy zarar, farovonlik darajasi kamayishi va hokazo) oldini olish davlatning asosiy vazifalaridan hisoblanadi”, – deya yozdi Bahodir Abdullayev.
Uning qayd etishicha, havo sifati bilan bog‘liq tashqi ta’sirlar masalasida davlatlar odatda quyidagicha choralar ko‘radi:
1. Havoni kim va qancha miqdorda ifloslantirayotganini, bu jamiyatga qo‘shimcha tibbiy xarajatlar, kamroq umr ko‘rish va boshqalar orqali qancha zarar yetkazayotganini hisoblaydi. Keyin esa shuning asosida havoni ifloslantirganlik uchun soliq soladi.
2. Havo tozalik darajasini me’yorda ushlab turish uchun mumkin bo‘lgan ifloslanish darajasini aniqlaydi va ifloslantiruvchi moddalar emissiyasi shu normadan oshmasligi uchun bu limitlar oldi-sotdisi bozorini yaratadi.
3. Qat’iy texnologik standartlar o‘rnatadi va ularning bajarilishini nazorat qiladi.
4. Korxonalar va xonadonlar ekologik toza yonilg‘i hamda mahsulotlardan foydalanishini rag‘batlantiradi (gazlashtirish, elektr energiyasi ta’minotini barqarorlashtirish, elektromobillar xaridlarini arzonlashtirish va hokazo).
5. Desentralizatsiyani amalga oshiradi. Har bir hudud rahbari saylovlar orqali lavozimiga kelsa, saylovchilar o‘zlarining daraxtlarini, yashil zonalarini asrab qolishi osonlashadi.
“Albatta, dunyoda biron hukumat tabiatga buyruq berolmagan, berolmaydi ham. Lekin bugun yuz berayotgan jarayonlar dorisi o‘ylab topilgan kasal bilan og‘rishga o‘xshaydi. Ya’ni, tanqidlar bu mavzuda qaysidir harakat yuzasidan emas, harakatsizlik yuzasidan yangramoqda”, – deya xulosa qiladi jurnalist.
Mavzuga oid
10:38
Toshkentdagi “Dna motors” avtosaloni mansabdorlari qamoqqa olindi
23:28 / 11.02.2026
Toshkentda yo‘l qoidabuzarliklariga oid jarimalar bo‘yicha shikoyatlar uchun Call-markaz ishga tushdi
12:58 / 11.02.2026
Toshkentda ijaradagi uyda narkolaboratoriya tashkil qilgan talaba qo‘lga olindi
19:49 / 07.02.2026