Jamiyat | 17:30 / 02.08.2017
12877
2 daqiqa o‘qiladi

Iordaniyada zo‘ravonning jabrlanuvchiga uylanishi taqiqlab qo‘yildi

Iordaniya Parlamenti mamlakat qonunchiligida mavjud bo‘lgan, uzoq yillardan beri ko‘plab bahslarga sabab bo‘lib kelayotgan kelishuvni bekor qilishga qaror qildi.

Gap shundaki, agar kishi boshqa kimsani jinsiy zo‘rlagan taqdirda, u bilan turmush qurishi va eng kamida 3 yil oilasini saqlab turishi talab etilar edi. Shundagina jinoyatchi o‘z qilmishlari uchun sud oldida javob bermay, jazodan qutulib qolishi mumkin. Endilikda bunday kelishuv nikohlari bekor qilinadi.

Joriy yilning aprel oyida Iordaniya hukumat a'zolari shu turdagi nikohni bekor qilish maqsadida qonun loyihasini tayyorlashga kirishgan edi. Bunday tashabbusga xayrixohlik bildirgan qirol Abdulloh seshanba kuni parlament tomonidan ma'qullangan qonun hujjatini imzolashga tayyor ekanini aytgan. «Islom Isloh» bloki a'zosi Dima Tahbubning aytishicha, bunday qaror Islom shariati qoidalari va Iordaniya xalqi irodasidan kelib chiqib qabul qilindi.

Aholi orasida «308 modda» nomi bilan tanish bo‘lgan kelishuv aslida 1911 yilgi Usmoniylar imperiyasi qonun hujjatlariga asoslanar edi. Bu esa o‘z o‘rnida 1810 yil tuzib chiqilgan «Napoleancha jazo» qoidalarida uchraydi. Aytib o‘tish kerakki, ushbu nikoh kelishuvi yana sakkizta arab davlatlarida mavjud bo‘lib, ulardan Livan va Bahrayn islohotlarga qo‘l urish arafasida.

Mavzuga oid