O‘zbekiston | 17:16
2723
2 daqiqa o‘qiladi

O‘zbekistonda pedofiliya uchun umrbod ozodlikdan mahrum etishgacha bo‘lgan jazo belgilanishi kutilmoqda

Bu “Mahallani rivojlantirish va jamiyatni yuksaltirish” yilida ustuvor yo‘nalishlar bo‘yicha islohotlar dasturlari va “O‘zbekiston - 2030” strategiyasini amalga oshirish bo‘yicha Davlat dasturi” loyihasida nazarda tutilgan. Loyihaga ko‘ra, ayollar va bolalarga nisbatan sodir etilgan zo‘ravonlik bilan bog‘liq jinoyatlar uchun javobgarlik choralari kuchaytiriladi. 

Foto: Getty Images

O‘zbekistonda ayollar va bolalarga nisbatan zo‘ravonlikka qarshi kurashish bo‘yicha samarali ishlaydigan tizim yo‘lga qo‘yiladi. Bu “Mahallani rivojlantirish va jamiyatni yuksaltirish” yilida ustuvor yo‘nalishlar bo‘yicha islohotlar dasturlari va “O‘zbekiston — 2030” strategiyasini amalga oshirish bo‘yicha Davlat dasturi” loyihasida qayd etildi.

Loyihaga ko‘ra, ayollar va bolalarga nisbatan sodir etilgan zo‘ravonlik bilan bog‘liq jinoyatlar uchun javobgarlik choralari kuchaytiriladi. Xususan, 14 yoshga to‘lmagan shaxslarga nisbatan sodir etilgan jinsiy jinoyatlar uchun umrbod ozodlikdan mahrum etishgacha bo‘lgan jazo choralarini belgilash ko‘zda tutilmoqda.

Voyaga yetmaganlarga nisbatan sodir etilgan jinsiy va zo‘ravonlikka oid jinoyatlarni tergov qilish prokuratura organlarining mutlaq vakolatiga o‘tkaziladi. Voyaga yetmagan shaxslar, xotin-qizlarga nisbatan tazyiq va zo‘ravonlik bilan bog‘liq ishlarni tergov qilish hamda ko‘rishga maxsus tayyorgarlikdan o‘tgan tergovchi va sudyalar faoliyati yo‘lga qo‘yiladi.

Shuningdek, nikoh yoshiga yetmagan shaxsni unashtirganlik uchun uning ota-onasi yoki ularning o‘rnini bosuvchi shaxslarga, noqonuniy nikohni targ‘ib qilgan shaxslarga nisbatan ma’muriy javobgarlik choralari belgilanadi.

Oila va xotin-qizlar maskanlarida yosh nikohlanuvchilarni maxsus o‘qitish dasturlari samaradorligi oshiriladi. Yosh nikohlanuvchilarning kamida 40 foizi maxsus o‘qitish dasturlari bilan qamrab olinadi, psixolog, huquqshunos va boshqa mutaxassislarni jalb qilish orqali oilaviy zo‘ravonlikka qarshi kurashish choralari ko‘riladi.

Mazkur normalar 2026 yil 1 apreldan joriy etilishi belgilangan.

Avvalroq manzil koloniyadan qochib, 3-sinf qizni zo‘rlagan pedofil 18 yilga ozodlikdan mahrum qilingandi.

Mavzuga oid