O‘zbekiston | 07:49 / 12.01.2022
7573
2 daqiqa o‘qiladi

Ko‘chmas mulkni davlat kadastr baholash to‘g‘risidagi qonun loyihasi e’lon qilindi

Davlat soliq qo‘mitasi huzuridagi Kadastr agentligi tomonidan “Ko‘chmas mulklarni davlat kadastr baholash to‘g‘risida”gi qonun loyihasi ishlab chiqilib, muhokama uchun e’lon qilindi.

Foto: Kun.uz

Loyiha prezidentning “Resurs soliqlari va mol-mulk solig‘ini yanada takomillashtirish to‘g‘risida”gi farmoniga muvofiq ishlab chiqilgan.

Loyihada quyidagilar belgilangan: qonunning qo‘llanilish sohasi; ko‘chmas mulkning kadastr qiymatidan foydalanish maqsadlari; ko‘chmas mulklarni davlat kadastr baholashni amalga oshirish prinsiplari va tartibi; ko‘chmas mulklarning kadastr qiymatini aniqlash; ko‘chmas mulklarning kadastr qiymati to‘g‘risidagi ma’lumotlarni qo‘llash; ko‘chmas mulklarning kadastr qiymatini aniqlash natijalari haqidagi nizolarni ko‘rib chiqish; davlat kadastr baholashdagi javobgarlik.

Qonun quyidagilarga nisbatan tatbiq etilishi nazarda tutilmoqda: ko‘chmas mulklarni davlat kadastr baholashni amalga oshiruvchilar va undan foydalanuvchilar; narxni shakllantirish hamda me’yorlashtirish sohasida davlat siyosatini yurituvchi davlat boshqaruv organlari; normativ-huquqiy tartibga solishni amalga oshiruvchi davlat hokimiyati va davlat boshqaruvi organlari, ularga idoraviy mansub tashkilotlar; fuqarolarning o‘zini o‘zi boshqarish organlari hamda ko‘p kvartirali uylarni boshqarish organlari; kommunal xizmatlar ko‘rsatuvchi tashkilotlarga; shuningdek ular o‘rtasida yuzaga keladigan, ko‘chmas mulklarni davlat kadastr baholash, ushbu ma’lumotlardan foydalanish bilan bog‘liq bo‘lgan munosabatlarga.

Hozirgi kunda kadastr qiymatini aniqlash quyidagilar bilan tartibga solinadi: soliq solish maqsadida jismoniy shaxslarga tegishli bo‘lgan ko‘chmas mulk obektlarining, turar joy fondining kadastr qiymatini hisoblash tartibi to‘g‘risidagi nizom; soliq solish maqsadida jismoniy shaxslarga xususiy mulk huquqida tegishli bo‘lgan noturar ko‘chmas mulk obektlarining kadastr qiymatini hisoblash tartibi to‘g‘risidagi nizom.

Отабек Матназаров
Tayyorlagan Отабек Матназаров

Mavzuga oid