Jahon | 14:49 / 30.10.2025
3119
10 daqiqa o‘qiladi

Tramp–Si uchrashuvi, yadro qurolini sinamoqchi bo‘lgan AQSh va qurbonlari yuzdan oshgan Riodagi reyd – kun dayjesti

O‘tgan kun davomida jahonda ro‘y bergan eng asosiy voqea va yangiliklar sharhi bilan kundalik xabarnomada tanishtiramiz.

Video thumbnail
{Yii::t(}
O'tkazib yuborish 6s

AQSh yadro qurolini sinamoqchi

AQSh prezidenti Donald Tramp boshqa davlatlar, jumladan, Rossiya va Xitoy bilan tenglashish maqsadida harbiy rahbariyatga yadroviy qurol sinovlarini qayta boshlashni buyurdi.

«Boshqa davlatlarning sinov dasturlari sababli men Urush departamentiga yadro qurollarimizni teng asosda sinovdan o‘tkazishni boshlashni topshirdim», — deb yozdi u Xitoy raisi bilan uchrashuv arafasida.

Trampning aytishicha, AQSh dunyoda eng ko‘p yadro quroliga ega mamlakat bo‘lib qolmoqda; Rossiya ikkinchi, Xitoy esa «anchayin orqada» turadi. Bu bayonot Rossiyani «cheksiz parvoz masofasiga ega» yadroviy dvigatelli «Burevestnik» raketasini sinaganidan keyin yangradi.

Tramp chorshanba kechasi e’lon qilgan postida yadroviy qurollarning «ulkan vayronkor kuchi»ni tan olgan. Biroq o‘zining birinchi prezidentlik muddati davomida AQShda yadroviy arsenalini «yangilash va modernizatsiya qilishdan boshqa yo‘li qolmaganini» yozgan.

U shuningdek, Xitoyning yadroviy dasturi «besh yil ichida biznikiga tenglashadi», deb ta’kidladi. Trampning postida sinovlar qanday o‘tkazilishi haqida tafsilotlar keltirilmagan, biroq «jarayon darhol boshlanadi» deb yozilgan.

Bu — AQShning uzoq yillar davomida amal qilib kelgan siyosatiga zid burilish bo‘ldi. AQSh so‘nggi bor 1992 yil 23 sentabr kuni yadro bombasini Nevada shtatida joylashgan yerosti poligonida sinagandi.

Ushbu sinovlarga sovuq urush tugaganidan keyin prezident Jorj Uoker Bush (ya’ni katta Bush) tomonidan moratoriy joriy etilgan.

Turli ma’lumotlarga ko‘ra, AQSh ming martadan ortiq yadro sinovlarini o‘tkazgan.

Putin «Poseydon»ni sinovdan o‘tkazdi

29 oktyabr kuni Vladimir Putin Rossiya yadroviy dvigatelga ega «Poseydon» super-torpedosini muvaffaqiyatli sinovdan o‘tkazganini ma’lum qildi. Harbiy tahlilchilarga ko‘ra, bu qurol ulkan radioaktiv okean to‘lqinlarini qo‘zg‘atish orqali butun qirg‘oq hududlarini vayron qilish imkoniyatiga ega.

«Poseydon» — aslida torpedo va dron o‘rtasidagi gibrid, yadroviy qurolni olib yurishga qodir apparat hisoblanadi.

Putin Moskvadagi harbiy shifoxonada askarlar bilan suhbatlashayotganda bu sinov seshanba kuni o‘tkazilganini aytdi:

«Birinchi marta biz nafaqat tashuvchi suvosti kemasidan ishga tushirish dvigateli yordamida uni uchirdik, balki yadroviy energetik qurilmasini ham ishga tushira oldik va bu apparat ma’lum vaqt davomida mustaqil ishladi», — dedi u.

«Bunday narsa dunyoda yo‘q», deya qo‘shimcha qildi Putin, Poseydonni to‘xtatishning imkoni yo‘qligini aytib. Tahlilchilar bahosiga ko‘ra, uning uchish masofasi 10 000 kilometr, tezligi esa soatiga 185 kmga teng.

NATOda «Kanyon» nomi bilan tanilgan «Poseydon» Rossiya matbuotiga ko‘ra, 20 metr uzunlikda, 1,8 metr diametrda va 100 tonna og‘irlikka ega.

«Burevestnik» va «Poseydon» sinovlari Putin ta’biricha, G‘arbning Ukrainadagi urush borasidagi bosimlariga Rossiyaning hech qachon bo‘ysunmasligini ochiq ko‘rsatish uchun amalga oshirilmoqda.

Avvalroq Donald Tramp Rossiyaga nisbatan pozitsiyasini keskinlashtirayotgan bir paytda, Putin 22 oktyabr kuni yadroviy zarba mashqlarini o‘tkazib, o‘zining yadro qudratini namoyish etgandi.

Putin «Poseydon»ning kuchi «hatto eng istiqbolli 'Sarmatʼ qit’alararo ballistik raketasidan ham yuqori» ekanini ta’kidladi.

Tramp va Si uchrashuvi

30 oktyabr kuni AQSh prezidenti Donald Tramp Xitoy rahbari Si Jinping bilan Janubiy Koreyadagi harbiy aerodromda uchrashuv o‘tkazdi. Busanda o‘tgan bu uchrashuv — Tramp va Si o‘rtasidagi 2019 yildan beri ilk yuzma-yuz muloqot bo‘lib, Trampning Osiyo bo‘ylab safari yakuniy nuqtasiga aylandi.

«Bizda juda muvaffaqiyatli uchrashuv bo‘ladi, bunga shubham yo‘q. Ammo u juda qattiq muzokarachidir», — dedi Tramp Si bilan qo‘l siqisharkan. Si esa Tramp jurnalistlarga payshanba kuni bitim imzolanishi mumkinligini aytganda, sezilarli hissiyot bildirmadi.

Shuningdek, Si muzokaralar boshida «dunyoning ikki yetakchi iqtisodiyoti o‘rtasida vaqti-vaqti bilan nizo chiqishi tabiiy hol» ekanini aytdi. Uning so‘zlariga ko‘ra, bir necha kun avval ikki davlatning savdo bo‘yicha muzokarachilari «asosiy masalalarda o‘zaro muhim kelishuvga» erishgan.

APEC sammiti doirasida o‘tgan uchrashuv qariyb ikki soat davom etdi, lekin uning tafsilotlari hali e’lon qilinmadi.

Bu paytda esa jahon fond bozorlari — Uoll-stritdan Tokiogacha rekord darajalarda ko‘tarildi.

O‘tgan hafta AQSh moliya vaziri Skott Bessent Pekinning noyob yer metallariga qo‘yilgan nazoratni bir yilga kechiktirishi va amerikalik fermerlar uchun soya loviyalarining qayta xaridini boshlashini aytgandi.

Oq uy ushbu sammitni Tramp va Si o‘rtasidagi kelajakdagi bir necha uchrashuvlar uchun boshlang‘ich bosqich sifatida ko‘rmoqda, jumladan, ikki davlat rahbarlarining o‘zaro tashriflarini ham.

NASA'ning tovushdan tez samolyoti

28 oktyabr kuni NASA'ning tovushdan tez uchuvchi, kam shovqinli X-59 samolyoti Janubiy Kaliforniya cho‘llari uzra birinchi sinov parvozini amalga oshirdi.

NASA uchun Lockhead Martin kompaniyasi tomonidan yasalgan ushbu samolyot o‘zining noodatiy shakli bilan farq qiladi: samolyotning shakli odatda havo to‘siqlarini yorishda yuzaga keladigan portlashga o‘xshash tovushni keskin kamaytiradi. Rasmiylarga ko‘ra, «tovush darajasi mashina eshigi yopilgandagi kabi past darajagacha tushiriladi».

NASA 2018 yildan buyon X-59'ni ishlab chiqish va sinovdan o‘tkazish uchun Lockhead kompaniyasiga 518 million dollardan ortiq mablag‘ to‘lagan.

Bitta dvigatelli bu samolyot — burnidan dumigacha qariyb 30 metr. U ilk parvozi davomida kutilganidek, tovushdan past tezlikda uchdi va 370 km/soat tezlikka erishdi.

Aslida yagona namunadagi ushbu eksperimental samolyot 16 764 metr balandlikda, taxminan 1 ming 490 km/soat tezlikda kreyser rejimida uchishga mo‘ljallangan. Bu odatiy yo‘lovchi samolyotlaridan ikki baravar yuqori va deyarli ikki baravar tez. Keyingi sinov parvozlarida X-59 balandroq va tezroq uchadi, oxir-oqibat tovush tezligidan oshadi.

X-59 bo‘yicha olib borilgan tadqiqotlar orqali olingan ma’lumotlar – quruqlikda supersonik parvoz uchun yangi shovqin me’yorlarini ishlab chiqishga, tezkor yo‘lovchi samolyotlarini ishlab chiqishga yordam beradi.

Riodagi qonli reyd: qurbonlar 130 dan oshdi

Braziliyaning Rio shahri tarixida eng qonli politsiya amaliyoti oqibatida halok bo‘lganlar soni 132 nafarga yetgani ma’lum qilindi.

Mahalliy aholining aytishicha, halok bo‘lgan erkaklarning jasadlari Rio-de-Janeyro chekkasidagi maydonda bir safda, yo‘lakka yotqizilgan edi. Ko‘plarining ust-boshi yechilgan — bu qarindoshlarga ularni tanishni osonlashtirish uchun qilingan. Tunda yaqin atrofdagi o‘rmonzor hududdan yana o‘nlab jasadlar topilgan.

Chorshanba kuni ham aniq hisob noma’lum edi. Dastlabki ma’lumotlarga ko‘ra, halok bo‘lganlar 132 kishi, jumladan, 4 nafari politsiyachi.

Amaliyot qanday kechgani, begunoh odamlar ham otishmaga tushganmi va o‘limlar uchun kim javobgar ekani borasida ko‘plab savollar ochiq qolmoqda. Rasmiylardan biri chorshanba kuni asosiy maqsad — to‘da rahbarini qo‘lga olish bajarilmaganini tan oldi.

Ko‘plab aholi uchun fojianing birinchi belgisi – seshanba kuni soat 3:30 atrofida itlarning vahimali hurishidan boshlangan. Oradan ko‘p o‘tmay, internet va elektr uzilgan. Soat 5 ga yaqin, tong yorishishidan oldin esa o‘q ovozlari yangragan. Hududga 2 500 dan ortiq politsiyachi o‘nlab zirhli mashinalarda bostirib kirgan. Ular «Qizil qo‘mondonlik» deb ataluvchi yirik to‘daga aloqador giyohvand sotuvchilarni qidirishgan. Havo ustida ikki politsiya vertolyoti aylanib yurgan.

Bu favqulodda qonli voqea Rio shahrini larzaga soldi — bu shahar jinoyatchilar va politsiya o‘rtasidagi to‘qnashuvlarga o‘rganib qolgan bo‘lsa-da, bunday miqyosdagi fojiani ilgari ko‘rmagan.

Rio hokimiyati uzoq yillardan beri jinoiy guruhlarga qarshi keskin usullarni qo‘llab keladi. Viloyat gubernatori Klaudio Kastro reydni muvaffaqiyat sifatida ko‘rsatdi — 113 kishi hibsga olingan, 118 dona qurol va bir tonna giyohvand moddalar musodara qilinganini aytdi.

Mavzuga oid