O‘zbekiston | 16:01 / 04.12.2024
35917
14 daqiqa o‘qiladi

Lacetti’dan BYD’gacha bor: chegara orqali g‘oyib bo‘lgan mashinalar haqida surishtiruv – 2-qism

Abdulla Abdurasulov ismli shaxs bir necha oyda 50 nafarga yaqin kishini chuv tushirib, ularning turli rusumdagi mashinalarini bojxona chegara posti orqali Qozog‘istonga olib chiqib ketgan. Chegaradan o‘tkazilgan mashinalar esa g‘oyib bo‘lgan. Abdulla Abdurasulov kim va u mashinalarni bojxona chegara postidan qanday tarzda olib o‘tgan? Bunga Bojxona qo‘mitasining munosabati qanday bo‘ldi? Mashinalar ortga qaytariladimi? Kun.uz mavzu yuzasidan surishtiruvni davom ettirdi.

Kun.uz’ning 50 ga yaqin mashina boshqarish huquqi bo‘lmagan shaxslar tomonidan bojxona posti orqali Qozog‘istonga haydab olib chiqib ketilgani haqidagi surishtiruvi ancha jiddiy masala bo‘lib chiqdi. Surishtiruvdan so‘ng tahririyatga o‘nlab murojaatchilar kelib, ularning ham mashinalari ayni shu tarzda Qozog‘istonga olib chiqib ketilganini bildirishdi. Kun.uz mavzuning yangi tafsilotlarini o‘rgandi.

Abdulla Abdurasulov kim?

Jabrlanuvchilarning barchasi mashinalarini Abdulla Abdurasulovga bo‘lib to‘lash sharti bilan sotganini aytadi. Abdurasulov esa transport vositalarini “Yallama” bojxona chegara posti orqali Qozog‘istonga olib chiqib ketgan. Jabrlanuvchilar bilan hamon Telegram orqali aloqada bo‘lib turgan Abdulla Abdurasulov ularga mashinalarni Qozog‘istonga o‘tkazib, taksi xizmatini yo‘lga qo‘ymoqchi bo‘lganini, ammo qozog‘istonlik sheriklariga aldanib qolganini bildirib keladi. Biroq aldanganlar bu bahonaga ishonmay qo‘yishgan, mashinalardan darak yo‘q.

1989 yilda Toshkent shahrida tug‘ilgan, Olmazor tumanining Qoraqamish dahasida ro‘yxatda turuvchi Abdulla Abdurasulov muqaddam bir necha bor sudlangan.

U 2014 yil 19 iyundagi sud hukmi bilan bojxona to‘g‘risidagi qonunchilikni buzish, pora berish, qonunga xilof ravishda chet elga chiqish yoki O‘zbekiston Respublikasiga kirish, shuningdek, rangli metallar, ularning parcha va rezgi chiqitlarini tayyorlash, olish, ulardan foydalanish hamda ularni o‘tkazish qoidalarini buzish kabi jinoyatlarini sodir qilishda aybli deb topilgan. Unga sud hukmi bilan 7 yil muddatga ozodlikdan mahrum qilish jazosi tayinlangan. Biroq 2013 yil 12 dekabrdagi amnistiya aktiga asosan jazo muddati 1/3 qismiga, 2014 yil 14 noyabrdagi amnistiya aktiga asosan o‘talmagan jazo muddati 1/3 qismiga qisqartirilgan hamda 2015 yil 3 dekabrdagi amnistiya aktiga asosan Abdurasulov jazodan ozod qilingan.

Bundan tashqari, Abdulla Abdurasulov jinoyat ishlari bo‘yicha Jizzax shahar sudining 2021 yil 21 apreldagi hukmi bilan Jinoyat kodeksining 223-moddasi (Qonunga xilof ravishda chet elga chiqish yoki O‘zbekiston Respublikasiga kirish) 2-qismi “b” bandida nazarda tutilgan jinoyatni sodir etganlikda aybdor deb topilgan hamda 5 yil muddatga ozodlikni cheklash jazosi tayinlangan. Jinoyat ishlari bo‘yicha Olmazor tuman sudining 2023 yil 19 dekabrdagi ajrimi bilan tayinlangan jazoning o‘talmagan qismi, ya’ni 2 yil 5 oy 22 kun ozodlikni cheklash jazosidan muddatidan ilgari shartli ozod qilingan.

Ayni paytda Abdulla Abdurasulovga nisbatan Jinoyat kodeksining 168-moddasi 4-qismi “a” bandi (juda ko‘p miqdorda firibgarlik) bilan jinoyat ishi qo‘zg‘atilgan va u qidiruvga berilgan.

Chuv tushgan “vykup”chilar

Abdulla Abdurasulov bir necha oy davomida 50 ga yaqin mashinani Qozog‘istonga o‘tkazgan. Kun.uz’da uning o‘zi buni tan olgani haqidagi videolavha bor. Videolavhada u mashinalarni Qozog‘istonga o‘tkazib, taksi xizmatini yo‘lga qo‘ymoqchi bo‘lganini, ammo qozog‘istonlik sheriklari – Inom va Malik ismli shaxslarga aldanib qolganini bildirgan.

Abdulla Abdurasulovga asosan mashinasini nasiya-savdoga, ya’ni bo‘lib to‘lash sharti bilan sotganlar aldangan. U mashinalarni taxminan 2024 yilning aprel oyidan avgust oyi o‘rtalariga qadar xarid qilib, chegaradan o‘tkazgan. Ularning egalariga esa mashina turiga qarab boshlang‘ich to‘lov sifatida 1000-4000 dollar oralig‘ida pul bergan. Ayni shu jihat Abdurasulov mashinalarni Qozog‘istonga olib o‘tib, sotib yuborgan bo‘lishi mumkinligi haqidagi taxminni yuzaga chiqarmoqda.

Hozirgi vaqtda Abdurasulov tomonidan Qozog‘istonga olib chiqib ketilgan mashinalarning aniq soni ma’lum emas. Biroq Kun.uz’ga murojaat qilgan jabrlanuvchilarning bildirishicha, aldanganlar soni 50 kishidan ham ko‘p bo‘lishi mumkin.

Soqqasini bersangiz o‘tasiz”

Aldanganlarning deyarli barchasi Abdulla Abdurasulovga yagona interaktiv davlat xizmatlari portali orqali onlayn ishonchnoma rasmiylashtirib bergan. Bunday shakldagi ishonchnoma transport vositasini boshqa davlatga haydab chiqish huquqini bermaydi.

Xo‘sh, Abdulla Abdurasulov shuncha mashinani qanday qilib bojxona chegara postidan olib o‘tib ketgan? Kun.uz’da mavjud bo‘lgan audiomateriallarda u ushbu holatni shunday izohlagan:

Tomojnidagilar “soqqa”sini bersangiz o‘tkazib yuboraveradi, sizning ishonchnomangizga qarab o‘tirmaydi. “Soqqa”ni tashlaysiz, bo‘ldi, o‘tib ketaverasiz, darvozani ochib berishadi.

Soqqa”sini bermasangiz o‘tkazmaydi: katta xolangizning ovuli emas-ku. “Soqqa” tashlaysiz, bo‘ldi, kirdizmi, o‘g‘irlab kelyapsizmi farqi yo‘q, “oformit” qilib beradi. Jaq qilib pechatni uradi, chiqib ketaverasiz”.

Abdurasulov bu fikrlarni “Yallama” bojxona chegara postiga nisbatan aytgan. Chunki u mashinalarning ko‘pini ayni shu chegara posti orqali olib chiqib ketgan.

Mashinamni postdan o‘zim olib o‘tganimni aytishdi”

Jabrlanuvchilardan biri 2024 yil 20 aprel kuni Abdurasulovga bo‘lib to‘lash sharti bilan Cobalt mashinasini sotganini, ammo bojxona chegara posti bazasiga ushbu mashina 2024 yil 8 aprel kuni Qozog‘istonga haydab o‘tilgani haqida ma’lumot kiritilganini aytadi.

Tanishim orqali birov olib keldi Abdulla ismli bolani. Mashinangizni bo‘lib to‘lash sharti bilan bersangiz olaman dedi. U bilan kelishdik. 2024 yil 7 aprelda ko‘rishgandik. O‘sha kuni olib ketmoqchi bo‘ldi. “Qozog‘istonga ham chiqib turaman, notarius orqali ishonchnoma qilib bering”, dedi. Men ko‘nmadim va onlayn ishonchnoma olib berishimni aytdim. Xo‘p dedi. Ishonchnoma olib berdim. Lekin o‘sha kuni boshlang‘ich to‘lovini berolmadi, kimdir pulni olib keladi dedi, ammo kelmadi.

Shu bilan 2024 yil 20 aprel kuni keldi oldimga. Kelishuvimizni qildik. 600 dollar berdi va kechroq yana 400 dollar berib yuborishini aytdi. Tavakkal qilib, mashinani berib yubordim.

3-4 oy cho‘zilib, pul bermadi. Qozog‘istonga chiqib yuraman degani uchun chegara postiga bordim. Birinchi Abdullani so‘radim. Qozog‘istonga o‘tgan, hali qaytmaganini aytishdi. Keyin mening mashinamda o‘tdimikan, degan o‘yda so‘ragandim, o‘zingiz olib chiqib ketibsiz-ku, deyishdi. Keyin menga videoni ko‘rsatishdi, rulda Abdulla o‘tiribdi. Qachon chiqib ketganini so‘rasam 2024 yil 8 aprelda deb javob qaytarishdi.

Abdulladan nega mashinamni Qozog‘istonga olib o‘tganini so‘rasam o‘sha yoqda taksi xizmatini yo‘lga qo‘yishmoqchi bo‘lganini, ammo Inom va Malik ismli shaxslarga aldanib qolganini aytdi. Tanish topib Inom ismli shaxs bilan ham gaplashdim. U mashinamni 5 ming AQSh dollarga sotib olganini aytdi. Chegara xodimlari yo buning tanishi, yo nimadir evaziga xohlasa kirgizadi, xohlasa chiqaradi”, deydi jabrlanuvchi.

Agar mashina egasining gaplari rost bo‘lsa, 20 aprelda olingan Cobalt qanday qilib 12 kun oldin, ya’ni 8 aprelda bojxona chegara postidan o‘tgani tushunarsiz.

Nexia’dan BYD’gacha

Abdulla Abdurasulov Qozog‘istonga olib chiqib ketgan mashinalarning rusumli turli-tuman: Cobalt, Lacetti, Nexia’lardan tashqari Monza, BYD, Jetour mashinalari ham bor.

Jabrlanuvchilarning barchasi bir xil uslubda aldangan: boshlang‘ich to‘lovni olishgan va onlayn ishonchnoma rasmiylashtirib berishgan. “Biz mashinalarimiz Qozog‘istonga bunchalik oson olib o‘tib ketishi mumkinligini bilmagan edik”, demoqda ular.

Kun.uz ayrim mashina egalari bilan suhbatlashdi.

2024 yil iyun oylarida Cobalt mashinamni nasiya savdoga sotish bo‘yicha e’lon berdim. Bitta mijoz qo‘ng‘iroq qildi. Ko‘rishdik. Boshida 2,5 ming dollar oldim. Qolganini 36 oy mobaynida 437 dollardan to‘lash sharti bilan sotdim. O‘sha kunning o‘zida onlayn ishonchnoma rasmiylashtirib berdim.

Oradan bir oy o‘tdi. To‘lov payti qo‘ng‘iroq qilsam, raqami o‘chiq ekan. Telegram’dan yozdim. Ish bilan Qozog‘istonga ketganini, 3-4 kunda kelib, pulini to‘lashini aytdi.

1 hafta o‘tdi, 10 kun o‘tdi, qarasam raqami doim o‘chiq. Keyin bir odam aldab ketganini, sabr qilib turishimni bildirdi. Shu kungacha kutdim va sabr qilib keldim, to‘g‘risi. Mashinam Qozog‘istonga chiqib ketganini 2 oy oldin aytdi menga”, deydi jabrlanuvchilardan biri.

Mashinalar rusumi turlicha bo‘lgani bilan barcha jabrlanuvchilarning hikoyasi bir xil: mashinasini bo‘lib to‘lash sharti bilan Abdulla Abdurasulovga sotishgan va aldanib qolishgan.

Abdurasulov nafaqat Toshkent shahri, balki viloyatlardan ham mashinalar xarid qilgan bo‘lishi mumkin. Chunki u chegaradan olib o‘tib ketgan BYD mashinasi Qashqadaryo viloyatida ro‘yxat olingan.

Bojxona qo‘mitasi: “33 yildan beri bu muammoni bilmaganmiz”

Kun.uz ayni shu masalada Bojxona qo‘mitasi vakillaridan intervyu oldi. Ularga ko‘ra, mazkur muammoni hal qilish bo‘yicha harakatlar boshlangan. Va idoralararo hamkorlik va tizimni raqamlashtirish muammoning yechimi sifatida qaralmoqda.

Avtotransport vositasini boshqarishga doir bo‘lgan ishonchnoma haydovchi tomonidan bojxona organiga taqdim etiladigan hujjatlar ro‘yxatiga kiritilmagan. Hozirgi kunda qonunchilikda bu narsa nazarda tutilmagan. Lekin Bojxona kodeksining 190-moddasiga muvofiq, bojxona organi xodimi taqdim etilgan ma’lumotlarni tekshirish maqsadida qo‘shimcha hujjatlarni so‘rashga haqli. Bu huquq, majburiyat emas.

Bir narsani ishontirib aytishim mumkinki, ushbu jarayonda ishtirok etgan bojxona organi xodimlari tomonidan xatoga yo‘l qo‘yilgan yoki noqonuniy harakatlar amalga oshirilgan bo‘lsa, hammasiga huquqiy baho beriladi. Isbotlansa, tegishli jazo choralari ham qo‘llanadi”, deya ta’kidladi Bojxona qo‘mitasining Bojxona nazoratini tashkil etish boshqarmasi boshlig‘i Erkin Solihov.

Qo‘mita matbuot kotibi Husan Tangriyevning qo‘shimcha qilishicha, bojxona tizimida 33 yildan buyon bu kabi muammo kuzatilmagan. Idoralararo hamkorlik va tizimni raqamlashtirish hisobiga muammo albatta o‘z yechimini topadi.

Bojxona vakillariga ko‘ra, bu kabi holatlar takrorlanmasligi uchun barcha chegara bojxona postlariga tegishli ko‘rsatma va tavsiyalar yuborilgan. Ya’ni hozirda mashinalar haydovchilarning uni boshqarish huquqi bor yoki yo‘qligi tekshirilgan holda postdan o‘tkazilmoqda.

Mashinalar ortga qaytariladimi?

Ayni paytda barcha jabrlanuvchilarni o‘ylantirayotgan savol shu: mashinalar ortga qaytariladimi?

Kun.uz’dagi ma’lumotlarga ko‘ra, avvalroq Abdulla Abdurasulov va uning sherigi Baurjan Xakimbayev ushlangan. Chunki Baurjan Xakimbayev ham bir nechta shaxsdan mashinasini bo‘lib to‘lash sharti bilan olib, Qozog‘istonga o‘tkazib yuborgan.

Baurjan Xakimbayevga nisbatan qamoqqa olish tarzidagi ehtiyot chorasi qo‘llangan. Ammo Abdulla Abdurasulov negadir xorijga chiqish pasporti olib qo‘yilgan holda qo‘yib yuborilgan. Keyinchalik esa unga nisbatan jinoyat ishi qo‘zg‘atilib, qidiruvga berilgan. Abdurasulovning ayni paytda qayerda ekani ma’lum emas.

Mashinalarning ortga qaytarilishi esa ishning ikki davlat huquqni muhofaza qiluvchi organlari hamkorligida olib borilishiga bog‘liq. Buning qanchalik amalga oshishini esa vaqt ko‘rsatadi.

Xozircha Bojxona qo‘mitasidan boshqa birorta organ bu masalaga e’tibor qaratgani yo‘q. Yoki biz buni hali sezmadik.

Aslida bu muammo faqatgina Bojxona qo‘mitasiga tegishli emas. Hozirda Chirchiq shahri, shuningdek, Toshkent shahrining bir nechta tumanlarida aynan Abdulla Abdurasulovga borib taqaladigan shu kabi ishlar yuzasidan tergov va surishtiruv ishlari olib borilayotgani Kun.uz’ga ma’lum. Tahririyat ushbu ishlar tafsilotiga aniqlik kiritish maqsadida IIV matbuot kotibi Shohrux G‘iyosov bilan bog‘landi. Biroq vazirlik matbuot kotibi holatni o‘rganish kerakligini, buning uchun tahririyat xat berishi lozimligini ma’lum qildi.

Mashinasi Qozog‘istonga olib chiqib ketilganlar faqat shular emas. Kun.uz 200 nafarga yaqin fuqaroning shunga o‘xshash muammosi haqida katta surishtiruv o‘tkazmoqda.

Ruslan Saburov,
Kun.uz

Mavzuga oid