Jahon | 21:52 / 10.10.2024
5319
3 daqiqa o‘qiladi

Dunyoda 733 million kishi ochlikdan qiynalmoqda - hisobot

Germaniyadagi Welthungerhilfe xayriya tashkiloti dunyoning 36 ta davlatida to‘yib ovqatlanmaslik bilan bog‘liq holatni «jiddiy», oltitasidagini esa «o‘ta jiddiy» deb ta’rifladi.

Foto: AP

Dunyoda hamon 733 million kishi ochlikdan aziyat chekmoqda, ularning aksariyati Afrika mintaqasida yashaydi. Bu haqda Welthungerhilfe xayriya tashkilotining Berlinda o‘tkazilgan «Ocharchilik indeksi» hisobotida so‘z boradi.

Dunyoning 36 ta davlatida to‘yib ovqatlanmaslik bilan bog‘liq holat «jiddiy», oltitasida esa «o‘ta jiddiy» deya ta’riflanmoqda. Oziq-ovqat mahsulotlarini ishlab chiqarish va yetkazib berishga qurolli mojarolar, xususan, Sudandagi fuqarolik urushi, global iqlim o‘zgarishining salbiy oqibatlari ta’sir ko‘rsatyapti.

Hisobotda keltirilishicha, ochlikdan erkaklardan ko‘ra ko‘proq ayollar aziyat chekmoqda. «Diskriminatsion me’yorlar hamda zo‘ravonlik ularning resursdan foydalanish va inqirozlarni yengish qobiliyatini cheklaydi. Ularning imkoniyatlarini oshirish boshi berk ko‘chaga kirib qolgan ochlikka qarshi kurashda muhim turtki bo‘lishi mumkin», — deb yozadi germaniyalik mutaxassislar.

Welthungerhilfe prezidenti Marlen Time jahon hamjamiyatini ochlik muammolarini yechishga yetarlicha e’tibor qaratmayotganlikda aybladi. Xayriya tashkiloti ma’lumotlariga ko‘ra, 2022 yilda dunyoda 800 milliondan ortiq inson ochlikdan qiynalgan.

2023 yilda Time Germaniya federal budjetidan rivojlanish va gumanitar yordam uchun ajratiladigan mablag‘lar qisqartirilishini tanqid qilgandi. Welthungerhilfe rahbarining so‘zlariga ko‘ra, Germaniya Iqtisodiy hamkorlik va taraqqiyot vazirligi tomonidan ishlab chiqilgan Agenda 2030 dasturi va BMT e’lon qilgan barqaror rivojlanish sohasidagi 17 maqsad — uzoq muddatli istqibolda ochlikni yengish uchun yaxshi strategiyadir, ammo uning amalga oshirilishi uchun «siyosiy iroda va birdamlik» kerak.

Ta’kidlanishicha, Germaniya xayriya tashkiloti 2022 yilda butun dunyo bo‘ylab 603 ta loyiha doirasida 37 davlatdagi 18,8 million insonga yordam ko‘rsatgan. Hisobotga ko‘ra, Welthungerhilfe ixtiyorida 341,2 million yevro, shu jumladan, 97,6 million yevro xayriya mablag‘lari bo‘lgan. Bundan tashqari, Germaniya hukumati va Yevropa Ittifoqidan grantlar ajratilgan.

Mavzuga oid