Jamiyat | 19:36 / 31.07.2025
10563
5 daqiqa o‘qiladi

Vatanning go‘yo bir parchasi: Koreyadagi o‘zbek mahallasidan reportaj

Koreyada o‘zbek diasporasi kengayib borarkan, bir nechta shaharlarda ko‘plab o‘zbeklar yashaydigan mahallalar shakllanib boryapti. Kimhe shahridagi Seosang-dong – ana shunday joylardan. Kun.uz muxbiri Koreyaga safari davomida O‘zbekistondan minglab kilometr uzoqlikdagi “o‘zbek mahallasi” qanday shakllangani va u yerdagi hayot tarzi bilan qiziqdi.

Video thumbnail
{Yii::t(}
O'tkazib yuborish 6s

Avvalo aytish kerakki, Koreyadagi o‘zbekistonliklar soni 100 ming nafarga yaqinlashgan va eng yirik 5 ta diasporadan biriga aylanib ulgurgan.

Kimhe shahridagi Seosang-dong dahasidagi birgina ko‘chada 5-6 ta o‘zbek do‘koni bor. Bu do‘konlarda O‘zbekistonda sotiladigan mahsulotlarning deyarli barchasini topish mumkin. Go‘yoki mahalla boshidagi tanish do‘konga kirgandek bo‘lasiz. Qolaversa, o‘zbek oshxonalari ham talaygina. Oshxona ochganlardan biri – Navro‘zjon Safoyev.

Menyuda 20 dan ortiq milliy taomlarimiz bor”

Navro‘zjon Safoyev, tadbirkor:

— Koreyaga kelganimizga 6 yil bo‘ldi. Biznes viza bilan kelganmiz. Shu paytgacha oshxonalarda ishlab, tajriba to‘pladik. Endi esa o‘zimizning halol oshxonamizni ochdik. Menyuda Samarqand taomlari, 20 dan ortiq o‘zbekcha ovqatlar bor. Koreyaliklar ham shohona ovqatlarimiz – palov va shashliklarni yoqtirib yeyishadi.

Koreyada biznes qilish juda qulay. Hamma narsa ochiq, tizimlashgan. Hujjatlar uchun sarson bo‘lmaysiz. Davlat organlari o‘zi yordam beradi. Bu yerda qonun ustuvor. Fuqaro koreyalikmi, chet ellikmi, farqi yo‘q – qonun barcha uchun bir xil.

Oshxonani ochish uchun taxminan 100 ming dollardan ko‘proq mablag‘ va bir oydan ortiq vaqt ketdi.

Ham o‘qib, ham o‘z ishimizni yurityapmiz”

Hasan va Husan Nabiyevlar 2021 yilda magistraturaga o‘qishga kelgan, bugun esa doktoranturaning birinchi bosqichida tahsil olmoqda. Yo‘nalishlari – ingliz tili. O‘qish bilan birga, Koreyada kichik tadbirkorlikni – milliy taomlar oshxonasi va novvoyxona faoliyatini yo‘lga qo‘yishgan.

Aka-uka o‘z mijozlariga somsa, tandir go‘sht va yangi yopilgan nonni taklif qiladi.

Ikkovimiz ham oliy ta’lim olish bilan birga ishlayapmiz. Doktoranturada dars haftada bir marta bo‘ladi, qolgan vaqtni ilmiy faoliyat va tadbirkorlikka sarflaymiz. O‘zimiz uchun shartnoma puli va kundalik xarajatlarni shu yerda ishlab topamiz”, – deydi Hasan Nabiyev.

Ular daromad topish bilan birga, o‘zbek milliy taomlarini targ‘ib ham qilmoqda. Xaridorlar orasida faqat o‘zbekistonliklar emas, balki koreyslar, vetnamliklar, malayziyaliklar va boshqa millat vakillari ham bor.

Masalan, ko‘pincha koreyslar birinchi marta ko‘rayotgan tandir non yoki go‘sht haqida so‘rashadi: “Bu qanday yeyiladi?” deyishadi. Biz ularga tushuntiramiz. Ular oz-ozdan olib ko‘rishadi – bitta somsa yoki kichik bo‘lak non. Ular bizdagidek choy bilan to‘yib ovqatlanmaydi, lekin qiziqish bor. Ayniqsa, shanba-yakshanba kunlari odam ko‘p bo‘ladi, ikki katta qozondagi osh ham tez tugaydi”, – deydi Husan Nabiyev.

Koreyada o‘zbekcha muhit – muhojirlikda vatan taftini his qilish hamdir

Koreya bugun dunyoning ilg‘or davlatlaridan biri. Sanoat, tibbiyot, ta’lim, texnologiya – har bir sohada yuqori natijalarga erishgan. Lekin o‘z yurtidan uzoqda yurgan inson uchun ish, maosh yoki texnologiyalar emas, balki ma’naviy yaqinlik muhimroq bo‘lishi mumkin.

Kimhedagi “Kichik O‘zbekiston” – aynan shunday ma’naviy haroratni beradigan joy. Bu yerda odam o‘zini yolg‘iz his qilmaydi, chunki ko‘cha boshida o‘zbekcha do‘kon, yo‘l bo‘yida o‘zbekcha oshxona, gaplashadigan, ko‘mak beradigan yurtdoshlar bor.

Bu – shunchaki migrantlar hayoti emas. Bu – boshqa yurtda yurgan bo‘lsa-da, o‘zligini saqlayotgan, milliy qadriyatlarni unutmagan va eng muhimi, uni boshqalarga tanitayotgan o‘zbeklarning hayoti.

Muallif:
Ibrohim Samadov

Tasvirchi:
Ziyoddin Mamatjonov

Montajchi:
Shohruzbek Abdurayimov

Mavzuga oid