O‘zbekiston | 05:55 / 19.02.2026
2743
2 daqiqa o‘qiladi

O‘zbekiston va AQSh o‘rtasida investitsiya platformasi tashkil etiladi

Vashington shahriga tashrifning ishbilarmonlik tadbirlari davomida Prezident Shavkat Mirziyoyev AQSh Eksport-import banki prezidenti va raisi Jon Yovanovich hamda Xalqaro moliyaviy taraqqiyot korporatsiyasi (DFC) bosh ijrochi direktori Ben Blekni qabul qildi.

Foto: Prezident matbuot-xizmati

O‘tgan yili Prezident Donald Tramp bilan bo‘lib o‘tgan muzokaralar AQSh ishbilarmon doiralari bilan savdo-investitsiyaviy hamkorlikni kengaytirishga kuchli turtki bergani ta’kidlandi.

Ishbilarmonlik kengashi faoliyatini qo‘llab-quvvatlash va ustuvor loyihalarni tizimli ilgari surish uchun Investitsiya platformasini ishga tushirishga alohida e’tibor qaratildi.

Foto: Prezident matbuot-xizmati

Eksimbank bilan hamkorlik yo‘nalishlari belgilab olindi. Yirik sanoat va infratuzilmaviy loyihalarni moliyalashtirishni kengaytirish hamda yuqori texnologiyali uskunalar yetkazib berishni qo‘llab-quvvatlash shular jumlasidan.

DFC rahbariyati bilan suhbatda investitsiyaviy hamkorlik mexanizmlarini mustahkamlash muhimligi ta’kidlandi. Korporatsiyaning yirik milliy va mintaqaviy loyihalarda ishtirok etish, moliya bozori va energetika tarmog‘ini rivojlantirish bo‘yicha rejalari qo‘llab-quvvatlandi.

O‘zbekiston Prezidenti AQSh tomonini Toshkent xalqaro investitsiya forumida ishtirok etishga taklif qildi.

Foto: Prezident matbuot-xizmati

Uchrashuv yakunida O‘zbekiston Prezidenti huzurida tashrif davomida imzolangan O‘zbekiston va AQSh o‘rtasida investitsiya platformasini tashkil etish to‘g‘risidagi bitim almashildi.

Дилшод Абдуқодиров
Tayyorlagan Дилшод Абдуқодиров

Mavzuga oid