O‘zbekiston | 16:59 / 21.08.2025
11905
2 daqiqa o‘qiladi

Madaniyat vaziri yana reklamada ko‘rinish berdi

Ozodbek Nazarbekov xususiy universitet reklamasida suratga tushdi. U o‘tgan yili erkaklar kiyim do‘konini reklama qilishi ortidan, Raqobat qo‘mitasi o‘sha do‘konni jarimaga tortgan, vazirni esa reklama bilan bog‘liq huquqbuzarlik sodir etmagan deb topgandi. Qonunga ko‘ra, reklama beruvchilarga tovarning davlat amaldorlari tomonidan ma’qullanganini ko‘rsatish taqiqlangan.

Reklama roligidan kadr

Madaniyat vaziri Ozodbek Nazarbekov yana reklama roligida suratga tushdi. Bu safar u xususiy oliygoh – Kokand University'ning Andijon filiali reklamasida ko‘rinish berdi.

“Universitetda qabullar davom etmoqda, fursatdan foydalanib barcha yoshlarimizga ushbu universitetda tahsil olishlarini tavsiya qilaman”, – degan Nazarbekov.

Universitet filiali bu rolikni o‘z rasmiy sahifasiga 4 iyul kuni joylagan.

Bundan avvalgi keys

Bu – madaniyat vazirining reklamada suratga tushganiga oid birinchi holat emas. 2024 yilda Ozodbek Nazarbekov Kingsman kiyim do‘konini reklama qilib chiqqandi.

O‘shanda holat muhokamalarga sabab bo‘lgach, vazirning matbuot xizmati u bundan hech qanday moddiy manfaatdorlikni maqsad qilmaganini bildirgandi.

Reklama sohasida vakolatli davlat organi – Raqobatni rivojlantirish va iste’molchilar huquqlarini himoya qilish qo‘mitasi holat bo‘yicha o‘rganish o‘tkazib, “Kingsman Uzbekistan” brendi ostida faoliyat yurituvchi “Boutique” MChJ reklamada tovarlari mansabdor shaxs – madaniyat vaziri Ozodbek Nazarbekov tomonidan ma’qullanganini ko‘rsatgani uchun reklama qonunini buzgan deb topgan. Kompaniya moliyaviy jarimaga tortilgan.

Vazir esa vakolatli organ tomonidan aybsiz deb topilgan. U reklamani hech qayerda tarqatmagani tufayli, reklamaning aylanishida rasman ishtirok etmagan (reklama beruvchi ham, reklama tayyorlovchi ham, reklama tarqatuvchi ham emas) degan xulosaga kelingan.

Ma’lumot uchun, “Reklama to‘g‘risida”gi qonunning 16-moddasiga ko‘ra, reklamada tovar davlat organlari yoki ularning mansabdor shaxslari tomonidan ma’qullanganini ko‘rsatish taqiqlangan.

Mavzuga oid