Iqtisodiyot | 15:20 / 21.01.2026
6560
3 daqiqa o‘qiladi

“Sayyohlar O‘zbekistonga 700-900 dollarga uchib kelyapti” - tadbirkor

O‘zbekistonga uchib kelayotgan xorijlik sayyohlar aviachipta uchun 900 dollargacha to‘lashiga to‘g‘ri kelyapti, deya ma’lum qildi turizm sohasidagi tadbirkor hukumat vakillari bilan ochiq muloqotda. U Gruziyani misol qilib keltirdi: chet elliklar shanba-yakshanba kunlari bu mamlakatga borib kelish uchun 50-100 dollarga aviachipta olishlari mumkin.

Savdo-sanoat palatasi tomonidan tadbirkorlar, hukumat vakillari va elchilar ishtirokida o‘tkazilgan ochiq muloqotda turizm sohasi haqida ham so‘z bordi.

Tadbirkorlardan biri xorijiy sayyohlar oqimini oshirish uchun qator takliflarni ilgari surdi.

Madaniy obektlar chiptalari qimmat

Tadbirkorning so‘zlariga ko‘ra, O‘zbekistonda turistlar uchun muzeylar va madaniy meros obektlariga kirish chiptalari narxi yildan yilga oshyapti.

Bitta sayyoh 10-12 ta turistik obektga kirganda, jami bo‘lib 130-150 dollar pul to‘layapti. Yevropada hozir ahvol unchalik yaxshimas, turistlar kamayib qolgan. Buyoqda esa biletlar qimmat”.

Aviachiptalar qimmat

Tadbirkor O‘zbekistonga aviachiptalar qimmatligi, xorijlik sayyohlar oldida esa boshqa arzonroq muqobil variantlar borligini aytdi.

Bizga loukosterlar uchmaydi. Sayyohlar 700, 800, 900 dollarga uchib keladi. Masalan, Gruziyaga o‘xshab, shanba-yakshanba kunlari 50-100 dollarga kelib-ketadigan chiptalar yo‘q-da”.

QQSni qaytarish

Turizm sohasi vakili turfirmalar uchun QQSdan yengillik berishni so‘radi.

Eski masala. Tovarlarni eksport qiladiganlarga QQSni qaytarib berasizlar. Xizmatlarni eksport qiladiganlarga esa QQS qaytarilmaydi. Masalan, o‘sha madaniy meros obektlariga chiptalar 150 dollar dedik-a, o‘sha narxni bizga QQSsiz chiqarib beradi, biz uning ustiga QQS to‘lashimiz kerak”.

Festivallar sanasi mavhum

Tadbirkor turli madaniy festivallar sanasi yetarlicha oldindan aniq bo‘lmasligini bildirdi.

O‘zbekistonda turistlar uchun ko‘p festivallar o‘tkaziladi, lekin ularning sanasi aniq bo‘lmaydi. Faqat qaysi oyda o‘tkazilishi aytiladi. Turistlar esa sayohatini 1–1,5 yil oldin rejalashtiradi. Festivallarning sanalarini 1 yil oldin bizga berishsa, biz ko‘proq turistlarni olib kelishimiz mumkin”.

Bosh vazir o‘rinbosari Jamshid Xo‘jayev ko‘tarilgan masalalarni yozib olgani va ko‘rib chiqilishini aytdi, mas’ul vazirlik va idoralarga topshiriq berdi.

Mavzuga oid