Jahon | 19:55 / 31.10.2025
8030
9 daqiqa o‘qiladi

Amerikaning yadro bombasi sinovlari: Putinga javobmi yoki yangi sovuq urush ehtimoli?

Donald Trampning yadro qurollari sinovi bo‘yicha tahdidi global xavfsizlik bilan bog‘liq murakkab savollarni keltirib chiqardi. Mutaxassislarga ko‘ra, AQSh 33 yildan beri yadro arsenalini sinamagan bo‘lsa-da, hali ham dunyoning narigi tomonidagi nishonlarni ishonchli tarzda yo‘q qila oladi. Ushbu maqolada Amerikaning atom bombalari va ularni sinov maqsadida portlatishga oid eng muhim ma’lumotlar keltiriladi.

Video thumbnail
{Yii::t(}
O'tkazib yuborish 6s

Boshlanish – Putinning «mo‘jizaviy» qurollari

Aslida hammasi bir hafta oldin boshlandi. Donald Tramp Rossiya-Ukraina urushini tugatishga majburlash uchun ruslarning ikki eng yirik nefta kompaniyasiga sanksiyalar joriy qildi. Shu kuni Rossiya prezidenti Vladimir Putin o‘zining yadroviy triadasi: quruqlik, suv va osmondagi yadro tashuvchi raketalari sinovini e’lon qildi.

Bir necha kun o‘tib esa yadroviy dvigatelga ega, «cheksiz masofaga» ucha oladigan, yadro quroli olib yurishi mumkin bo‘lgan «Burevestnik» dron-raketasi sinovdan o‘tganini aytdi.

Foto: Kreml matbuot xizmati

Shundan keyin, atom energiyasida ishlaydigan «Poseydon» yadroviy torpedosini taqdim etdi. Putinga ko‘ra, «harakat tezligi va chuqurligi bo‘yicha» dunyoda bunday uskuna yo‘q va yaqin orada paydo bo‘lishi dargumon.

Trampdan kutilmagan bayonot

30 oktyabrga o‘tar kechasi Donald Tramp Pentagonga yadroviy qurol sinovlarini boshlashni buyurganini bildirdi. «Boshqa davlatlar sinov dasturlarini o‘tkazayotgani sababli men Mudofaa vazirligiga yadroviy qurolimizni paritet asosida sinashni boshlashni topshirdim. Bu jarayon darhol boshlanadi», — deb yozdi u Truth Social'da.

Trampning aytishicha, hozir AQShda «boshqa istalgan mamlakatga nisbatan ko‘proq yadroviy qurol» mavjud. «Rossiya — ikkinchi o‘rinda, Xitoy — katta farq bilan uchinchi. Lekin u besh yil ichida bizga tenglashadi», — deb qo‘shimcha qildi respublikachi.

Tramp «yadro qurollarini tashuvchi tizimlarni» sinovdan o‘tkazishni nazarda tutganmi yoki yadro bombasini portlatish sinovlarga moratoriyni bekor qilmoqchi, hozircha aniq emas.

AQShda nechta yadro bombasi bor?

New York Times nashrining yozishicha, Amerika arsenalida taxminan 3 ming 700 ta yadro kallagi bor, shulardan 1 700 tasi hozirda eltuvchi qurollarga joylashtirilgan. So‘nggi baholashlarga ko‘ra, yadro qurollari B-2 yoki B-52 kabi bombardimonchi samolyotlarga o‘rnatilishi, AQSh hududidagi shaxtalardan uchirilishi yoki suvosti kemalaridagi raketalardan otilishi mumkin.

Foto: Getty Images

Aslida AQShda dunyodagi eng ko‘p yadro bomba yo‘q. Tramp chorshanba bu borada noto‘g‘ri fikr aytdi: bu «rekord» Rossiya Federatsiyasiga tegishli. Amerika olimlar jamiyatiga ko‘ra, Rossiyaning yadro kallaklari soni taxminan 5 ming 600 dan oshadi. Ularning 1700 tasi esa «faol joylashtirilgan», ya’ni uchirishga tayyor.

Vashington esa hozirda har bir yadro kallagini yangilash va ularni tashuvchi vositalarni modernizatsiya qilish dasturini amalga oshirmoqda. Dastur umumiy hisobda 30 yil davomida amalga oshiriladi va 1,7 trillion dollarga tushadi.

Atom bombasi ishlashiga kim kafolat beradi?

Avtomobillar singari, yadro qurollarida ham doimiy texnik xizmat va sinov talab qilinadi. Shuning uchun yadroviy qudratga ega davlatlar o‘z arsenallarining ishga tayyorligiga to‘liq ishonadi.

AQSh har yili taxminan 25 milliard dollarni yadro qurollarini saqlash va xizmat ko‘rsatish dasturiga sarflaydi. Mazkur dasturda portlovchi sinovlar o‘tkazilmaydi. Buning o‘rniga yuzlab texnik qurilmalar, superkompyuterlar, dunyodagi eng kuchli rentgen apparati va stadionga teng lazer tizimi orqali modellashtirish ishlari amalga oshiriladi.

Foto: New York Times

AQShda bu jarayonlarga 8 ta yirik markazda 65 500 nafar xodim jalb qilingan. Xususan, yadro bombasining «vatani» hisoblangan Los-Alamos laboratoriyasida 2018 yildan buyon ishchilar soni 50 foizga oshib, 18 ming nafarga yetgan.

AQSh oxirgi marta qachon yadro sinovi o‘tkazgan?

AQSh 1945 yildan beri jami 1 030 ta yadro portlash sinovlarini o‘tkazgan va ulardan to‘plangan ma’lumotlarni hanuzgacha saqlab keladi.

So‘nggi yerosti portlashi – 1992 yil 23 sentabrda Nevada sinov poligonida amalga oshirilgan. U nisbatan kuchsiz bo‘lgan: Xirosima bombasining uchdan bir quvvatiga teng.

O‘sha yili, sovuq urush tugagan paytda, AQSh ixtiyoriy ravishda yadro qurollarining portlovchi sinovlaridan voz kechdi va boshqa davlatlarni ham bunga ko‘ndirdi.

1993 yilda prezident Bill Klinton barcha davlatlarga yadro portlovlarini taqiqlovchi xalqaro bitim tashabbusi bilan chiqdi. 1996 yilda imzolangan bu sinovlarni to‘liq taqiqlash shartnomasi rasman kuchga kirmagan bo‘lsa-da, dunyo miqyosida norma sifatida shakllandi.

1962 yilda Nevada sinov poligonida o‘tkazilgan 100 kilotonnali termoyadro bombasi sinovidan so‘ng hosil bo‘lgan krater / Foto: Getty Images

Shundan so‘ng AQSh, Rossiya, Xitoy, Britaniya va Fransiya hech qanday yadro sinovini o‘tkazmagan. Bu asrda faqat Shimoliy Koreya – so‘nggi marta 2017 yilda yadroviy bombasini portlatish sinovini o‘tkazgan.

AQSh yana qachon yadro bombani sinovdan o‘tkazishi mumkin?

AQShning yadro sinov maydoni – Nevada cho‘lida juda katta hududni egallagan. Ammo ekspertlar bu joyni qayta sinovga tayyorlash juda qiyinligini aytadi — infratuzilmaning ko‘p qismi yaroqsiz holga kelgan.

Shunga qaramay, Energetika vazirligi 2013 yilda chiqargan hujjatda shunday degan edi: «AQSh yadro tiyib turish salohiyatini namoyish etish yoki boshqa davlat sinoviga javoban cheklangan sinovni 6–10 oy ichida o‘tkazishi mumkin».

Reutersʼning Energetika vazirligidagi manbasiga ko‘ra, agar sinov bo‘lsa, u Nevada shtatidagi yerosti poligonida 36 oy ichida sinovga tayyor holatda bo‘lishi kerak.

AQSh rasmiylari yangi bomba modellarini yerosti portlashlarisiz ishlab chiqayotganini aytadi. Milliy laboratoriyalar rahbarlari ham Kongressda qayta-qayta «AQShga yadro portlashlarini qayta boshlashning zarurati yo‘q» deb guvohlik bergan.

Nega ba’zi ekspertlar sinovlarni qayta boshlashni istaydi?

Asosiy sabab — raqiblarni qo‘rqitish. Sovuq urush davrida portlovchi sinovlar Moskva va Vashington o‘rtasidagi psixologik va siyosiy bosim vositasi bo‘lgan. Yerosti portlashlaridan tarqalgan seysmik to‘lqinlar butun dunyoga signal yuborar, ularni seysmograf orqali istalgan davlat aniqlay olardi.

Bugungi kunda esa BMTning «Yadro sinovlarini to‘liq taqiqlash shartnomasi tashkiloti» dunyodagi eng sezgir monitoring tarmog‘ini boshqaradi. U 100 dan ortiq kuzatuv stansiyalari orqali zilzilalar va vulqon portlashlari orasidan yadroviy portlash alomatlarini aniqlaydi.

Rossiya va Xitoyning reaksiyasi

Kreml matbuot kotibi Dmitriy Peskov – Rossiya o‘tkazgan so‘nggi dron va raketa sinovlari yadro qurollari sinovi emasligini aytdi.

Peskov Rossiyaning so‘nggi «yadro salohiyatiga ega qurollar» sinovlari haqida Trampga to‘liq ma’lumot berilganiga umid bildirdi. Chunki «ularni mutlaqo yadro sinovi sifatida ko‘rish mumkin emas,» dedi u.

Foto: New York Times

Rossiya 1990 yildan beri tasdiqlangan yadro quroli sinovini o‘tkazmagan.

Shu bilan birga, Peskovning qo‘shimcha qilishicha, agar boshqa bir mamlakat yadro sinovlari bo‘yicha global moratoriyni buzsa, Rossiya ham shunday javob qaytaradi.

Xitoy tashqi ishlar vazirligi esa payshanba kuni «AQSh yadro sinovlariga moratoriy va sinovlarni taqiqlovchi shartnoma bo‘yicha majburiyatlariga rioya qiladi» degan umidini bildirdi.

Xitoy AQSh ma’muriyatlarining yadro qurollar bo‘yicha muzokaralar o‘tkazish haqidagi barcha urinishlarini rad etib keladi. Pekin yadroviy zaxiralarini keskin kengaytirayotgan bo‘lsa-da, u Rossiya va AQSh bilan muzokara qilishga uncha qiziqmaydi. Chunki hozircha Xitoyning yadroviy arsenal hajmi Rossiya va AQShdan ancha kam. 

Mavzuga oid