Qoʻshimcha funksionallar
-
Tungi ko‘rinish
Afg‘oniston O‘zbekistondan harbiy vertolyotlarni qaytarishni yana bir bor so‘radi
2021 yil avgustida toliblar Afg‘onistonda hokimiyatni egallab olganida, oldingi rejim harbiylari O‘zbekistonga 46 ta harbiy samolyot va vertolyotda qochib o‘tgan edi. «Tolibon» vakillari ushbu texnikalarni qaytarishni bir necha bor so‘ragan. O‘zbekiston ushbu samolyot va vertolyotlar AQSh mulki hisoblanishi va ularni qaytarib bo‘lmasligini ta’kidlab kelmoqda.
Amir Xon Muttaqiy / Foto: TOLOnews
Afg‘onistonning «Tolibon» hukumatidagi tashqi ishlar vaziri Amir Xon Muttaqiy O‘zbekiston va Tojikistonni 2021 yil avgust oyida afg‘on uchuvchilari mamlakatdan olib qochgan harbiy vertolyotlarni qaytarishga chaqirdi. Bu haqda Afg‘onistonning Tolonews nashri xabar berdi.
«Biz to‘rt yil avval siyosiy voqealar natijasida vertolyotlarimizning bir qismini olib qo‘ygan va qo‘shni davlatlarga topshirgan davlatlardan ushbu vertolyotlarni afg‘on xalqiga qaytarishni so‘raymiz, ular gumanitar maqsadlarda ishlatiladi», dedi Muttaqiy Kobulda diplomatlar va xalqaro tashkilotlar vakillari bilan bo‘lib o‘tgan uchrashuvda.
8 sentabr kuni Afghanistan International nashri o‘z manbalariga tayanib, O‘zbekiston yaqin kunlarda Afg‘onistonga 2021 yilda mamlakatdan olib chiqib ketilgan 57 ta harbiy vertolyotni qaytarishi haqida xabar bergan edi. 11 sentabr kuni The Kabul Times gazetasi Afg‘oniston muvaqqat hukumati rasmiy vakili Zabihullo Mujohidning O‘zbekiston aviatexnikalarni qaytarishga rozi bo‘lganini aytgan so‘zlaridan iqtibos keltirdi.
Biroq O‘zbekiston Tashqi ishlar vazirligi matbuot kotibi Ahror Burxonov afg‘onistonlik rasmiyning so‘zlarini rad qildi.
«Bunday xabarlar haqiqatga to‘g‘ri kelmaydi. O‘zbekistonning pozitsiyasi o‘zgarishsiz qolmoqda, tarqatilayotgan xabarlar esa feyk», deb ta’kidladi Burxonov.
Rasmiy ma’lumotlarga ko‘ra, 2021 yil avgustida toliblar Afg‘onistonda hokimiyatni egallab olganida, oldingi rejim harbiylari O‘zbekistonga 46 ta (22 ta harbiy samolyot va 24 ta vertolyot) havo kemasida qochib o‘tgan.
O‘tgan vaqt mobaynida Afg‘onistonning muvaqqat hukumati vakillari bir necha bor harbiy texnikalarni qaytarishni talab qilib chiqqan.
O‘zbekiston tomoni esa ushbu samolyot va vertolyotlar AQSh mulki hisoblanishi va ularni qaytarib bo‘lmasligini ta’kidlab keladi.
2024 yil avgustida O‘zbekistondagi AQSh elchisi Jonatan Henik samolyot va vertolyotlar O‘zbekistonda qoldirilishi, ikki mamlakat rasmiylari bu borada kelishuvga erishganini ma’lum qildi. U «ushbu texnikalar hech qachon afg‘onlarniki bo‘lmagani»ni eslatdi.
2025 yil fevralida berilgan ma’lumotlarga ko‘ra, Black Hawk rusumli 7 ta vertolyot O‘zbekiston tomonidan allaqachon Qo‘shma Shtatlarga qaytarilgan, o‘nlab boshqa texnikalar O‘zbekistonda qoldirilgan.
Mavzuga oid
21:21 / 26.12.2025
Seul va Vashingtonga javob: Kimning «orzu ro‘yxati»dagi yana bir qurol deyarli tayyor
14:27 / 26.12.2025
Zelenskiy: “Uitkoff va Kushner bilan juda yaxshi suhbat bo‘ldi”
14:09 / 26.12.2025
AQSh Serbiya kompaniyasiga RF ulushini sotish bo‘yicha muzokaralar uchun muddat berdi
13:38 / 26.12.2025