O‘zbekiston | 20:57 / 18.12.2025
1496
5 daqiqa o‘qiladi

2026 yilgi davlat budjeti va “Biznesni 15 daqiqada boshlash” tamoyili – mahalliy dayjest

Kun davomida Kun.uz yoritgan muhim mahalliy yangiliklar bilan tanishtiramiz.

Video thumbnail
{Yii::t(}
O'tkazib yuborish 6s

Senat 2026 yilgi davlat budjetini ma’qulladi

Oliy Majlis Senati “2026 yil uchun O‘zbekiston Respublikasining Davlat budjeti to‘g‘risida”gi qonunni ma’qulladi.

Senatorlar 2026 yil davlat budjetida aholi turmush darajasini yaxshilash, xalq farovonligini yuksaltirish, “yashil iqtisodiyot”ni rivojlantirish, atrof-muhitni muhofaza qilish, sog‘liqni saqlash tizimi bilan qamrovni kengaytirish hamda sifatli ta’limni ta’minlash kabi ijtimoiy soha yo‘nalishlariga ustuvor ahamiyat berilganini alohida ta’kidladi.

Xususan, davlat budjeti xarajatlarining qariyb 55 foizi – 220 trln so‘mi ijtimoiy sohaga yo‘naltirilmoqda. Jumladan, ta’lim sohasiga 100 trln so‘m, sog‘liqni saqlash sohasiga esa 49 trln so‘m ajratilishi ko‘zda tutilgan bo‘lib, bu ko‘rsatkich joriy yilga nisbatan 11,4 foizga oshirilmoqda.

Bolalarni zo‘ravonlikning barcha shakllaridan himoya qilish bo‘yicha strategiya ishlab chiqildi

Prezident Shavkat Mirziyoyevga 2026–2030 yillarda bolalarni zo‘ravonlikning barcha shakllaridan himoya qilish bo‘yicha ishlab chiqilgan strategiya to‘g‘risida axborot berildi.

Strategiya bolalar uchun zo‘ravonlikdan holi muhit yaratish, zo‘ravonlik xavfi ostidagi bolalarni barvaqt aniqlash hamda jabrlanuvchi yoki guvoh bo‘lgan bolalarga kompleks xizmatlar ko‘rsatishni asosiy maqsad qilib olgan.

Mazkur hujjat doirasida bolalarga nisbatan zo‘ravonlik holatlarining oldini olish, xavf ostidagi bolalar bilan erta bosqichda ishlash, bolalar va ularning oilalariga ijtimoiy, psixologik, ta’lim va huquqiy xizmatlarni taqdim etish bo‘yicha ustuvor yo‘nalishlar belgilandi.

“Biznesni 15 daqiqada boshlash” tamoyilida davlat xizmati taqdim etiladi

2026 yil 1 yanvardan tadbirkorlik sub’yektlarini davlat ro‘yxatidan o‘tkazishda “Biznesni 15 daqiqada boshlash” tamoyili joriy etilib, bir qator xizmatlar bir vaqtning o‘zida — kompozit tarzda ko‘rsatiladi.

Qonunchilikka ko‘ra, 2026 yil 1 yanvardan tadbirkorlarni davlat ro‘yxatidan o‘tkazish jarayonida quyidagi xizmatlar bir vaqtning o‘zida taqdim etiladi: elektron raqamli imzo (ERI) kalitini berish; bank hisobvaraqlarini ochishga ariza topshirish va ularni faollashtirish; ayrim faoliyat turlari bo‘yicha litsenziya/ruxsatnoma olishga ariza yoki xabarnoma yuborish va boshqalar.

Hujjatda, shuningdek, tadbirkor har bir xizmatdan o‘z tanloviga ko‘ra ixtiyoriy foydalanishi, tanlangan xizmatlar uchun esa yagona QR-kod orqali to‘lov qilish imkoniyati yaratilishi belgilangan.

1 yanvardan “Eng yaxshi soliq to‘lovchi mahalla” nominatsiyasi joriy etiladi

Qonunchilikka muvofiq, 2026 yil 1 yanvardan boshlab mahallalarda soliq to‘lov intizomi va tadbirkorlik faolligini rag‘batlantirish maqsadida “Eng yaxshi soliq to‘lovchi mahalla” nominatsiyasi joriy etiladi.

Belgilanishicha, mazkur nominatsiya g‘oliblarini aniqlashda quyidagi mezonlar hisobga olinadi: har ming nafar odamga to‘g‘ri keladigan kichik biznes sub’yektlari soni; har ming nafar odamga to‘g‘ri keladigan kichik biznes sub’yektlari tomonidan to‘langan soliqlar miqdori; har ming nafar aholiga to‘g‘ri keladigan jismoniy shaxslardan olinadigan daromad solig‘i to‘lovchilar soni va boshqalar.

Toshkentga kirish joylarida avtoturargohlar quriladi

Toshkent shahrini rivojlantirish masalalari yuzasidan 16 dekabr kuni bo‘lib o‘tgan yig‘ilishda prezident Shavkat Mirziyoyev poytaxtdagi transport tizimi haqida so‘z yuritdi.

Davlat rahbari so‘zlariga ko‘ra, kelasi yili shaharga kirishdagi 2 ta nazorat posti shahar tashqarisiga ko‘chadi, 3 tasi rekonstruksiya qilinadi. Bu yerlarda kamida 3,5 mingta yuk va 5,5 mingta yengil avtomobil uchun turargohlar hamda aholi uchun kempinglar barpo etiladi.

Poytaxtga kelayotgan mehmonlar istasa, avtomobilini shaharga kirishda qoldirib, tez va xavfsiz jamoat transportida harakatlanishi mumkin bo‘ladi.