Jamiyat | 17:00 / 18.08.2025
3638
9 daqiqa o‘qiladi
Reklama

Dubayning madaniy maskanlari bo‘ylab sayohat: tarix, san’at va ilhom

Dubay — o‘zbekistonlik sayyohlar, ayniqsa, mazmunli sayohatni qadrlaydigan oilalar uchun katta talabga ega bo‘lgan yo‘nalishlardan biri. Bu yerda dengiz bo‘yida dam olishni madaniy tadbirlar bilan birlashtirish, ya’ni tarixiy mavzelar bo‘ylab sayr qilish, badaviylarning an’analari bilan tanishish, muzeylar va art-maskanlarga tashrif buyurish, turli mamlakatlarning taomlarini tatib ko‘rish mumkin. Bu yo‘nalish O‘zbekiston fuqarolariga Dubayni yangi tomondan kashf qilish – tarix, san’at va gastronomiya qanday qilib bolalar uchun ham, kattalar uchun ham qiziqarli bo‘lgan noyob muhitni yaratishini ko‘rish imkonini beradi.

Yo‘nalish boshi: Dubay tarixiga nazar

Shaharning madaniy merosi bilan dastlabki tanishuvni Al Faxidiy – Dubayning qadimiy mavzesidan boshlang. Bu yerda XX asr boshining muhiti saqlanib qolgan. Tor ko‘chalar, marjon toshlardan qurilgan uylar va an’anaviy shamol minoralari sizni osmono‘par binolargacha bo‘lgan davrga olib o‘tadi. Bu yerda muzeylar, hunarmandchilik ustaxonalari va badiiy galereyalar siz uchun muntazir.

Shu yerdan an’anaviy abra qayig‘ida Dubay-Krik ko‘rfazi orqali qisqa, ammo bir umr esda qoladigan sayohatga chiqing. Bolalar uchun u haqiqiy sarguzashtga aylanadi, kattalar uchun esa – shaharni o‘zgacha rakursdan tomosha qilish imkonini beradi.

Qarama-qarshi qirg‘oqda Al-Sif sohilbo‘yi ko‘chasi joylashgan, bu yerda qadimiy me’morchilik zamonaviy dizayn bilan uyg‘unlashib ketgan. Ko‘cha bo‘ylab shunchaki sayr qilish, qo‘lda yasalgan buyumlar sotiladigan kichik do‘konchalarga kirish, shinam qahvaxonalarda mahalliy noz-ne’matlardan tatib ko‘rish yoki dengiz manzarasidan bahra olish mumkin.

Ushbu mavzeda Shayx Muhammadning Madaniy o‘zaro anglashuv markazi (SMCCU) alohida o‘rin tutadi. Bu odamlar orasidagi stereotiplar BAA madaniyati to‘g‘risidagi haqiqiy bilimlarga almashadigan makon. Bu yerda mehmonlar gilam ustida o‘tirib, milliy taomlarni tanovul qiladigan, din, odatlar va kundalik turmush haqida istalgan savolni berishlari mumkin bo‘lgan an’anaviy amirlik nonushtalari va kechki ovqatlar tashkil qilinadi. Gidlar mamlakat tarixi, oilaning roli, hunarmandchilik va mehmondo‘stlik haqida so‘zlab berishadi, o‘zaro ishonch muhiti esa bunday uchrashuvlarni yanada samimiyroq darajaga ko‘taradi.

O‘tmishdan kelajakka: mamlakatning interfaol tarixi

Birlashgan Arab Amirliklari qanday shakllanganini yaxshiroq bilib olish uchun Etixad Muzeyiga tashrif buyuring. Bino o‘ralgan qo‘lyozma shaklida qurilgan bo‘lib, u amirliklarning 1971 yilda imzolangan ittifoqini anglatadi.

Muzey ichkarisida sizni birlashishdan avvalgi davrlardan tortib, mustaqillik va shiddat bilan rivojlanish davrigacha bo‘lgan mamlakat tarixi bo‘ylab qiziqarli sayohat kutadi. Ekspozitsiyalar noyob hujjatlar va fotosuratlarni, multimedia installyatsiyalarni, interfaol stendlar va, hatto, muhim muzokaralar o‘tkazilgan zallar rekonstruksiyasini ham o‘z ichiga olgan.

Etixad Muzeyi nafaqat o‘tmishdan so‘zlaydi, balki qizg‘in iqtisodiy o‘sish sharoitlarida amirliklarning madaniyati va qadriyatlari qay tarzda saqlanib qolganini ham anglash imkonini beradi.

Zamonaviy san’at va kreativ makonlar

Alserkal Avenue — mustaqil Dubay san’atining yuragi

Al-Kuoz sanoat mavzesida bir paytlar omborxona vazifasini o‘tagan qurilmalar hozir gavjum zamonaviy san’at markaziga aylangan. Alserkal Avenue — uni Yaqin Sharq “Soxo”si desa ham bo‘ladi. Unda jahon darajasidagi galereyalar, art-rezidensiyalar, mustaqil teatrlar, dizaynerlik studiyalari, kreativ qahvaxonalar va lektoriylar joylashgan. Bu yerda ko‘rgazmalar, kinonamoyishlar, performanslar, ma’ruzalar va mahorat darslari o‘tkaziladi.

Bahorda Alserkal Art Week doirasida 15 dan ortiq galereya yangi ekspozitsiyalarni taqdim etadi, pablik-toklar va ochiq studiyalar tashkil qilinadi, rassomlar esa o‘z muxlislari bilan norasmiy muhitda uchrashish imkoniga ega bo‘ladi.

The Third Line, ya’ni arab dunyosi rassomlarini taqdim etuvchi Yaqin Sharqdagi mashhur galereyalardan biri, alohida e’tiborga loyiq. Cinema Akil kinoteatrida esa artxaus janridagi filmlarni tomosha qilish va ularni kinotanqidchilar bilan birga muhokama qilish imkoniyati mavjud.

XVA Gallery — san’atda aksini topgan tarix

Al Faxidiy mavzesining qoq yuragida XVA Gallery – an’anaviy arab uyida joylashgan zamonaviy san’at galereyasi faoliyat ko‘rsatadi. Bu yerda ko‘rgazma zallari, butik-mehmonxona, qahvaxona va madaniy markaz bir-biri bilan uyg‘unlashib ketgan. Sokin va shinam muhit kishini sehrlaydi: jimjit ichki hovlilar, yog‘och eshiklar, toqili shiftlar...

Ekspozitsiyalar Yaqin Sharq, Shimoliy Afrika va Janubiy Osiyo mamlakatlari rassomlarining asarlaridan tashkil topgan bo‘lib, ularda san’at orqali o‘zlik, urbanizatsiya va xotira mavzulari o‘zgacha talqinda berilgan. XVA galereyasi xalqaro art-yarmarkalarda, shu jumladan Art Dubai tadbirida ham faol ishtirok etadi va mahalliy art-sahnalar rivojiga ko‘maklashadi.

Jameel Ars Centre — g‘oyalar makoni

Jaddaf Waterfront sohilbo‘yi ko‘chasida o‘ta zamonaviy Jameel Ars Centre binosi qad rostlagan. Bu ko‘plab ko‘rgazma zallarga, o‘z kutubxonasiga, ustaxonalari va haykallar bog‘iga ega madaniyat majmuasi. Bu yerda bolalar va o‘smirlar uchun muntazam ravishda interfaol loyihalar faoliyat ko‘rsatadi, ko‘chma ko‘rgazmalar va zamonaviy san’at mavzusidagi ma’ruzalar tashkil qilinadi.

Global madaniy muhit: hunarmandchilikdan gastronomiyagacha

Oktabr oyidan Global Village xalqaro yarmarkasining yangi mavsumi boshlanadi, u Dubayning eng yorqin hodisalaridan biri. Bu shahar ichidagi kichik “shahar” bo‘lib, undan o‘rin oladigan o‘nlab mamlakatlarning pavilonlari o‘z an’analari, milliy taomlari, raqslari va hunarmandchilik namunalarini taqdim etadi. Mehmonlar bir kechaning o‘zida turk shirinliklaridan tatib ko‘rishlari, hind raqslarini tomosha qilishlari, afrika taqinchoqlarini xarid qilishlari va Yevropa qal’alari fonida suratga tushishlari mumkin. Bolalar uchun attraksionlar va o‘yin zonalari ishlaydi, butun oila uchun esa kechki shoular va konsertlar tashkil qilinadi.

Sahro: ibtidoga nazar

Sahro — bu nafaqat Amirliklarning ramzi, balki ularning madaniyatini tushunishga yordam beradigan o‘ziga xos “kalit” hamdir. Mahalliy an’analar haqida tasavvur hosil qilishni istasangiz, masalan, Platinum Heritage kompaniyasi bilan safarga chiqing. Sizni tuyalarda sayr, yangi qaynatilgan arab qahvasi, xattotlik saboqlari, badaviylarning hayot tarzi haqidagi hikoyalar, an’anaviy raqslar va musiqa bilan birga yulduzli osmon ostida tashkil qilinadigan kechki ovqat kutadi. Astronomiya “darsi” esa unutilmas taassurot qoldirishi shubhasiz, unda siz asrlar davomida ko‘chmanchilar sahroda qanday qilib yulduzlarga qarab yo‘l topganini bilib olasiz.

Bunday format barcha yoshdagi sayohatchilarga mos keladi va oila a’zolaringiz doim eslab yuradigan unutilmas xotiralarni sovg‘a qiladi.

E’tiborga molik madaniy tadbirlar

Heritage Week — madaniy va tarixiy merosga bag‘ishlangan festival, unda turli mahorat darslari, raqslar, hunarmandchilik yarmarkalari va folklor chiqishlar ko‘zda tutilgan.

ARTE Dubai — mualliflik buyumlari bozori, unda mahoratli ustalar o‘zlari yaratgan zargarlik buyumlari va taqinchoqlarni, suratlarni, to‘qimachilik va sopol buyumlarni sotishadi.

Ko‘chma ko‘rgazmalar — muzeylarda, Alserkal Avenue mavzesi va Jameel Ars Centre markazida muntazam ravishda madaniyat, dizayn va arxitekturaga bag‘ishlangan ekspozitsiyalar tashkil qilinadi.

Ramazon — maxsus tadbirlar, tungi bozorlar va bayram iftorliklari davri.

Nega aynan hozir borgan ma’qul?

Dubay an’analar va zamonaviylik o‘zaro uyg‘unlashib ketgan hududni yaratgan holda, madaniy va oilaviy turizmni faol rivojlantirmoqda. Endi bu shunchaki dengiz sohilida kechadigan hordiq emas, balki kattalarni ham, bolalarni ham ilhomlantira oladigan tarix, san’at, hunarmandchilik va gastronomiya olamiga sayohat hamdir.

Reklama huquqi asosida

Mavzuga oid