Sog‘lom hayot | 17:35 / 13.12.2025
15276
10 daqiqa o‘qiladi

Toshkentda retsepsiz dori sotish to‘xtadi. Dorixonalarda vaziyat qanday?

10 dekabrdan poytaxt hamda O‘zbekistonning yana 15 ta tuman va shaharida dorilar elektron retsept asosida berilishi yo‘lga qo‘yildi. Endilikda yurtdoshlarimiz ma’lum toifadagi dorilarni shifokor beradigan elektron imzo yoki QR-kod tushirilgan retsepsiz ololmaydi. Xo‘sh, joriy yangilikni odamlar qanday qabul qilishyapti? Kun.uz dorixonachilar va mijozlar fikrini o‘rganishga urindi.

Video thumbnail
{Yii::t(}
O'tkazib yuborish 6s

Vazirlar Mahkamasining 2025 yil 8 sentabrdagi tegishli qarori bilan dori vositalari va tibbiy buyumlarni chakana realizatsiya qilish faoliyatini litsenziyalash pasportiga o‘zgartish kiritildi.

Unga ko‘ra, 10 dekabrdan boshlab Toshkent shahri hamda 15 ta tuman (shahar) hududidagi dorixonalar “Elektron retsept” moduli orqali ishlashi shart deb belgilandi.

Sodda qilib tushuntirilsa, endilikda ayrim dorilar shifokorning elektron retseptisiz berilmaydi. Bemor avvaliga oilaviy poliklinikada biriktirilgan shifokoriga murojaat qiladi. Shifokor unga dori yozib, retseptini DMED nomli tibbiy axborot tizimiga kiritadi.

Maxsus retseptda elektron imzo yoki QR-kod ko‘rsatiladi. Dorixonachilar uni skaner qilish orqali tizimdan mahsulot nomini ko‘rishi, shu asosda mijozga sotishi mumkin.

“DMED olib keling desak, baqir-chaqir qilib ketyapti”

Kun.uz bilan suhbatda bo‘lgan sotuvchilardan birining bildirishicha, mijozlarning juda kamchiligi retsept bilan kelishyapti, aksariyati yangilikdan bexabar. Ammo “apteka”chilar ancha avval ogohlantirilgani, tizimga moslangani aytilmoqda. 

“DMED [tibbiy axborot tizimi]ni har bittamizga tushuntirib, kompyuterdan ko‘rsatib, o‘rgatib ketishdi. Asosan faqat DMED retsept bilan beriladi deb aytishdi. Chet elda shunaqa-ku, o‘sha tizim bizga kirib kelgan. Bir tomondan yaxshi, lekin og‘ir kasallar bo‘lsa, birdaniga yosh bolalilar bor, “bering tez”, deb aytyapti, lekin [retsepti] oddiy qog‘ozda. O‘shanga ham berishimizga haqqimiz yo‘q ekan.

DMED olib keling desak, baqir-chaqir qilib ketyapti. “Bolam isitmalagan, men hozir yana poliklinikaga boramanmi? Bolamning sudorogi tutib qoladimi?” deb baqirib ketishyapti. Bugunning o‘zida nechta odamdan shu masalada gap eshitdik”, – deydi farmatsevt.

Yana bir sotuvchiga ko‘ra, xodimlar retsepsiz kelganlar shifokoriga yetkazib, retsept olishi uchun oq qog‘ozga “DMED chek bilan berar ekansiz” deb yozib yuborishmoqda. Ammo mijozlar buni tushunishni istamayotgani ta’kidlandi.

“Nimaga endi? Men har doim olib yurganman? Mayli, bitta berib yuboraver”, deb oddiy qarashyapti-da. Lekin bu yerda qonunbuzarlik bo‘lib qoladi. Ketidan jarima solinadigan bo‘lsa, mijozni hech kim qidirib topmaydi. U yerda mening familiyam turgan bo‘ladi. Borib shifokorga va menga shikoyat keladi deb tushuntiryapmiz.

Orada tushungani bor, lekin tushunmagani juda ko‘p. Buning [retseptning] yaxshi tomonlari ham, yomon tomonlari ham bor. Qiyinchiligi ko‘proq. Qilish kerak. Qanaqalariga? Juda qiyin gormonal, antibiotik dorilarga qilish kerak, to‘g‘ri. Lekin oddiy aholi, hozir shamollash mavsumida, ikkita kelin kelyapti, bolasi kasal, 4-5 yosh oralig‘ida. U yerda yozilyapti Amoksiklav suspenziyasi, “upakovka”sida allaqachon “retsept bo‘yicha” deb yozilgan. Ularga DMED-chek berilmagan, retsept berilmagan. Ularga oddiy qog‘ozda ruchkada yozilgan retsept berilgan. Odam oqimini mana, ko‘ryapsiz-ku. Shunaqa mijozlar hisobiga atigi ikkitagina DMED bilan biz o‘tirsak, unda biz dori sota olmasak, oyoq-qo‘limiz bog‘lanib, [nima qilamiz?]” – dedi u.

Qo‘shimcha qilinishicha, dorixonalar asosan BAD mahsulotlari hamda yarim dori vositalari: bolalar yog‘i, sovun kabilarni sota olyapti xolos.

“Pensioner bo‘lsam, shu dorini ham ololmaymizmi endi?”

Muxbir bilan gaplashgan mijozlardan biriga ko‘ra, ayni yangilik og‘ir va favqulodda yordamga muhtoj bemorlar, qolaversa, yosh bola va qariyalarga katta muammo tug‘diradi. Shu sabab tashabbus ko‘pchilik tomonidan yomon qabul qilinayotgani qayd etildi.

“Chunki hech kim tayyor emas. Masalan, men o‘zim, qo‘shnim bor: yoshlari katta buvi. Menga retsept yozib berardilar, “mana shu, mana shu dorini olib kelib bergin”, deb. Uydan chiqa olmaydigan ahvoldagi odam. Men olardim, aptekadan olib, pulini aytib, olib borardim. Endi hozir ular qanaqa ko‘chaga chiqaman, deb xavotirda o‘ylab o‘tiribdi. Pensiyalarini kutib o‘tirishardi. Har pensiya tushganda dorilarini olib kelib berardim.

Unaqa odamlar nima qiladi? Mayli, biz yoshmiz, misol uchun, poliklinikaga borib, yana navbatda o‘tirib, bitta dorini yozdirishimiz mumkin. Bolangizning issig‘i chiqayotgan bo‘lishi mumkin, to‘g‘rimi? Yoki kecha aptekada yuribmiz, bitta bola bo‘g‘ilib qolgan, astma, deksametazon urish kerak. Chopib ona kirdi, “tez deksametazon bering, bolam bo‘g‘ilyapti, loringit”. Apteka retsept so‘rayapti. Birinchi yordamni qayerdan ko‘rsatadi, yarim soatda tez yordam kelsa?” – dedi u.

“Men o‘zim kardiopreparatni doimiy ichishim kerak. Bu degani, men bitta dori uchun har oy shifokorga boraman, har oy 30 kunlik retsept olishim kerak. Axir kardiolog menga bir vaqtlar bu dorini umr bo‘yi ichishim kerakligini aytgan. Endi esa men qon suyultiruvchi dorini ichmayapman, lekin infarkt o‘tkazganlar, insult o‘tkazganlar [elektron retseptni borib] ololmaydi. Masalan, menda bir qo‘shni bor, u ham doimiy ravishda qon suyultiruvchi dorini ichishi kerak. Ololmaydi. O‘zi zo‘rg‘a yuribdi. Qanaqa qilib u borib retsept olib keladi?

Hatto “fizrastvor”ni ham ro‘yxatlarga kiritishdi. Bu absurd-ku. “Fizrastvor” har qanday vaqtda kerak bo‘ladi. Hatto, burunni chayish uchun ham, butunlay sog‘lom odam ham u bilan burnini yuvadi”, – deydi yana bir intervyu berganlardan biri.

Boshqa mijoz esa dorixonaga kirgan vaqtida yangilikni bilganini, poliklinikaga borganda esa unga retsept yozishi mumkin bo‘lgan shifokor topilmaganini aytdi.

“Bu qanaqa qiliq endi, nima qilishimiz kerak? Man pensioner bo‘lsam, 3 million so‘m pensiya olsak, shu dorini ham ololmaymizmi endi? Mana, hozir shifokorga, poliklinikaga, aptekaga kelib shuni eshitdim. “Yo‘q, retsepsiz bermaymiz”, deyishdi. Askorbinka olmoqchi edim, “retsepsiz bermaymiz”, deyishdi. Kalsiy glyukonat olmoqchi edim, “retsepsiz bermaymiz”, deyishdi. Avval uni oxirigacha ishlab chiqish, hamma narsani shifokorlar, odamlar, dastur bilan birga o‘rganib chiqish kerak, keyin uni joriy qilish kerak”, – deydi u.

“Tizimni juda to‘liq, mukammal shakllantirib olish kerak edi”

Yana bir dorixonada ishlovchiga ko‘ra, kun davomida u ishlayotgan joyga 3 ta elektron retsept bilan kelishgan.

“Uni ham o‘sha berilgan maxsus markirovkasi ikkita doriga bitta markirovka berilgan. Juda kamchiliklar ko‘p. Bir kunda bitta dorixonaga 200 ta odam kirib chiqadigan bo‘lsa, o‘shandan uchtasiga retsept berilgan, qolgani retsepsiz. Yoki esidan chiqib yurgan dorilarni olishga majbur. Hozir dorixonachilar qanaqa ish tutishi kerak yoki bemorlar qanaqa ish tutishi kerak?

Oldin tizimni juda to‘liq, mukammal shakllantirib olish kerak edi. Dorixonalarda ham DMED sistema hali chala ishlayapti. O‘rgatish ishlari juda kam olib borilgan. Kelgan, DMED qo‘ygan, ketgan. Menimcha, bu narsaga hali vaqt kerak edi. Va bular dorixonaga allaqachon jarima qo‘llamoqchi bo‘lyapti, hali rivojlanmagan sistemaga. Rivojlanmagan narsa uchun hali javobgarlikka tortishga allaqachon tayyor turibdi”, – deydi u.

Ko‘plab respondentlar retsepsiz berilmaydigan dorilar ro‘yxati qayta ko‘rib chiqilishini so‘rashmoqda. Ularning fikricha, antibiotik, gormonal, psixotrop dori vositalari retsept asosida berilgani to‘g‘ri, ammo kundalik hayotda ham doimiy foydalanib kelinayotganlari bo‘yicha qayta o‘ylab ko‘rilishi kerak.

Hukumat qaroriga ko‘ra, amaliyot 2026 yil oxiriga kelib barcha tibbiyot muassasalari va dorixonalarga tatbiq qilinadi. Eslatib o‘tamiz, retsepsiz beriladigan va berilmaydigan dorilar ro‘yxati e’lon qilingan.

Mavzuga oid