Belarusning o‘zbek qahramoni – Kazbek jang qilgan hududlardan reportaj
Osiyo arsloni, sobiq ittifoq qahramoni Mamadali Topvoldiyev Belarusning Mogilyov viloyatida Ikkinchi jahon urushi davrida SSSR uchun misli ko‘rilmagan ishlar qilgan. Hatto fashizm ustidan qilingan g‘alabada ham uning hissasi katta. Kazbek laqabi ostida jang qilib, hatto Hitlerni sarosimaga solgan yengilmas o‘zbek askarini xotirlab, Kun.uz muxbiri olis Mogilyov viloyatiga bordi.
Minsk–Mogilyov orasidagi masofa 170-180 chaqirim. Erta tongdan yo‘lga chiqmasak, kun bo‘yi reportaj olib, poytaxtga qaytib kelishga kech qolamiz. Avvaliga Minsk temiryo‘l vokzalidan Mogilyovga boradigan poyezdlarni surishtirdik. Afsuski, ertalabki qatnovga kech qolibmiz. Tushdan keyingi reys esa bizga juda kechlik qiladi.
Vokzal bilan yonma-yon joylashgan avtoshohbekatga borsak, u yerda ham manzilimizga eltuvchi transportlarga kech qolganimiz, keyingisini 1-2 soat kutishimizga to‘g‘ri kelishini aytishdi. Kuta olmaymiz. Belarusga kelib shuni bildikki, bu yerda transportlar qatnovi bilan muammolar ancha ko‘p ekan.
Qarshimizda marshrutlar bekati ko‘rindi. Xayriyat-ye! Mogilyovga ketishga shay bo‘lib, o‘t olib turgan mikroavtobusga ulgurib qoldik. Aks holda, undan keyingisi yurishini kutishimiz uchun yana 2-2,5 soat vaqt kerak bo‘lardi.
Yo‘lda ketarkanman, 80 yillar oldin jonini xatarga qo‘yib, bu hududlarni himoya qilgan, Farg‘onaning Rishtonidan bo‘lgan yengilmas Osiyo arsloni – Mamadali Topvoldiyevning olamiga sho‘ng‘ib ketgandek edim. Chunki bepoyon belarus dalalari, taxtadan yasalgan uyli qishloqlar, dudlangan go‘sht hidi taralgan ko‘chalar – bularning hammasi deyarli o‘zgarmagan. Ikkinchi jahon urushi davrida Hitler armiyasi tomonidan egallab olingan bu manzillarda qahramonimiz Kazbek nomi bilan fashistlarga qarshi misli ko‘rilmagan jasoratlar ko‘rsatadi.
Shu yerliklardan dushmanga qarshi kurashish maqsadida tuzilgan partizanlar otryadiga qo‘shilgan Kazbek guruhdagi yagona o‘zbek bo‘lib, eng qo‘rqmas va qaytmas jangchi sifatida tanila boshlaydi. Fashistlar lagerida asirga tushgan safdoshlarini qutqarish, Germaniyadan kelayotgan qurol va askarlar eshelonini to‘xtatib qo‘yish uchun temiryo‘llarni portlatib yuborish, xavfli razvedka operatsiyalari olib borish va hatto Hitler armiyasining generalini yurib ketayotgan poyezddan olib qochib, asirga olish kabi uddalab bo‘lmas ishlarni qila olgani uchun ham undan hamma qo‘rqqan. Kazbekning boshi uchun hatto shaxsan Hitlerning o‘zi juda katta pul mukofoti e’lon qiladi va hech kim buning uddasidan chiqa olmaydi.
Mogilyov shahriga yetmasdan, viloyatning Belinichi tumaniga kelgach, yo‘lda tushib qoldik. Chunki Mamadali Topvoldiyev shaxsi bilan bog‘liq qiziqarli ma’lumotlarni topishimiz mumkin bo‘lgan Krugloye tumaniga eng yaqin yo‘l shu yer edi. Manzilgacha 34 km qolgan, lekin transport bilan bog‘liq muammolar shu qisqa masofada ham bor ekan.
Belinichi avtoshohbekatidan Krugloyega boradigan jamoat transportlari 1 soatdan keyin yo‘lga tushishini aytishgach, biz Krugloyega taksida yetib olishga qaror qildik. O‘rmonlar va qishloqlar osha yarim soat deganda Krugloye tarixiy-o‘lkashunoslik muzeyiga yetib keldik.
Hammasi shu yerdan boshlanadi. Yo‘l-yo‘lakay sizlarga Belarusning o‘zbek o‘g‘loni Mamadali Topvoldiyev haqida o‘zimiz bilganlarimizni aytib berdik. Keling, endi Kazbek belarus xalqi uchun kim ekanligini u yerning vakili so‘zlab bersin.
Via Gapayeva, Krugloye tarixiy-o‘lkashunoslik muzeyi direktori:
“Sizni bizning unchalik katta bo‘lmagan tarixiy-o‘lkashunoslik muzeyida ko‘rib turganimizdan xursandmiz. Bizning muzeyimiz nimasi bilan mashhur? Umuman olganda, Krugloye tumani 1524 yildan beri mavjud. Unda juda ko‘plab mashhur insonlar tug‘ilib o‘sgan. Hozir sizga sobiq ittifoq qahramoni, belarus xalqining o‘zbek o‘g‘loni haqida gapirib bermoqchimiz. Chunki bu yerda uning ikkinchi onasi yashagan. Bu inson O‘zbekiston farzandi – Mamadali Topvoldiyev.
Bir o‘zbek yigiti Belarusning partizanlar o‘lkasiga qanday kelib qoldi, deb so‘rashingiz mumkin? Gap shundaki, Ikkinchi jahon urushida Mamadali Topvoldiyev asirga tushib qoladi. Keyin u do‘sti Ivan bilan lagerdan qochadi. O‘rmonlar, yo‘llar osha ikkovlon Ivanning onasi yashaydigan Pasirovo qishlog‘iga yetib kelishadi. Qishloqda biroz yashagach, Krugloye tumanidagi 8-partizanlar brigadasi bilan aloqa bog‘lab, ularga qo‘shilib olishadi. Shunday qilib, u partizanlar harakati a’zosiga aylanadi”.
Gapayevaning aytishicha, bu o‘zbek askaridan nemislar juda qo‘rqishgan. Uning boshi uchun juda katta pul mukofoti va’da qilingan – 150 ming reyxsmarka, villa va yuz dona sigir...
Topvoldiyev talaffuzda juda qiyin bo‘lgani uchun uni Tolik, Kazbek nomlari bilan atashgan. Tolik esa partizanlar uchun qisqagina, qulaygina ism bo‘lgan. U dushmanlarga har gal qaqshatqich zarbalar berganda daraxt yoki devorlarga pichoq bilan Kazbek deb yozib ketavergan. Va bu uning odatiga aylangan.
“U shu darajada yengilmas va jasur bo‘lganki, undan qo‘rqmaslikning iloji bo‘lmagan. Bir safar u do‘sti bilan ayol kiyimida politsaylar hududidan yuzlab sigirlarni o‘g‘irlab, qishloqqa olib qaytgan, politsaylar gornizonidan asirlarni qutqargan. Ular shu darajada baqir-chaqir qilishganki, politsaylar bularni juda ko‘pchilik katta kuch deb o‘ylab, qarshilik qilishga qo‘rqishgan.
Bir kuni qishda Krugloye markazida Osiyo ko‘rinishidagi erkak kishining osilgan tanasi paydo bo‘ladi. Uning bo‘ynida esa “Tolik Kazbek” degan yozuvi bo‘ladi. Nemislar tinch aholiga afsonaviy partizan qo‘lga tushgani va u qatl qilinganini ko‘rsatmoqchi bo‘lishadi. Ammo kutilmaganda, 1-2 kundan keyin yana dushman otryadiga qaqshatqich zarba beriladi va u yerda yana “Kazbek” yozuvi yozib ketilgan bo‘ladi. U shunday qilib, o‘ldirilmaganini va yashayotganini hammaga bildirib qo‘yadi”, – deydi u.
Muzey direktori davom etishicha, urush tugagandan so‘ng Kazbek o‘z vatani – O‘zbekistonga qaytib ketadi. Ketgandan keyin ham uning Belarus xalqiga yordami to‘xtab qolmaydi. O‘sha davrda Tolochino va Krugloye tumanlari aholisida ekish uchun bug‘doy urug‘i bo‘lmaydi. Shunday sharoitda Topvoldiyev shu ikki tumanga bug‘doy urug‘lari to‘ldirilgan vagonlar eshelonini, ikkinchi onasiga esa uy qurib berish uchun qurilish ashyolari yuboradi. Unga Belarus yerlaridan qarag‘ay ko‘chati yuborishadi. Mamadalining oilasi bilan aloqada bo‘lib turamiz. Ularning aytishicha, hozir uning O‘zbekistonda o‘rnatilgan haykali atrofida o‘sgan qarag‘aylar ana o‘sha davrda unga yuborilgan daraxtlar ekan.
“Mamadali Topvoldiyevni biz ham o‘z yurtdoshimiz, deb hisoblaymiz. Chunki tinch aholiga qirg‘in keltirgan dushmanlardan bu yerlarni ozod qilish uchun u misli ko‘rilmagan ishlar qilib ketdi!” – deydi Via Gapayeva.
Intervyuni yakunlab, muzey odatiga ko‘ra esdalik kitobida dastxatimizni qoldirib, qahramonimiz xotirasi bilan bog‘liq bo‘lgan boshqa lokatsiyalar tomon otlandik.
Sobiq Ittifoq qahramoni, o‘zbek o‘g‘loni Topvoldiyev nomi berilgan manzilda uning shaxsi va ismiga hurmat yuzasidan ko‘chaga kiraverishda turli gullar ekib qo‘yilganining guvohi bo‘ldik. Bu – o‘sha manzil.
Aslida shu ko‘cha bo‘ylab yurib, belarusning o‘zbek farzandi Kazbek haqida suhbatlar qilmoqchi edik. Krugloyeliklar cheksiz bir faxr bilan qahramonimiz haqida so‘zlab berishlariga ham ishonchimiz komil edi. Faqat yana o‘sha tanish muammo – Krugloyedan Minskka jo‘naydigan yagona marshrut soat 14:00 yo‘lga chiqishini bilgach, hozirligimizni ko‘rdik. Chunki vaqt bo‘lib qolgan, bu yerlarda qololmasdik.
Minskka qaytar yo‘lda endi cheksiz bir g‘urur tuyib ketyapmiz. Rishtondan 4200 km uzoqlikdagi bu mo‘’jaz mahallalarda bugun tinchlik va osoyishtalik hukm surishiga Osiyo arsloni – Mamadali Topvoldiyev o‘z jonini garovga qo‘yib bo‘lsa-da, ulkan hissasini qo‘shgandi axir. Aslida sobiq SSSR armiyasining fashizm ustidan qilgan g‘alabasida Kazbek singari minglab o‘zbek o‘g‘lonlarining ishtiroki, tashabbuslari, xizmatlari bor. 1919-1969 yillarda yashagan qahramonimiz esa ana shunday millat faxrlaridan biri edi...
Sardorbek Usmoniy,
Belarus, Minsk-Mogilyov
Mavzuga oid
17:20 / 28.12.2024
Lukashenko yana 20 nafar siyosiy mahbusni afv etdi
15:04 / 24.12.2024
Davlat departamenti AQSh fuqarolarini Belarusni zudlik bilan tark etishga chaqirdi
18:53 / 10.12.2024
Lukashenko: Belarusda o‘nlab yadroviy kallaklar bor
17:21 / 09.12.2024