Jamiyat | 19:04 / 10.02.2017
37670
3 daqiqa o‘qiladi

Rustam Sa'diyev “Daydi” filmining namoyishlardan olinishiga o‘z munosabatini bildirdi

8 fevral kuni “O‘zbekkino” milliy agentligi tomonida o‘tkazilgan monitoringda “Daydi” nomli badiiy filmni jamoatchilik orasida targ‘ibot qilishda bir qator qonun buzilishi holatlariga yo‘l qo‘yilganligi aniqlandi va filmning namoyishi to‘xtatib qo‘yildi.

O‘zbekistonlik mashhur rejissyor Rustam Sa'diyev “Daydi” filmi namoyishini to‘xtatilishi bilan bog‘liq voqeaga o‘z munosabatini bildirdi. 

- “O‘zbekkino” Milliy agentligi ushbu masalaga keskin munosabat bildirib, to‘g‘ri ish qilgan.  Birinchidan, avvalo, gap filmning saviyasi haqida boryotgani yo‘q. Buni to‘g‘ri tushunish lozim. Gap yolg‘on ma'lumot asosida tomoshabinni filmga jalb etilishi haqida bormoqda. Shuni aytish kerakki, bu holat o‘zbek kinosi sha'ni uchun xunuk holatni yuzaga chiqaradigan holatdir. O‘zbek kinochiligiga hech qanday yolg‘onni aralashtirmaslik kerak, deb o‘ylayman, - dedi Rustam Sa'diyev.

Rejissyor xorij filmlaridan ko‘chirish holatlari haqida to‘xtalib o‘tar ekan, jumladan,  shunday dedi: “Hind filmlaridagi syujyetni olib, sal o‘zgartirib taqdim etilgan holatlarni ko‘p ko‘rganmiz, ammo kartinada rol ijro etmagan aktyorni yirik planda montaj qilib, uning ovozini o‘zgartirib yolg‘on ma'lumot taqdim etish, menimcha, sharmandalikdir. “O‘zbekkino” Milliy agentligi kinoijodkorlarni bir joyga jamlab, yig‘ilish o‘tkazib, ularni intellektual mulk haqidagi qonunchilikdan boxabar qilsa, maqsadga muvofiq bo‘lardi. Bu orqali har bir ijodkor qonun doirasida qanday harakat qilishi, nimalarni boshqa filmlardan olib, nimalar o‘g‘irlanishga kirishi haqida tasavvurga ega bo‘lishardi.

Eslatib o‘tamiz, “Daydi” filmining treyleri, bannerlari va chiptalari chiqarilib, ularda mashhur kinoaktyor Morgan Frimanning Buyuk Britaniya va Janubiy koreyalik kinoijodkorlar tomonidan 2014 yilda ishlab chiqarilgan “So‘nggi ritsarlar” filmida suratga tushgan qiyofasi aks ettirilgan. Ammo aktyorning qiyofasi filmning agentlikka taqdim etilgan nusxasida bo‘lmagan.

Ma'lumot o‘rnida, Kun.uz sayti kuni kecha rejissyor Rustam Sa'diyev bilan turli mavzularda suhbat uyushtirdi. Quyida ana shu suhbatning to‘liq hajmi bilan yaqindan tanishishingiz mumkin.   

Tas-ix`da ko‘rish

Mavzuga oid