O‘zbekiston | 13:50 / 26.07.2017
92089
2 daqiqa o‘qiladi

Moliya vazirligi O‘zbekistonning oltin-valyuta zaxirasi miqdori qanchaligini ma'lum qildi

O‘zbekiston valyuta zaxirasi miqdori 20 milliard dollardan ortiq, 25 milliard dollarga yaqin. Bu ma'lumot Moliya vaziri o‘rinbosari Mubin Mirzayev tomonidan Xalqaro press-klubda aytildi.

«Kun.uz» muxbiri sessiya ishtirokchilariga yuzlanib, bu haqda aniq ma'lumot berishni so‘ragan.

Avvaliga Markaziy bank raisi o‘rinbosari Saidkamol Xo‘jayev bunday savolga javob berishga vakolatli emasligini aytgan, lekin mamlakat zaxira jamg‘armasi 2 yillik import uchun yetarli ekanini tasdiqlay olishini bildirgan. Lekin u O‘zbekistonning import hajmi qanchaligini keltirmadi, 3 yildan buyon bunday ma'lumot e'lon qilinmagan.

Moliya vaziri o‘rinbosari esa raqamlarni aniq ayta olmasligi, lekin 20 milliard dollardan ortiq zaxira shakllantirilganini aytgan.

U Xalqaro press-klub raisi Sherzod Qudratxo‘jayevning demak «bu miqdor 20-25 milliard dollar orasida ekani» haqidagi so‘rovini tasdiqladi.

Eslatib o‘tamiz, 2016 yilning noyabrida Fitch Ratings reyting agentligi O‘zbekistonning oltin-valyuta zaxiralari miqdorini keltirgan, o‘shanda ham bu miqdor 24 milliard dollarga teng ekani aytilgandi.

Mavzuga oid