O‘zbekiston | 10:46 / 11.10.2025
9298
4 daqiqa o‘qiladi

O‘zbekistondagi pulli yo‘llarda 150 km/soat tezlikka ruxsat beriladi

Hozirgi xomcho‘tlarga ko‘ra, pulli yo‘lda 200 km masofa bosish to‘lovi 100 ming so‘m atrofida bo‘lishi mumkin, deya ma’lum qildi Avtomobil yo‘llari qo‘mitasi bosh yuriskonsulti Hasan Umarov. Senatga yuborilgan qonunga ko‘ra, pulli yo‘llar faqatgina bepul yo‘lga muqobil trassa sifatida qurilishi mumkin, ya’ni odamlarda tanlov imkoniyati bo‘lishi kerak.

Foto: Kun.uz

O‘zbekistonda tashkil etiladigan pulli yo‘llarda 150 km/soatgacha tezlikda harakatlanishga ruxsat berilishi ko‘zda tutilgan. Bu haqda Avtomobil yo‘llari qo‘mitasi bosh yuriskonsulti Hasan Umarov ma’lum qildi.

Uning so‘zlariga ko‘ra, “Avtomobil yo‘llari to‘g‘risida”gi qonunning yangi tahririda pulli yo‘llarga oid normalar ham belgilanmoqda. Qonun qabul qilingach, yo‘l harakati qoidalariga o‘zgartirish kiritiladi va pulli yo‘llarda tezlikni soatiga 150 kilometrgacha oshirish mumkinligi belgilab qo‘yiladi.

Umarovning aytishicha, pulli yo‘ldan foydalanishdagi narx hisoblash metodikasi hukumat tomonidan tasdiqlanadi. Bunda, stavkalarning eng yuqori cheklangan miqdorlari belgilab qo‘yilishi va investor yo‘l to‘lovini ana shu eng yuqori miqdordan oshirmasligi talab etiladi.

“Masalan, [hozir] 100-200 km joyga boradigan bo‘lsa, yo‘lda nechta radarga tushadi. Bitta radarga tushsangiz ham, 200 ming so‘m to‘laysiz. Pulli yo‘lda esa, bugungi xomcho‘tlarimizga ko‘ra, 200 km harakatlanish to‘lovi 100 ming so‘m atrofida bo‘ladi. Bu hisob-kitoblar hali o‘zgarishi mumkin”, – dedi Avtoyo‘llar qo‘mitasi bosh yuriskonsulti.

Qonunchilik palatasining Tadbirkorlik, raqobatni rivojlantirish va sanoat masalalari qo‘mitasi raisining o‘rinbosari Farhod Zayniyevning aytishicha, pulli yo‘l tashkil qilishda unga muqobil bepul yo‘lning mavjud bo‘lishi talab etiladi.

“Masalan, bir nuqtadan ikkinchi nuqtaga yetib olish uchun hozir mavjud yo‘l pulli yo‘lga aylantirilmaydi, mana shu yo‘l saqlanib qolgan holda, shunga muqobil pulli yo‘l qurilishiga ruxsat beriladi. Demak, yo‘lovchida tanlov bo‘ladi: xohlasa davlat tomonidan qurilgan umumiy avtomobil yo‘llaridan bepul harakatlanadi, yoki vaqtini tejash maqsadida, to‘xtovsiz, yuqori tezlik rejimida yurish uchun pul to‘lab, pulli yo‘l orqali harakatlanishi mumkin”, – dedi Zayniyev.

Uning so‘zlariga ko‘ra, pulli yo‘llardan tushgan pullar qayerga sarflanishi ham ko‘rib chiqilayotgan qonunda aniq yozilgan.

“Agar pulli yo‘l davlat-xususiy sheriklik asosida tashkil qilingan bo‘lsa, tushumlar avvalo shu yo‘lni saqlashga, ta’mirlashga, sifatini oshirishga sarflanadi. Qolgan qismi “Davlat-xususiy sheriklik to‘g‘risida”gi qonunga asosan, investitsiya kiritgan tadbirkorning ulushi hisoblanadi. Lekin DXShdagi davlat qismi faqat o‘sha yo‘lni rivojlantirishga sarflanishi belgilab berilyapti”, – dedi deputat.

Farhod Zayniyevga ko‘ra, favqulodda holatlarda pulli yo‘llardan bepul foydalanish mumkinligi qonunda belgilab qo‘yilmoqda. Bundan tashqari, tez yordam va ichki ishlar organlarining avtobillari kabi maxsus transportlar ham pulli yo‘ldan bepul yura oladi.

Qonunchilik palatasi “Avtomobil yo‘llari to‘g‘risida”gi qonun loyihasini 23 sentabr kuni qabul qilib, Senatga yuborgan edi.

Mavzuga oid