O‘zbekiston | 14:54 / 19.11.2025
11772
3 daqiqa o‘qiladi

O‘zbekistonda ekopolitsiya tashkil etilmoqda

Ekologik nazorat inspeksiyasi va tabiatni muhofaza qilish bo‘yicha hududiy maxsus prokuraturalar negizida Ekopolitsiya tashkil etiladi. Ekopolitsiya xodimlari jismoniy kuch ishlatish, elektroshoker, rezina o‘qli va to‘r otuvchi xizmat qurollarini qo‘llash huquqiga ega bo‘ladi. Ularning maxsus kiyimiga bodi kameralar o‘rnatiladi.

Foto: Ekologiya qo‘mitasi

O‘zbekistonda ekopolitsiya faoliyati yo‘lga qo‘yiladi. Bu – 19 noyabr kuni e’lon qilingan prezident farmoni va qarorida ko‘rsatilgan.

Qarorga ko‘ra, quyidagilar negizida alohida yuridik shaxs bo‘lmagan Ekologiya va iqlim o‘zgarishi milliy qo‘mitasining Davlat ekologik nazorat inspeksiyasi (Ekopolitsiya) tashkil etiladi:

  • Ekologiya, atrof-muhitni muhofaza qilish va iqlim o‘zgarishi vazirligining Davlat ekologik nazorat inspeksiyasi;
  • Qoraqalpog‘iston Respublikasi, Toshkent va Jizzax viloyatlaridagi tabiatni muhofaza qilish bo‘yicha hududiy maxsus prokuraturalar;
  • Qoraqalpog‘iston Respublikasi, viloyatlar va Toshkent shahri prokuraturalarining ekologiya, atrof-muhitni muhofaza qilish va o‘rmon xo‘jaligi sohasidagi qonunchilik ijrosi ustidan nazorat yo‘nalishidagi bo‘linmalarining optimallashtiriladigan shtat birliklari.

Qoraqalpog‘iston Respublikasi, viloyatlar va Toshkent shahri prokuraturalariga ekologiya, atrof-muhitni muhofaza qilish va o‘rmon xo‘jaligi sohasidagi qonunchilik ijrosi ustidan nazorat yo‘nalishida ajratilgan 40 ta shtat birligi Ekopolitsiyaga o‘tkaziladi.

Ekopolitsiya – Ekologiya qo‘mitasining ekologik xavfsizlikni ta’minlash va bu boradagi huquqbuzarliklar profilaktikasi sohasida huquqni muhofaza qilishga doir ayrim vazifalarga ega maxsus bo‘linmasi hisoblanadi.

Ekologiya qo‘mitasi raisi bir vaqtning o‘zida Ekopolitsiya boshlig‘i hisoblanadi. Ekopolitsiya boshlig‘ining o‘rinbosari bir vaqtning o‘zida Ekologiya qo‘mitasi raisi o‘rinbosari hisoblanadi va Ekopolitsiyaning tezkor shtabiga rahbarlik qiladi.

Ekopolitsiya xodimlariga jismoniy kuch ishlatish, maxsus vositalarni (elektroshok qurilmalarini) va xizmat qurolini (rezina o‘qli, to‘r otuvchi) qo‘llash huquqi beriladi. Ularning maxsus kiyimiga bodi kameralar o‘rnatiladi.

Qonunchilikka tegishli o‘zgartirishlar kiritilgunga qadar Ekopolitsiya xodimlarining jismoniy kuch ishlatish, maxsus vositalar va xizmat qurolini qo‘llash tartibi “Ichki ishlar organlari to‘g‘risida”gi qonunda belgilangan asoslar va shartlar asosida bo‘ladi.

Ekopolitsiya xodimlarini maxsus texnika va transport vositalari bilan ta’minlash Ekologiya qo‘mitasining budjetdan tashqari mablag‘lari hisobidan amalga oshiriladi.

Qaror bilan, ekopolitsiya xodimlarini 2025–2027 yillarda maxsus texnika va transport vositalari bilan ta’minlash bo‘yicha dastur tasdiqlandi.

Mavzuga oid