Sport | 14:43 / 21.12.2024
3125
17 daqiqa o‘qiladi

«Siti» «Villa Park»da mehmon, «Liverpul» Londonga boradi, «Barsa» «Atletiko»ga qarshi. Hafta o‘yinlari anonsi

Foto: Getty Images

«Manchester Siti»ning inqirozi bu hafta ham davom etarmikin? Ikki tomondan kelib, oqibatda turnir jadvalida qo‘shni bo‘lib qolgan «Barselona» va «Atletiko» bahsida g‘olib kim bo‘ladi? Bu hafta ham Yevropada qiziqarli to‘qnashuvlar yetarli. Shuningdek, kuchli beshlikda to‘p surayotgan legionerlarimizga alohida e’tibor qaratishimizga to‘g‘ri keladi. «Roma» safidagi so‘nggi chiqishini gol bilan yakunlagan Shomurodovga murabbiy yana bir imkoniyat berishidan umid qilsak, Husanovning Fransiya kubogida «PSJ»ga qarshi bu safargi o‘yini muvaffaqiyatliroq bo‘lishiga ishonamiz.

ASTON VILLA – MANCheSTeR SITI (21 dekabr, 17:30)

Angliya Premer-Ligasi turnir jadvalining o‘rta qismi shu qadar zichki, masalan, «Aston Villa» ushbu o‘yinda g‘alaba qozonadigan bo‘lsa, kuchli to‘rtlikka kirib olishi, yutqazib qo‘ysa, hatto 13-o‘ringa tushib ketishi ham mumkin. 13-o‘rindagi «Manchester Yunayted» birminhemliklardan atigi uch ochko kam jamg‘argan xolos.

Ammo bu o‘yinning bosh qahramoni albatta, «Manchester Siti» jamoasidir. «Shaharliklar» inqirozi shu qadar uzoq muddat davom etmoqdaki, Pep Gvardiola allaqachon Joze Mourinio kabi avvalgi yutuqlarini sanashni ham, Erik ten Hag kabi jarohatlarni bahona qilishni ham boshlab yubordi. Tan olish kerak, jamoada albatta jarohatlar ta’siri juda og‘riqlik kechyapti. «Manchester Siti» bir necha yil oldin juda yaxshi yo‘lga qo‘yilgan pressing orqali o‘yinlarni nazorat qilgan bo‘lsa, keyinchalik, tarkibning biroz yoshi o‘tib, tezlik pasaygach, shuningdek, Holand kelib, jamoa o‘yini biroz soddalashgach, asosiy og‘irlik himoyachilarga tusha boshladi. Pep Kanselu yoki Zinchenko kabi asosan oldingi chiziqda harakat qiladigan fulbeklar emas, qanotlarda ham markaziy himoyachilardan foydalanish orqali raqiblarda qiyinchilik tug‘dira boshlagandi. To‘rt markaziy himoyachi va Rodri raqibning har qanday qarshi hujumini nazorat qila olar, bu esa oldingi chizikdagilarga erkinlik berardi.

Ushbu mavsumda aynan Rodrining, shuningdek, markaziy himoyachilarning jarohatlari Pepning rejalariga kuchli zarba bermoqda. To‘g‘ri, himoyachilar birdagina safdan chiqishmayapti, ammo biri qaytguncha, ikkinchisi jarohat olib, keraklicha rotatsiya qilish imkonini bermayapti. Misol uchun bu o‘yin oldidan Akanjining mashg‘ulotlarga qaytgani haqida xabarlar chiqqandi, orqasidan Diashning bir necha haftaga safdan chiqqani ma’lum bo‘lmoqda. Gvardiola yana eksperimentlar qilishga majbur. Edersonning ham maydonga tushish ehtimoli kam.

«Aston Villa»da esa yo‘qotishlar deyarli yo‘q. Leon Beyli va Remzilarsiz jamoa o‘ynashni o‘rganib olgan. Shu bilan birga Emeri jamoasining boshqa frontlarda ham qatnashayotgani har bir jarohatning salbiy ta’sirini badtar oshiradi. Safdan chiqqan futbolchi yetakchi bo‘lmasligi, hatto asosiy tarkibda o‘ringa ega bo‘lmasligi mumkin, ammo ba’zi daqiqalarda asosiy futbolchilarning o‘rniga tushadigan odam bo‘lmasa, muhim futbolchilarga yuklama ko‘proq bo‘ladi. Bu esa o‘z navbatida ularning sport formasiga jiddiy ta’sir o‘tkazadi.

O‘zaro o‘yinlarga kelsak, oxirgi o‘n uch yilda «Aston Villa» atigi to‘rt marta g‘alaba qozonib, 20 marta mag‘lubiyatga uchragan. Ammo aynan Birminghemda bo‘lib o‘tgan oxirgi o‘yinni hamma eslasa kerak. O‘shanda butun o‘yin davomida mehmonlar atigi 2 marta zarba bera olgan xolos. O‘yin butunlay «Aston Villa»ning ustunligida o‘tib 1:0 hisobida g‘alaba qozongandi. Ayni paytda chuqur inqirozga tushib, o‘ziga bo‘lgan ishonchi kamayib ketgan «Manchester Siti» Emerining navbatdagi o‘ljasi bo‘ladimi yoki nihoyat Pep bir haftalik tanaffusda kerakli rejani topa oldimi?

BARSeLONA – ATLeTIKO (22 dekabrga o‘tar kechasi, 01:00)

«Barselona» La Liga doirasidagi oxirgi 6 o‘yinda atigi bir g‘alaba qozonib, uchta o‘yinda mag‘lubiyat alamini totdi. Ba’zi o‘yinlardagi natijalar tushunarli, «Betis» va «Sosedad» ayniqsa o‘z maydonida juda xavfli jamoa bo‘la olishadi. Ammo aynan uy o‘yinlaridagi oxirgi ikki mag‘lubiyatni tushuntirish qiyin. «Las Palmas» bilan uchrashuvda mezbonlar 27 marotaba, «Leganes»ga qarshi bahsda esa 20 marotaba raqib darvozasiga zarba berib, atigi 1 gol urishdi xolos. Mehmonlar esa yaratilgan juda kam vaziyatlardan g‘alabani ilib ketishdi. Bunday o‘yinlar alohida olganda har qanday peshqadam jamoada sodir bo‘lishi mumkin, lekin bu ssenariylar muntazam davom etib borar ekan, tabiiyki, qandaydir jiddiy muammodan darak beradi. Shu narsa aniqki, ayni damda «Barselona» o‘sha «Bavariya» va «Real» darvozasiga osongina to‘rttadan gol urgan jamoa emas.

Ko‘rinib turgan sabablar sifatida rotatsiya imkoni bo‘lmayotganini keltirish mumkin. Flik «Osasuna»ga qarshi o‘yinda ba’zi futbolchilarga dam berib, oqibatda mag‘lubiyatga uchraganida, ko‘pchilik tomonidan tanqid ostiga olingandi. Aslida murabbiy yetakchi futbolchilar dam olishi kerakligini yaxshi bilar, buning uchun imkon axtargandi. Jamoa har uchrashuvda g‘alaba qozonib, o‘yinda yengillik bor paytlarda rotatsiya qilish ayni muddao, ammo endi, natijalar ham yomonlashib, jamoa yo‘qotilgan ochkolar bo‘yicha 3-o‘ringa tushib ketganida qiyin masala. Buning ustiga Lamin Yamal ham jarohat olib bir necha haftaga safdan chiqdi. Maydon markazidagi futbolchilar qaytgan bo‘lsa-da, Yamalning yo‘qligi oldingi chiziqda yetarlicha muammolar paydo qilishi tabiiy.

«Atletiko» esa butunlay teskari vaziyatda turibdi. Simeone jamoasining barcha musobaqalardagi g‘alabali seriyasi 11 uchrashuvga yetdi. Eng muhimi, aynan «Barselona»ni ta’qib qilayotgan muammolar «Atletiko»da yo‘q. Madridliklar safida deyarli birorta ham jarohat yo‘q. Buning ustiga Simeone yigirmaga yaqin teng kuchli futbolchilarga ega bo‘lib, zaxiradan tushib o‘yinni kuchaytiradigan, kamida sifatni tushirib yubormaydigan ijrochilar yetarli. Futbolda taktika va mahorat baribir ustunmi yoki jismoniy holat, kurashuvchanlik teng shaklda qarshi qo‘yilishi mumkinmi, bu savolning javobini ushbu o‘yinda bilib olishimiz mumkin.

Shu bilan birga, o‘zaro o‘yinlarga qarasak, «Barselona»ning ustunligi biz o‘ylagandan ham ko‘proq ekanini ko‘ramiz. Oxirgi 40 o‘yinda «Atletiko» atigi 5 marta g‘alaba qozongan xolos. Bu g‘alabalarning atigi ikkitasi La Liga doirasidagi uchrashuvga to‘g‘ri kelishini ham ta’kidlash kerak. Xususan jamoalar o‘rtasidagi oxirgi besh o‘yinda faqat «Barselona»ning qo‘li baland kelgan. Shuninndek, Diyego Simeone La Ligada «Barselona» maydonida hech qachon g‘alaba qozona olmagani ham ushbu o‘yin oldidan qo‘shimcha intriga yaratadi. Vaqti kelgandir?

ReAL MADRID – SeVILYa (22 dekabr, 20:15)

«Real»da asosiy raqiblar o‘zaro o‘yinda maydonga tushayotgan paytda g‘alabaga erishib, turnir jadvalida birinchi o‘ringa chiqib olish imkoniyati bor. Anchelotti shogirdlarining hafta o‘rtasida «Pachuka»ni yengib, klublar o‘rtasida jahon chempioniga aylangani qo‘shimcha ijobiy kuch bersa ham ajab emas. Zero o‘tgan turda madridliklar «Rayo Valekano» bilan durang o‘ynab juda muhim ochkolarni boy bergan edi. Endi rasman dunyoning eng kuchli jamoasi sifatida o‘z muxlislari ko‘z o‘ngida haqiqiy shou namoyish qilish imkoniyati bor.

Raqib ham aynan mana shunday ssenariy uchun juda mos. Ustidan g‘alaba qozonish qo‘shimcha qoniqish hissi beradigan darajada nomdor, shu bilan birga, kutilmaganda muammo yarata olmaydigan darajada kuchsiz. Ha, ayni damda «Sevilya»da tajribali futbolchilar bor, alohida o‘yinlarda har qanday raqibga muammo tug‘dira oladi, lekin bayram kayfiyatidagi «Real»ga to‘siq bo‘la olmasa kerak. «Real» safida nihoyat oldingi chiziqda optimal tarkib maydonga tushdi, o‘z salohiyati bilan dunyoning navbatdagi uchligi bo‘lishi kutilayotgan futbolchilarning har biri o‘z hisobiga gol yozib qo‘ydi, ularning fonida Jud Bellinhem ham yo‘qolib qolmadi. Albatta, bu nisbatan kuchsiz daraja bo‘lgan «Pachuka» bilan o‘yinda namoyon bo‘lgani, hali yuqoriroq darajadagi qarshilikda muammolar ko‘zga tashlanishi ham ehtimol. Bundan tashqari, chempionat o‘yinlarida kuchli uchlikni ko‘rishimiz biroz kechikadi, zero «Sevilya»ga qarshi o‘yinda diskvalifikatsiya tufayli Vinisius Junior maydonga tusha olmaydi. U avvalgi turda navbatdagi sariq kartochkasini olgandi.

Yuqorida natija bobida «Sevilya» mavsumni yomon o‘tkazayotganini aytgan bo‘lsak-da, oxirgi o‘yinlarda ijobiy tomonga o‘zgarish bor. Garsiya Pimenta shogirdlari oxirgi besh o‘yinda atigi bir marotaba mag‘lubiyatga uchrashdi xolos. U ham bo‘lsa, ayni paytda juda yaxshi holatda bo‘lgan «Atletiko»ga qarshi safarda. O‘sha o‘yin davomida «Sevilya» 3:1 hisobida oldinda ham edi hatto. Faqat o‘yin oxirlarida «Atletiko» g‘alabani ilib ketdi. Hal qiluvchi gol esa hakam tomonidan qo‘shib berilgan daqiqalarda kiritildi.

Aynan «Real»ga qarshi o‘yinlarga kelsak, «Sevilya» 11 uchrashuvdan beri g‘alaba qozona olmayapti. Ammo mana shu 11 o‘yinda faqat ikki marta madridliklar 2 to‘p farqi bilan yuta olgan xolos. Yana ikki o‘yin durang, qolgan 7 o‘yinda «Real» minimal hisobda ustunlik qilgan xolos. Madridda o‘tgan so‘nggi o‘yinda faqat Modrichning 81-daqiqada urgan goli mezbonlarga g‘alaba keltirgan edi.

Yo‘qotishlarga kelsak, «Real» safida yuqorida tilga olingan Vinisiusdan tashqari, doimgidek himoya chizig‘ida muammolar davom etyapti. Alaba va Mendi mashg‘ulotlarda qatnashishni boshlagan bo‘lishsa-da, ushbu o‘yinga tayyor bo‘lishlari savol ostida qolmoqda. Anchelotti markazni yana Tchuameniga, chap qanotni esa Garsiyaga ishonishga majbur. O‘z navbatida «Sevilya»da ham muammolar yetarli. Pedrosa, Ejuke, Sou va Kuyassilar turli darajadagi jarohatlar tufayli sheriklariga yordam bera olishmaydi.

TOTTeNHEM – LIVeRPUL (22 dekabr, 21:30)

Agar «Liverpul» katta raqiblarga qarshi muammolarga duch keladigan bo‘lsa, eng asosiy nomzod «Tottenhem» bo‘lsa kerak. Zero o‘zining yovvoyi va dadil taktikasi orqali Posteko‘g‘li bu o‘yinni ham ikki tomonlama shedevrga aylantirib yuborsa ajab emas. Yuqori chiziqli himoya va pressing bir qaraganda «Liverpul» va Salohning reydlari uchun ayni muddao, ammo bu ssenariyda «Tottenhem»ning ham kuchli jihatlari namoyon bo‘ladi. Buni «Yunayted»ga qarshi Liga kubogi chorak finali ham isbotladi. Qachonki, «Tottenhem» hisobni saqlash uchun o‘ynashni boshlaganda muammolarga duch keladi. Bu jamoa bir yilda shu qadar o‘zgardiki, bu «Tottenhem» faqat hujum qilish orqaligina natijaga erishishi mumkin. Agar himoyalanishni boshlasa, gol o‘tkazib yuboradi. Bunga faqat Posteko‘g‘lining taktikasi emas, himoya chizig‘idagi kadrlar muammosi ham sababdir. Ayni paytda darvozabondan tortib, qariyb barcha asosiy himoyachilar, xususan Romero, van der Veyn va Udojilarda jarohat bor.

Shu bilan birga, aynan o‘zi uchun qulay tempda o‘ynash uchun «Tottenhem»da resurslar yetarli emas. Yuqorida himoya chizig‘idagi nomlar sanaldi, shu bilan birga oldingi chiziqda ham deyarli bir xil futbolchilar qatorasiga bir necha o‘yinda maydonga tushib kelmoqda. Liga kubogida «Liverpul» «Sauthempton»ga qarshi o‘yinda bir qator yetakchi futbolchilariga dam berish imkoniyatiga ega bo‘ldi. «Tottenhem» esa aksincha, kuchliroq raqibga ro‘baru bo‘lgani uchun barcha yetakchilarini o‘ynatishga majbur edi. Buning ustiga Anjye bu mavsumda nihoyat biror sovrin yutishga va’da berib qo‘ygan. Darvoqe, jamoalar ushbu musobaqa yarim finalida qarshi o‘ynaydigan bo‘lishdi. Biz yanvar oyida ham «Tottenhem» va «Liverpul» o‘rtasida yana ikkita ajoyib bahs guvohi bo‘lamiz. Ha, bu raqiblar o‘rtasidagi har bir uchrashuv tomoshabop bo‘lishini nafaqat jamoalarning bugungi holati, balki statistika ham ko‘rsatib turibdi – oxirgi 7 o‘zaro o‘yinda har ikki jamoa ham maydonni golsiz tark etmagan. O‘tgan mavsum Londondagi o‘yin esa ko‘pchilikning yodidan ko‘tarilmagan bo‘lsa kerak. So‘nggi o‘ttiz daqiqada «Liverpul» ikki futbolchi kam bo‘lib harakat qilgan, shunda ham mezbonlar faqat hakam tomonidan qo‘shib berilgan oxirgi daqiqadagina g‘alaba golini urishga muvaffaq bo‘lgandilar.

Tarkibdagi yo‘qotishlar yuqorida aytilganidek, mezbonlarda ko‘proq. Nomlari tilga olingan himoyachilardan tashqari, Ben Devis, Verner, Odoberlarda ham jarohat bor. Rodrigo Bentankur esa ijtimoiy tarmoqlardagi xazili uchun diskvalifikatsiya o‘tashga davom etmoqda. «Liverpul» safida esa Ibraima Konate, hamda Konor Bredlilarda jarohat bor. Bredli mayli, ammo Konatening jarohati «Liverpul»ga muammolar tug‘dirmoqda. Xuddi «Liverpul»ning avvalgi raqiblari singari «Tottenhem» ham aynan shu nuqtaga urg‘u berishini kutish mumkin. Mezbonlarda buning uchun resurslar yetarli.

BOShQA O‘YINLAR

21 dekabr. Ipsvich – NYuKASL (20:00), Kristal Pelas – ARSeNAL (22:30), Jyenoa – NAPOLI (22:00), BAYYeR – Frayburg (22:30)

22 dekabr. ROMA – Parma (16:30), Everton – CheLSI (19:00), MYu – Bornmut (19:00), Volfsburg – BORUSSIYa D (21:30), ATALANTA – Empoli (22:00), Monsa – YuVeNTUS (23 dekabrga o‘tar kechasi, 00:45), Lans – PSJ (23 dekabrga o‘tar kechasi, 01:00). 

Mavzuga oid