O‘zbekiston | 15:00 / 27.12.2020
13023
10 daqiqa o‘qiladi

Utilizatsiya yig‘imi miqdori qayta ko‘rib chiqiladimi?

Import qilinadigan avtomobillardan utilizatsiya yig‘imini undirish bo‘yicha hukumat qarori qator murakkabliklarni keltirib chiqarmoqda. Bir guruh tadbirkorlar shu masalada Vazirlar Mahkamasining mas'ul xodimi bilan uchrashdi.

1 avgustdan O‘zbekistonga chetdan olib kiriladigan transportlarga aksiz solig‘i bekor qilingani ortidan xorijdan import qilingan avtomobillarning narxi sezilarli arzonlashishi kutilgan edi. Biroq Kun.uz'ga murojaat qilgan tadbirkorlarning aytishicha, xuddi shu sanadan kuchga kirgan Vazirlar Mahkamasining chetdan import qilinadigan transport vositalaridan utilizatsiya yig‘imini undirishni nazarda tutuvchi qarori tufayli ayni paytda qator murakkabliklar yuzaga kelmoqda.

16 dekabr kuni bir guruh tadbirkorlar hukumat qarori qabul qilingandan so‘ng yuzaga kelayotgan savollarga javob olish maqsadida Toshkentda to‘planishdi. Vazirlar Mahkamasining mas'ul xodimi tadbirkorlar bilan uchrashib, ularning savollariga javob berdi.

Oybek Qambarov, tadbirkor:

– Turizm yo‘nalishida faoliyat yuritaman. Sayyohlarga sifatli xizmat ko‘rsatish maqsadida xorijdan yuqori toifadagi transport vositalarini import qilishda qiyinchiliklar yuzaga kelayotgani bo‘yicha Turizmni rivojlantirish qo‘mitasi raisi Aziz Abduhakimovga bundan ikki oy oldin xat bilan murojaat qilganmiz. Qo‘mitadan bir xodim aloqaga chiqdi va biz aytgan masalani hal qilish ularning vakolatimizga kirmasligi, 347-qarorni Vazirlar Mahkamasi chiqargani, bu bo‘yicha barcha javobgarlik ularning bo‘ynida ekani, o‘sha yoqqa murojaat qilishimiz kerakligini aytdi.

Aslida prezident farmoni bilan turizm sohasida faoliyat yurituvchi korxonalarning chetdan avtomobil import qilishiga imtiyoz berilgan. Turizm firmalari faqat 15 foiz QQS to‘laydi, xolos. Lekin Vazirlar Mahkamasining 347-sonli qarori chiqib, imtiyozning barchasi bekor bo‘ldi va yangicha utilizatsiya yig‘imi joriy qilindi. Yaqinda bitta mashinaga o‘zimning firmam 70 mln so‘m miqdorida utilizatsiya yig‘imi to‘ladi.

Yo‘ldosh Ismoilov, Vazirlar Mahkamasining elektrotexnika va avtosanoatni rivojlantirish yo‘nalishi bo‘yicha mas'ul xodimi:

– Agar olib kirilgan mashina yangi bo‘lganda to‘lov 3 barobar kamroq bo‘lardi. Shuni unutmang. Siz bir necha yil oldin ishlab chiqarilgan va oldin foydalanilgan avtomobil olib kirgansiz.

Oybek Qambarov:

– Yangi mashina bo‘lsa ham shu miqdordagi yig‘im chiqadi.

Ravshan Abdullayev, tadbirkor:

– Bizni qiziqtirgan yana bir savol: nimaga asosan bu stavka miqdori kelib chiqdi? Biz ham boshqa davlatlardagi utilizatsiya yig‘imlari miqdorini o‘rgandik. Rossiyada utilizatsiya yig‘imi 50/50 shaklida to‘lanarkan. Ya'ni yarmini hukumat, yarmini mulkdorning o‘zi to‘lar ekan. Dalillarimiz bir-biriga qarama-qarshi bo‘lgani uchun siz bunday emasligini isbotlab bersangiz.

Vazirlar Mahkamasi mas'ul xodimi utilizatsiya yig‘imi miqdori jahon tajribasidan kelib chiqib belgilangani, tegishli vazirlik, idoralar bilan kelishilib, xulosasi olinganini ma'lum qilib, utilizatsiya yig‘imi miqdorlari nimaga asosan belgilab chiqilgani bo‘yicha so‘rovlarga yozma murojaat asosida javob berilishini ma'lum qildi.

Yo‘ldoshevning ta'kidlashicha, «UzAuto MOTORS» ham, «Hyundai» ham, «Volkswagen» ham utilizatsiya yig‘imini to‘lamoqda. Biroq tadbirkorlar uning fikriga qo‘shilishmadi, o‘zlaridagi ma'lumotlar buning aksini ko‘rsatayotganini aytishdi.

Oybek Qambarov:

– Rasul Kusherbayev boshchiligida bir guruh deputatlar Bojxona va Soliq qo‘mitalariga deputatlik so‘rovi kiritishdi. Shu masala bo‘yicha. Lekin javob bu davlat siri bilan bog‘liqligini bahona qilib, oshkor qilishmadi. «UzAuto MOTORS» davlat tashkiloti bo‘la turib uning soliq bo‘yicha siyosati qanaqasiga davlat siri bo‘lishi mumkin? Xulosamiz shunday bo‘ldiki, ushbu korxona utilizatsiya yig‘imini to‘lamayapti.

Agar to‘lashganda avtomobillarning amaldagi narxi ustiga qo‘shgan bo‘lardi. Narxda o‘zgarish yo‘q. Keyin deputatlarning so‘roviga bunday javob kelgandan keyin xulosamiz ular utilizatsiya to‘lamayapti. Vazirlar Mahkamasining 2020 yil 29 oktyabrdagi 665-sonli qarori bilan ba'zi avtomobillar utilizatsiya yig‘imidan ozod qilindi. Nima sababdan?

Yo‘ldosh Ismoilov:

– Bu savolga men javob bera olmayman. [Vazirlar Mahkamasining 2020 yil 2 iyundagi 347-son qarori bilan tasdiqlangan ilovaga] o‘zgartirishni men kiritmaganman.

Oybek Qambarov:

– 347-sonli qaror bo‘yicha javob berasizmi? Unda ayting-chi, buldozerlar, avtogreyderlar nima uchun utilizatsiya yig‘imini to‘lashdan 100 foiz ozod qilinyapti?

Yo‘ldosh Ismoilov:

– Sardoba, Buxoroda bo‘lgan voqealar sabab qurilish texnikalariga imtiyoz ko‘zda tutilgan.

Yo‘ldosh Ismoilov

Oybek Qambarov:

– Lekin ekskavatordan undirilyapti-ku, u ham qurilish texnikasi-ku?

Yo‘ldosh Ismoilov:

– Ishlab chiqarilganiga 3 yildan oshgan ekskavatorlardan undirilmoqda. Yangisiga yo‘q-ku.

Ravshan Abdullayev:

– Hali Amerika, Yevropada yuz foiz tatbiq qilinmagan narsalar O‘zbekistonga yuz foiz talab qilingani ozgina mantiqqa to‘g‘ri kelmaydi.

Yo‘ldosh Ismoilov:

– Bu fikringizga qo‘shilmayman, bu narsa chet elda ham bor. To‘g‘ri, u yerda subsidiyalangan mexanizmlar juda ko‘p. Ayni payda yangi qaror loyihasi hukumatga kiritilgan. Unda subsidiyalash mexanizmlari ko‘zda tutilgan. Utilizatsiya yig‘imi sifatida sizlardan yig‘ib olingan pul qanday sarf-xarajat qilinishi yangi qarorda belgilanmoqda. Ya'ni buning mexanizmlarini joriy etish boshlanyapti. Bugun utilizatsiya yig‘imini to‘ladingizmi, ertaga yangi mashina olishga borganda, sizlarda subsidiya paydo bo‘ladi.

Ravshan Abdullayev:

– Tizimga nisbatan qarshiligimiz yo‘q. Utilizatsiya masalasi ekologiyamizga, kelajak avlodimizga foydali. Lekin utilizatsiya yig‘imi miqdorlari Shveytsariyadagidan ham baland. Mana shu muammo.

Sobir Shermuhammedov, tadbirkor:

– Aytyapsizki, ma'lum tashkilotlar bilan kelishgan holda Vazirlar Mahkamasi qarori chiqadi. O‘sha muassasalar yig‘im, boj, soliq to‘lovchi emas. ya'ni chiqarayotgan qaroringiz bizga tegishli. Tadbirkorlar bilan nega maslahat qilmaysizlar shu narsani? Qonun chiqadi-da, uning monitoringi yo‘q. Agar to‘g‘ri qaror chiqqanda, xalqqa foydali bo‘lganda, tadbirkorlarni rivojlantirishga ishlaganda edi, biz bu yerda turmagan bo‘lardik.

Sobir Shermuhammedov

Vazirlar Mahkamasi tadbirkorlarning e'tirozlariga javoban ilgari xorijdan olib kelinadigan transport vositalaridan undiriladigan aksiz solig‘i miqdori utilizatsiya yig‘iminikidan baland bo‘lgani, chetdan kirib kelayotgan transportlarning narxini arzonlashtirish uchun ushbu soliq bekor qilinganini sabab qilib keltirdi.

Tadbirkorlar mutasaddidan Vazirlar Mahkamasining 2020 yil 2 iyundagi 347-sonli qarori nima uchun jamoatchilik muhokamasiga qo‘yilmaganini so‘rashdi. Mas'ul xodim bu bo‘yicha yozma murojaat qilgan shaxslarga rasmiy javob berilishini aytib, javob berishdan o‘zini olib qochdi.

Oybek Qambarov «Tabiatni muhofaza qilish to‘g‘risida»gi, «Chiqindilar to‘g‘risida»gi qonunlarda utilizatsiya yaroqsiz, iste'mol muddati tugagan avtomobillarga solinishi aytilgani, biroq Vazirlar Mahkamasi qarori qonunosti hujjat hisoblanishi, u qonundagi normadan farqlanmasligi kerak bo‘lsa-da, utilizatsiya yig‘imiga doir hukumat qarori qonun normasiga zid ekanini aytdi. Yo‘ldosh Ismoilov bu savolga ham yozma ravishda javob berishini, avval qonunlarni yana bir bor o‘rganib chiqishi kerakligini ta'kidladi.

Yo‘ldosh Ismoilov:

– Men javob berishdan qochayotganim yo‘q. Har bitta pozitsiya bo‘yicha qayerdan buncha summa kelib chiqqaniga yozma javob beramiz. Utilizatsiya yig‘imi miqdorini o‘zimizcha belgilamaganimizni asoslab javob beramiz. Bizga ham qaror loyihasi vazirlik va idoralardan kelib tushadi. To‘g‘ri, qarorlarni qabul qiladigan organmiz. Lekin mana sizda e'tiroz paydo bo‘lyaptimi, demak buni qanaqadir takomillashtirish kerak.

Vazirlar Mahkamasi mas'ul xodimi barcha mutasaddi vazirlik va idoralarning vakillari bilan birgalikda tadbirkorlar bilan uchrashuv tashkillashtirilishi, ushbu uchrashuvda barcha muammoli masalalar ko‘rib chiqilishini ma'lum qildi. U tadbirkorlardan hukumatning 347-sonli qarori yuzasidan barcha e'tirozlarini asoslantirgan holda qog‘ozga tushirishlari va muloqotga tayyor holda kelishlarini so‘radi. U mazkur uchrashuvda 347-sonli qarorni ishlab chiqish jarayonida ishtirok etgan barcha mutaxassislar, soha bo‘yicha aloqador vazirlik va idoralarning vakillari tadbirkorlarning barcha savollariga javob berishlarini, shu bilan bu mavzu qayta ochilmasligini ta'kidladi.

Vazirlar Mahkamasi mas'ul xodimi va tadbirkorlar uchrashuvida bir qator savollar ochiq qoldi. Ayrimlariga navbatdagi uchrashuvda javob berilishi ma'lum qilindi. Aslida mutasaddilarning «ko‘zlari ko‘r, quloqlari kar» maqomida ish tutishmagani tadbirkorlarni qiynayotgan muammolarga quloq tutishganining o‘zi bu borada tashlangan katta qadam. Umid qilamizki, konstruktiv ruhdagi bunday muloqotlar davom etadi va ro‘y-rost ko‘rinib turgan muammolarga birgalikda yechim topiladi.

Jamshid Niyozov, Kun.uz muxbiri
Tasvirchi: Mirvohid Mirrahimov

Mavzuga oid